Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakultetida joriy yilning 25 aprel sanasida “Oliy ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya darslarini sport to‘garaklari shaklida tashkil etish holati va yanada takomillashtirish yo‘llari” mavzusida ilmiy-nazariy seminar o‘tkaziladi.

    Mazkur seminar Samarqand davlat universiteti fakultetlararo jismoniy madaniyat kafedrasi va O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Samarqand filiali hamkorligida tashkil etiladi. Unda oliy ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya darslarining sport to‘garaklari shakliga o‘tkazilishi jarayonida erishilgan yutuq va kamchiliklar, yuzaga kelayotgan muammolar hamda ularning yechimlarini hal qilish yo‘llari, sport murabbiylarini tayyorlash tizimidagi kamchiliklar, talaba yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport ommaviyligini keng targ‘ib etish yo‘llari xususida davra suhbati bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, seminarda boshqa universitetlar jismoniy tarbiya kafedrasi mudirlari, sport klubi raislari, jismoniy tarbiya va sport mutasaddilari ham ishtirok etishi belgilangan.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.