“Oliy matematika”    

    Uch jilddan iborat darsligi Samarqand davlat universiteti olimlari tomonidan yaratilganidan xabaringiz bormi?

    Samarqand davlat universiteti professorlari Ahmadjon Soliyev Abdurasul G‘oziyev, Mamadiyor Yaxshiboyev, dotsent Abduxoliq Arziqulovlar hammuallifligida nashrdan chiqqan mazkur darslik asosan tabiiy va muhandis-texnik sohalarining barcha yo‘nalishlaridagi bakalavriat talabalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda oliy matematikaning nazariy asoslari yoritilgan.

    Oliy matematika kursi o‘zi nima, uning boshlang‘ich matematikadan qanday farqlari bor? kabi savollar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy. Aslida oliy matematika o‘rta va oliy taʼlim muassasalarida o‘qitiladigan kurs bo‘lib, o‘z ichiga dastlab oliy algebra va matematik tahlil kabi sohalarni qamrab olardi.  XX asr 70-yillariga kelib unga matematik statistika, ehtimollar nazariyasi, chiziqli dasturlash va boshqa sohalar ham qo‘shilgan. Baʼzan, matematikaning o‘rta maktab dasturiga kiritilmagan qismiga nisbatan oliy matematika termini qo‘llaniladi. Ammo o‘rta maktab matematika darsliklariga matematikaning ko‘p sohalari, jumladan, analitik geometriya, matematik analiz, ehtimollar nazariyasining maʼlum qismlari kiritilgan. Oliy matematika texnika, iqtisod, qishloq xo‘jaligi va boshqa maxsus o‘quv yurtlarida o‘qitiladigan matematika bo‘limlaridan iborat kurs bo‘lib,  analitik geometriya, oliy algebraning ayrim bo‘limlari, differensial hisob, integral hisob va differensial tenglamalarni o‘z ichiga oladi.

    «Oliy matematika» darsligi oliy matematikaning yuqorida keltirilgan bo‘limlariga bag‘ishlangan bo‘lib, birinchi jildda chiziqli va vektor algebra elementlari, tekislikda va fazoda  analitik geometriya hamda funksiyalar va ularga xos xususiyatlarning matematik tahlili yoritilgan. Darslikning ikkinchi jildidan funksiya va integrallar nazariyasiga doir tushuncha va amaliy bilimlar, uchinchi jilddan differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika o‘rin olgan. Bundan tashqari talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlar jarayonlari va o‘quvchilar bilimini nazorat qilish uchun  topshiriqlar, mustaqil va nazorat ishlari, namunaviy hisob topshiriqlari, laboratoriya ishlari tashkil qilishga kerakli bo‘lgan tushunchalar ham keltirilgan. Shuningdek, darslikning har bir boblarida mavzularning nazariy qismi, uni mustahkamlash uchun o‘z-o‘zini tekshirish savollari, amaliy mashg‘ulotlar uchun misol va masalalar, mustaqil bajarish uchun yozma ishlar materiallari ham berilgan.

    Buyuk ajdodimiz Muso al-Xorazmiy asos solgan algebra fanining tub ildizlari Sharqda, aynan bizning o‘lkamizda shakllanganini bugun butun dunyo tan oladi. Sharq allomalaridan Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Mirzo Ulug‘bek, Nasriddin Tusiy kabilarning algebra, geometriya va trigonometriya sohalarida qilgan ishlari Yevropa matematik olimlarining ham diqqatini jalb qilgan. Akademik Qori Niyoziy boshlab bergan oliy matematikaning analitik geometriya, matematik tahlil va differensial tenglamalar bo‘limlariga bag‘ishlab o‘zbek tilida darslik yaratish ishlarining o‘ziga xos davomchisi bo‘lgan mazkur kitob matematika fani rivojiga yana bir tamal tosh qo‘yishi shubhasiz.

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.