Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti o‘qituvchi va talabalari tomonidan 60-son ixtisoslashtirilgan ko‘zi zaif ko‘ruvchi bolalar maktabida “Maftunkor ranglar jilosi” nomli san’at ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Bundan asosiy maqsad, o‘quvchi yoshlarni tasviriy san’atga qiziqtirish va ularning iqtidorini namoyon etishdir.

    - Bugungi san’at ko‘rgazmasizda 50 dan ortiq rang-tasvir, qalamtasvir, grafika, 40 dan ortiq amaliy san’at ko‘rgazmasi bilan ishtirok etyapmiz, - deydi san’atshunoslik kafedrasi o‘qituvchisi Samandar Muranov. – Asosiy e’tiborimizni maktab o‘quvchilarining san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratganmiz. Ko‘rib turibmizki, ijodkor, iqtidorli o‘quvchilar talaygina. Ajab emas, ushbu maktabdan mohir rassom va ijodkorlar yetishib chiqsa. Oldimizda bu kabi ko‘rgazmalarni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yishni maqsad qildik.

    - Bugun maktabimizda quvonchli kun. Samarqand davlat universiteti o‘qituvchilari va talabalari tomonidan o‘tkazilayotgan san’at ko‘rgazmasidan nafaqat o‘quvchilar, balki biz o‘qituvchilar shodmiz, - deydi Sanobar Botirova. – Bolalarning xursandchiligi san’atga bo‘lgan qiziqishidan dalolat beradi. Bu kabi ko‘rgazmalarning tashkil etilishi o‘quvchilarning san’atga bo‘lgan muhabbatini yanada oshirishga  xizmat qiladi.

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat Akramov olgan suratlar.