Meros ochilganidan keyin meros obyektini qabul qiluvchi vorisning ham vafot etishi natijasida unga vasiyat yoki qonun bo‘yicha tegishli bo‘lgan ulush taqdiri nima bo‘ladi degan masala har bir merosxo‘rni qiziqtirishi tabiiy albatta? Qonunchilikda bu masalada quyidagicha yechim mavjudligini aytish o‘rinli. Maʼlumki, vorislikning vujudga kelishi asoslari yo vasiyat yoki qonun bo‘yicha amalga oshiriladi. O‘z navbatida qonun bo‘yicha vorislikning bir turi meros transmissiyasi hisoblanadi. Meros transmissiyasi tartibida vorislik vasiyatnoma yoki qonun bo‘yicha vorislikka chaqirilgan merosxo‘r (transmittent) meros ochilganidan keyin, lekin uni qabul qilib olishga ulgurmasdan vafot etgan hollarda qo‘llaniladi. Masalan, Ahmad vasiyat bo‘yicha merosxo‘r hisoblanadi. Uning otasi G‘anisherdan vasiyat bo‘yicha olishi kerak bo‘lgan merosni qabul qilmasdan Ahmad vafot etgan taqdirda meros tranmissiyasi vujudga keladi, yaʼni meros mulkining Ahmadning qonuniy merosxo‘rlariga o‘tishi  vaziyati tug‘iladi.

    Bunday hollarda Ahmadga tegishi kerak bo‘lgan merosni qabul qilib olish huquqi uning qonun bo‘yicha merosxo‘rlariga, agar Ahmadga tegishli barcha meros mol-mulk vasiyat qilingan bo‘lsa, uning vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlariga (transmissarlariga) o‘tadi.

    Meros transmissiyasi quyidagi shartlarda vujudga keladi:

    - meros ochilgan paytda vorislik huquqiga ega bo‘lgan vasiyat yoki qonun bo‘yicha merosxo‘rning borligi;

    - vasiyat yoki qonun bo‘yicha merosxo‘r merosni qabul qilib olishga ulgurmasdan vafot etganligi sababli uning merosdagi ulushi taqdirini hal qilish zarurati paydo bo‘lganligi;

    - vafot etgan merosxo‘r uning merosxo‘rlari bilan almashtirilishi mumkinligi.

    Xulosa qilganda, meros transmissiyasi - vasiyat yoki qonun bo‘yicha potensial merosxo‘rning vafot etishi natijasida unga tegishli merosni qabul qilib olish huquqining uning merosxo‘rlariga o‘tishini taʼminlaydigan fuqarolik huquqining institutidir.

 

Akmaljon G‘ulomov

Samarqand davlat universiteti

huquqshunoslik va huquq taʼlimi kafedrasi dotsenti