Samarqand davlat universiteti Koreya sanoat texnologiyalari instituti bilan hamkorlik qiladi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga Koreya sanoat texnologiyalari instituti prezidenti Nak-Kyu Li boshchiligidagi delegasiya tashrif buyurdi.
Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama maqsadli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, so‘nggi texnologiyalar asosida ta’lim jarayonlarini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, mashinasozlik, nodir metallar bilan ishlash sohalarida kadrlar tayyorlash masalalari muhokama etildi.
Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov yangi tashkil etilgan Muhandislik fizikasi institutiga dunyoning barcha mamlakatlaridan, xususan, Koreyadan ham salohiyatli tadqiqotchilarni jalb qilish, institutda zamonaviy integrasiya jarayonlarini jadal olib borish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Agrotexnologiya, iqtisodiyot, zamonaviy IT texnologiyalari, muhandislik fizikasi kabi zamonaviy fan sohalarida talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Tadbir yakunida do‘stona aloqalarning ramzi sifatida esdalik sovg‘alari topshirildi.
Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.