Ozoda Inoyatillo Samarqand davlat universiteti fizika fakulteti 1-bosqich talabasi. U Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro UNICEF jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “UniSat” loyihasining final bosqichida ishtirok etgan o‘zbekistonlik 20 nafar qizdan biri bo‘ldi.

    UniSat – Birlashgan Millatlar Tashkilotining UNICEF jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Al-Forobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti tomonidan tashkil etilgan ta’lim dasturi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad ilm sohasidagi qizlarning faolligini oshirish, fan-texnika, kosmik texnologiyalar va ta’limda gender tenglikni ta’minlash, qizlarning nanoyo‘ldoshlar yaratish sohasidagi bilim va malakalarini rivojlantirish, shuningdek, jamoada ishlash va ijodkorlik kabi ko‘nikmalarni oshirishdan iborat. Ushbu dastur Dubayning “Dubai Cares” xalqaro jamg‘armasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

    - “UniSat” loyihasi ilm-fandagi qizlar uchun bilim va ko‘nikmalarini oshirishda juda katta imkoniyat - deydi Ozoda Inoyatillo, - Noyabr oyida dasturning 4 oylik o‘quv kursiga tanlov e’lon qilingani haqida xabar topdim va hujjat topshirdim. Shundan so‘ng o‘quv kursida o‘qitish uchun saralab olingan 300 nafar qiz qatorida fizika, astronomiya, kosmik texnologiya va 3D modellashtirishni o‘rgana boshladim. Har bir mashg‘ulotdan so‘ng bizga uy vazifalari berib borilar va biz berilgan topshiriqlarni bajarishimizga qarab baholanardik. Kurs yakunidagi imtihon natijalari va o‘qish davomida olgan baholarimizga qarab 300 nafar ishtirokchi qizlar ichidan 20 tasi final uchun saralab olindi. Ular orasida mening ham borligim juda quvonarli hol bo‘ldi. Final bosqichi 2022-yilning 20-30-mart kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida o‘tkazildi. Unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻizistondan jami 150 dan ortiq qizlar ishtirok etdi. 10 kun davom etgan seminarda tegishli mutaxassislardan kosmik kemalarni loyihalash, dasturlash va yig‘ish, 3D modellashtirishni o‘rgandik. Mashg‘ulotlar davomida olgan bilimlarimizni amaliyotda qo‘llab, ustozlar rahbarligida 3D modellashtirish yordamida nanoyo‘ldosh korpuslarini ishlab chiqdik. O‘tkazilgan bir nechta tajribalardan so‘ng nanoyo‘ldoshlardan uchtasini stratosferaga uchirdik va dastlabki tajribalarni amalga oshirdik. Ushbu loyiha men uchun o‘ziga xos tajriba va mahorat maktabi bo‘ldi. Juda ko‘p yangi narsalarni o‘rgandim. Sarhisob qismida loyihaning eng yosh ishtirokchisi sifatida e’tirof etildim. Endilikda jamoadoshlarim bilan birga nanoyo‘ldosh yaratish texnologik tajribasini yurtimizda ham joriy qilib, “UniSat”ning navbatdagi mavsumini O‘zbekistonda tashkil etmoqchimiz. 

    Ma’lumot uchun, bugungi kunga kelib nanoyo‘ldoshlar dunyoning ko‘plab yetakchi universitetlari va tijorat tashkilotlarida ishlab chiqilmoqda. Kichik kosmik kemalar sinfiga kiruvchi nanoyo‘ldoshlarning og‘irligi 10 kilogrammgacha bo‘lib, bir nechta kameralar bilan jihozlangan bo‘ladi. Ulardan biri Yerning 4K o‘lchamdagi elliptik tasvirini olishga qodir. Ushbu kamera orqali nanoyo‘ldosh uchish vaqtida Yer va fazoning yuqori aniqlikdagi tasvirlarini suratga muhrlaydi. Shuningdek, maxsus o‘rnatilgan sensorlar radiatsiya, bosim, tortishish, yorug‘lik va havo tarkibi haqidagi ma’lumotlarni to‘playdi hamda olingan ma’lumot, video va tasvirlarni tahlil qilish uchun Yerga uzatadi.  “UniSat” dasturi doirasida yaratilgan nanoyo‘ldoshlarning afzallik tomoni shundaki, u havo tarkibini yuqori aniqlikda tekshiradi.

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.