Samarqand davlat universiteti: Akademik va yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti tarix fakultetida tarix fanlari doktori, akademik Dilorom Yusupova bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tarix fakulteti tarixshunoslik va manbashunoslik kafedrasi o‘qituvchilari va talabalar qatnashdilar. Salkam 60 yildan buyon sharq mualliflarining qo‘lyozma asarlari tadqiqi bilan shug‘ullanib kelayotgan olima sharq xalqlarining yozma merosini manbali o‘rganish, tarixiy qo‘lyozmalar bilan ishlash, nodir qo‘lyozmalardan nusxa olish va sharq qo‘lyozmalarining litografik nashrlari ilmiy tavsifi masalalari yuzasidan bildirgan fikrlari talabalar uchun nihoyatda foydali bo‘ldi.
Akademik Dilorom Yusupovaning Samarqand davlat universiteti tayanch kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozmalar katalogini yaratish bo‘yicha bildirgan amaliy taklifi manbashunoslikning nodir namunalari muhofazasi sohasida muhim qadam bo‘ldi, deyish mumkin.
Shuningdek, olib borilgan savol-javob, munozaralar talabalar uchun sharq manbashunosligi tarixi haqidagi savollarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri akademikdan javob olish imkonini yaratdi.
– Bugungi uchrashuv men uchun taassurotlarga boy bo‘ldi, - deydi tarix fakulteti talabasi Jamshid Ochilov, - taniqli akademik Dilorom Yusupovadan juda ko‘p foydali narsalarni o‘rgandim. Uchrashuv davomida olimaning aytgan har bir gapini yozib borishga harakat qildim. Sababi, u kishi uzoq yillik tadqiqotlari natijalari va uning jahon ilm-fani tarixidagi ahamiyati haqida, shuningdek, dunyoning mashhur muzeylarida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalar haqida qimmatli ma’lumotlarni aytib o‘tdilar. Xususan, Londonning Britaniya muzeyida saqlanayotgan sharq qo‘lyozmalarining toshbosma nusxalari, mashhur tarixchilar Mirxond hamda Xondamir asarlarining nodir nusxalari haqidagi ma’lumotlar men uchun yangilik bo‘ldi.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.