Samarqand davlat universiteti geografiya-ekologiya fakulteti ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi dotsenti Leyla Belyalova bilan suhbat

    Leyla Belyalova, biologiya fanlari nomzodi, Samarqand davlat universiteti ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi dotsenti, Zarafshon davlat qo‘riqxonasi katta ilmiy xodimi, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) ishchi guruhi a’zosi. 2018-yilda BBС tomonidan tuzilgan “Dunyoning eng nufuzli 100 ayoli” ro‘yxatiga kiritilgan.

    - Ilm sohasini tanlashingizga asosiy sabab nima va hozirgi kunda qaysi mavzuda ilmiy faoliyat olib boryapsiz?

    - Bolaligimda shifokor bo‘lishni orzu qilardim. Ammo keyin biologiya sohasiga qiziqishim ortdi va biologiya fakultetiga o‘qishga kirdim. Bizga Sagitov Abdulla Kiyamovich dars berardi. Ustoz bizni turli ilmiy ekspeditsiyalarga, amaliyotlarga olib borar, ana shunday tajribalarda ishtirok etib, ularning saboqlarini tinglab fanga qiziqishim tobora ortib bordi. Asosiy ilmiy faoliyatim ornitologiya, ya’ni qushlarni o‘rganish.

    Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qushlar hayoti va ekologiyasini o‘rganish uchun ornitologik hududlar tashkil qilingan, ularda qushlar hayotini ilmiy tadqiq qilish ishlari amalga oshiriladi.  Yurtimizda ham mana shunday hududlar barpo etishga ehtiyoj bor. Shuning uchun O‘zbekistonda ornitologik hududlar barpo etish bo‘yicha Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqiga tashabbus bilan chiqdim. Shundan so‘ng ittifoq ko‘magida “O‘zbekistonning eng muhim ornitologik hududlari” xalqaro loyihasi tashkil etildi va unga O‘zbekistondagi ekologik dasturlar koordinatori etib tayinlandim. Ushbu loyihaning maqsadi qushlarning yashash joylarini  aniqlash, ularning tarqalishi, qishlash joylari, ozuqa manbaini tadqiq etish, kamayib borayotgan qushlar populyatsiyasi sabablarini o‘rganish, qushlarni muhofaza qilishdan iborat. Loyihaga yosh tadqiqotchilarni jalb etish maqsadila beshta talabalar klubi tashkil etildi. Bu klublardan biri “Flamingo” ga rahbar etib tayinladim. Shuningdek, “Zarafshon” ekologik tashkilotida rais o‘rinbosari, “O‘zbekiston ekoforum ekotashkiloti”da konferensiyalar o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik komissiyasi a’zosi bo‘lib ham ishlaganman. Bir nechta xalqaro va mahalliy ekologik tashkilotlarda faoliyat olib bordim. U yerdagi rahbarlik faoliyatim davomida bir qancha ilmiy, ta’limiy ekologik dasturlar ishlab chiqdik.  Xususan, “O‘zbekiston asosiy ekotizimlarining bioxilma-xilligini saqlash va barqaror foydalanish  mexanizmlarini ishlab chiqish”, “Nogironligi bo‘lgan bolalarni ekologik madaniy tadbirlar orqali jamiyat bilan integratsiyalash”, “Zamonaviy shaharda qattiq maishiy chiqindilar muammolari va ularni hal etish yo‘llari”, “O‘zbekistonda jamoatchilik ekologik nazorati sohasida ekologik nodavlat notijorat tashkilotlarining kasbiy darajasini oshirish”, “Qishloq aholisi salomatligi uchun zarur dorivor o‘simliklar” kabi loyihalar shular jumlasidandir.

    Shu bilan bir qatorda, G‘arbiy Tyan-Shan tizmasining ornitologik bioxilma-xilligini saqlash bo‘yicha Markaziy Osiyo transchegaraviy loyihasi, “Xalqaro suv va botqoqlik qushlarini ro‘yxatga olish – yer yuzidagi eng yirik biologik xilma-xillik monitoring dasturi” “Butunjahon ekologik aksiyasi”, “Sprig alive”, “World Migratory day” kabi xalqaro dasturlarda ham qatnashdim. Germaniya, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlarda malaka oshirish bo‘yicha treninglar va o‘quv seminarlarida ishtirok etdim. 2017-yilda “Birdlife International” xalqaro tabiatni muhofaza qilish tashkiloti tomonidan “Nature Hero’s” (Tabiat qahramoni) xalqaro mukofotiga loyiq ko‘rildim. 2018-yilda “Yil ayoli” Respublika tanlovida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Xuddi shu yili BBS talqini bo‘yicha “Dunyoning eng nufuzli 100 ayoli” ro‘yxatiga kiritildim. Ushbu ro‘yxatga kirishim men uchun juda kutilmagan voqea bo‘ldi.

    - Katta yo‘l ostonasida turgan odamga bir qadam kifoya qiladi. Ilk qadamingiz haqida nimalar deya olasiz?

