Samarqand davlat universiteti va Fransiyaning Puate universiteti hamkorlik aloqalari o‘rnatildi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga Fransiyaning Puate universiteti Markaziy Osiyo oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha koordinatori Licha Bajini boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘limi koordinatori Muxtor Nosirov bilan olib borilgan muzokaralarda ikki taraflama hamkorlikni yanada kengaytirish, mavjud aloqalarni yanada kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
- Samarqand davlat universiteti Osiyoning eng qadimiy va nufuzli oliy o‘quv yurtidir, - deydi Licha Bajini. – Yana bir bizni bog‘lab turadigan tarafi shundaki, Samarqand davlat universitetiga 1420-yilda asos solingan bo‘lsa, bizning universitetimiz 1431-yilda tashkil etilgan. Bu ham ikki universitet o‘rtasida iliq munosabatlarning shakllanishiga xizmat qiladi. Hozirda biz talabalarda fransuz tili ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan kelishuvga erishdik. Hamkorligimizning keyingi bosqichlarida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borishni rejalashtirganmiz.
Shuningdek, SamDU roman-german tillari kafedrasi fransuz tili o‘qituvchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Talabalar uchun mahorat darsi tashkil etildi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.