Yevropalik olimlar SamDU ga tashrif buyurdi...

    Samarqand davlat universitetiga Litvaning Vitautas Magnus universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash,  hamkorlikda ilmiy loyihalarni  yo‘lga qo‘yishdir. Shuningdek, SamDU xalqaro taʼlim dasturlari fakulteti talabalarini qo‘shma taʼlim dasturlari asosida ikki yil muddatga  Litvada o‘qishiga erishish masalalari ko‘rildi.

    - Samarqand davlat universitetiga ilk bor tashrif buyurishim, - deydi delegatsiya rahbari professor Astrida Maseikiyene. –Universitetingiz bilan hamkorlik qilish menga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Vitautas Magnus universiteti 1922 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Harvard modeli asosida faoliyat olib boradi. 81 davlatdagi 800 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganmiz. Bizning universitetda o‘zbekistonlik olti nafar talaba tahsil olmoqda. Universitetimiz  Xalqaro Yevropa reytingida (QSEESA) 61-o‘rinni egallab kelmoqda…

    - Litvadan tashrif buyurgan delegatsiya Erasmus mobility dasturida Samarqand davlat universitetini hamkor sifatida qatnashishga, yaʼni loyihalarda ishtirok etish taklifini bildirdi, - deydi SamDU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, professor Akmal Axatov. – Qolaversa, talabalarimizga qishloq xo‘jaligi sohasidagi ko‘rgazmada, oziq-ovqat xavfsizligi, agro-eko kabi konferensiyalarda  qatnashish takliflari ilgari surildi.

    Tashrif doirasida  delegatsiya aʼzolari Samarqand davlat universitetining zoologiya muzeyida bo‘lishdi. Bu yerdagi qimmatbaho va noyob eksponatlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.