    - Bakalavriatni tugatishda yozgan “O‘zbekistonda qushlar tarqalishi va ekologiyasi” mavzusidagi diplom ishim e’lon qilingan zahoti dunyoning nufuzli ilmiy jurnalida bosilgach, o‘zimga bo‘lgan ishonchim yana bir karra mustahkamlandi. O‘z oldimga bundan ham yuksak maqsadlar qo‘yib, ular tomon dadil harakat qilishni boshladim. Bu yo‘lda ustozlarimning saboqlari, maslahatlari, ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlari bilan bugungi muvaffaqiyatlarim poydevorini qo‘ydim.

    - Ayol kishiga hayotda o‘z o‘rnini topa olishi uchun kerak bo‘lgan asosiy omil?

    - Hayotda o‘z o‘rnini topishda, avvalo, maqsad va unga qat’iyat bilan qilingan harakat bo‘lishi kerak. Yana bir narsani alohida ta’kidlashim joizki, ayol kishi hamisha qo‘llab quvvatlanishga muhtoj bo‘ladi. Shuning uchun har qaysi holatda bo‘lmasin, uni qo‘llab-quvvatlash shart.

    - Shogirdlaringiz bormi? Shogird tanlashda qanday talab va mezonlar qo‘yasiz?

    - Shogirdlarim ko‘p. Talabalar klubidagi har bir talaba mening shogirdim. Ulardan ko‘pchiligi ayni paytda ilmiy tadqiqot ishlarini davom ettirishmoqda. Ayrimlari Zoologiya institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlaydi. Shogirdlarimning har birini o‘z farzandimday ko‘raman. Ular har doim menga tayanch bo‘lishadi. Shogird tanlashda qat’iy talablarim yo‘q. O‘ziga nisbatan ishonchi bo‘lgan ziyrak talabalar bilan qiynalmay ishlayman.

    - Biror masalada shogirdlaringizdan o‘rgangan paytingiz bo‘lganmi?

    - Albatta bunday holat menda ko‘p bo‘lgan. Men shogirdlarimning har biridan nimanidir o‘rganishga harakat qilaman.

    - Armoningiz bormi?

    - Armonim bor. Men butun hayotimda nimagadir erishish uchun nimadandir voz kechish kerak, degan yo‘nalishda yashadim va bu yo‘lda muhim narsalarni boy berdim. Ammo endi bildimki, inson hayotdagi barcha vazifalarini baravar olib borish kerak ekan.

    - Ayollar albatta o‘qishi kerak bo‘lgan uchta kitob.

    - Albatta hammaning o‘z qiziqishlari bo‘ladi. Men “aynan bu kitobni o‘qing” deyolmayman. Ammo o‘qigan kitoblarim orasidan o‘zimga yoqqanlarini aytib berishim mumkin.

  1. Deyl Karnegining barcha asarlari
  2. Margaret Mitchel “Shamollarda qolgan hislarim”
  3. Ertaklar. Har bir ayol, har bir ona albatta ertak o‘qishi kerak. Ularda hikmat ko‘p. Yaxshigina ibrat olsa bo‘ladi.

    Oxirgi marta qachon yig‘ladingiz?

  • Yaqinda “Romeo va Juletta” filmining yangi variantini ko‘rdim. O‘sha paytda yig‘ladim.

    - Bu hayotdan izlaganlaringizni topa oldingizmi?

    - Ilmda topilishi kerak bo‘lgan narsalar juda ko‘p. Shuning uchun hamon izlanib yashayman. Hayotda esa nimanidir izlab yashash kerak emas, degan fikrdaman. Insonlar hamisha nimanidir qidirgani-qidirgan. Yaxshi ishi, oilasi, uy-joyi bo‘lsa-da, nimadir yetishmayotgandek tuyilib, o‘sha narsani topish istagi bilan yashashadi. Bu istak ularga hech halovat bermaydi. Bu noto‘g‘ri narsa. Men hayotimda biror narsaning ketidan quvib yashamayman. Umr insonga bir marta beriladigan ne’mat. Biz odamlar esa butun umr mol-davlat, shon-shuhrat yig‘ish bilan band bo‘lib, yashashning asl mazmunini unutib qo‘ymoqdamiz. Kimga qanday bilmadimu, men uchun insondan qoladigan xotira va taassurot birinchi o‘rinda turadi. Shuning uchun bo‘sh vaqtimni yaqinlarimni ziyorat qilishga, dunyoning turli mamlakatlariga sayohat qilishga sarflayman. Opa-singillarim turli davlatlarda yashaydi. Har yili ularni ko‘rishga borib turaman.

    - O‘tgan umringiz davomida oldingizga qo‘ygan barcha maqsadlaringizga erisha oldingizmi, nimalarga ulgura olmadingiz?

    - Maqsadlarimning barchasiga erisha oldim deyolmayman. Ammo bugungi erishganlarim jamiyatda o‘z o‘rnimni topishimga yo‘l ochdi. Ulgura olmagan orzularimga kelsak, ko‘proq sayohat qilishni yaxshi ko‘rganim bois, Avstraliya va  Amerikaga borish, u yerning noyob tabiatini o‘rganish bilan bog‘liq maqsadimga hali erisha olganim yo‘q.

    - O‘z-o‘ziga yomonlik qilish deganda nimani tushunasiz?

    Vaqtni qadrlamaslik – o‘z-o‘ziga yomonlik qilish. Hamma narsani qaytarish mumkin, ammo vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaydi.

    - Hayotni tasvirlab berish kerak bo‘lsa, uni nimaga o‘xshatgan bo‘lardingiz?

    Menimcha hayot qiyinchiliklarni yengishdan iborat qiziqarli sayohat.

    - Ilm-fan yo‘lidan ketish umidida bo‘lgan xotin-qizlarga, yosh ayol tadqiqotchilarga qanday maslahat va tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

    - Ilm yo‘lida turgan odamga birinchi o‘rinda maqsad qo‘yish muhim. Ilmiy ish bilan hayotni baravar olib borishni bilishi kerak. Shaxsiy hayotni deb ishni, ish deb shaxsiy hayotni tashlab qo‘ymaslik kerak. Hozir olima ayollar uchun juda katta imkoniyatlar bor. Shunday qilish kerakki, ilmingiz hayotga, maishiy ishlar ilmga xalaqit bermasin. Farzandlar aziyat chekmasin. To‘g‘ri, bu yo‘lda qiyinchilik bo‘lishi tabiiy. Shaxsan o‘zim shu kungacha juda ko‘p qiyinchiliklarga duch kelganman. Ammo ilm-fan – bu mening hayotim. Unga umrimni bag‘ishladim. Demak, uning mashaqqatlariga bardosh berishga majburman. Ruhimni ham bunga tayyorlab kelaman. Bilasiz, ilmiy ekspeditsiyalar yuzasidan juda ko‘p joylarga borishga to‘g‘ri keladi. Mening soham tog‘ tizmalari tabiati bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun, O‘zbekistonning tog‘li hududlarida ko‘p bo‘lganman. Bir gal universitetning bitiruvchi kurs talabalari bilan Jizzaxga ekspeditsiyaga bordik. Tog‘lar orasida uy-joy yo‘q, hech kim yashamaydi. Qulayroq joy topib, palatkalar o‘rnatdik. Tajriba ancha vaqt davom etdi. Tugashiga ikki-uch kun qolgan paytlar edi. Bir kuni yomg‘ir yog‘ib, kuchli sel kela boshladi. Tezlikda talabalarni yig‘dim. Ikki-uch kilometr narida qishloq bor edi. Hammamiz kelishib, qishloqqa borishga qaror qildik. Yarim tun, havo sovuq, kiyimlar shalabbo, tog‘-toshlar orasida yurishning o‘zi mashaqqat. Yo‘lda bir talaba yigitning oyog‘i qattiq yaralandi. Vahimaga tushdim. Bu ahvolda qishloqqa yetib borish imkonsiz edi. Hammani ortga qaytardim. Palatkalardan birini mahkamlab, hammani bir joyga yig‘dim. Qizlar yig‘laydi, yarador yigit qattiq og‘riqdan azob chekadi. Sel esa daqiqa sayin ustimizga bostirib kelishi mumkin. Hammamiz Xudoga yolvorib, najot so‘raymiz. Tongga yaqin hamma ming tahlika ichida uyquga ketdi. Ertalab, ko‘zimni ochsam quyosh charaqlab ketgan, hammayoq tinch. Daryo suvi ortga chekingan. Tog‘ tepasiga chiqib qarasam, biz o‘rnashgan joydan sal teparoqdagi yalanglikka tog‘dan katta bir tosh tushgan ekan. O‘sha tosh biz tomon kelayotgan suv oqimini daryo tomonga burib yuborgan va biz omon qolganmiz. O‘shanda, Allohning qudratiga, bizga ko‘rsatgan marhamatiga qayta-qayta shukrona keltirdim.

    Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, ilm-fan yo‘li mashaqqatli yo‘l. Bu yo‘ldan yurish insondan kuchli iroda, matonat va mehnat talab qiladi. Ammo, ilm bergan meva, u bergan sharaf va muvaffaqiyatning rohati juda go‘zal. Har bir olima ayolga mana shunday zafarlar yor bo‘lishini tilayman. Men shu kungacha ilm-fanda ozmi-ko‘pmi nimagadir erishgan bo‘lsam, qadrdon universitetim jamoasi, ustozlarim, hamkasb va shogirdlarim tufayli erishdim va ulardan minnatdorman. 20 yildan beri ekologiya kafedrasida ishlayman. Hamkasblarim jamoasi, shogirdlarim meni ilmiy-pedagogik faoliyatda, tadqiqotlar olib borishda hamisha qo‘llab-quvvatlashadi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi

Iroda Bekmurodova suhbatlashdi.

Shavkat Akramov olgan surat.