Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda

  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 15-16 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida “mahallabay” ishlash tizimi bo‘yicha Samarqand tajribasini qilish taklifini bildirilgan edi.

Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand davlat universiteti olimlari Samarqand shahridagi Xo‘ja Ahror Vali, Namozgoh, Bog‘bonlar, Oqsaroy, Bog‘isaroy, Chashma, Chaqar, Baraka, Temiryo‘lchilar, Yangiqo‘rg‘on kabi mahallalar bilan bevosita ishlamoqda.

– Bog‘isaroy mahallasida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish yuzasidan amaliy ishlar boshlaganmiz. Mahalla yoshlari uchun xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi, sport va kitobxonlik to‘garaklari tashkil qilindi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida “Mahallangiz tarixini bilasizmi?”, “Mahallamizda yashab o‘tgan mashhurlar”, “Mahallamiz ozodaligiga mas’ulmiz” kabi mavzularda insholar tanlovini o‘tkazish, maktab o‘quvchilari uchun yozgi ta’til davrida ko‘chma kutubxona tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Oliy o‘quv yurtiga kirish istagidagi yoshlar uchun tayyorlov kurslari tashkil qilishga kelishib oldik. Bunda, “Yoshlar daftari”ga kirgan yigit-qizlarga alohida e’tibor qaratiladi, – deydi SamDU filologiya fakulteti dekani Azamat Pardayev.

– Hududimizda “mahallabay” ishlash tizimi o‘zining dastlabki natijalarini bera boshladi, – deydi Bog‘isaroy mahallasi raisi Tohir G‘afurov. – To‘g‘risini aytganda, odamlarning uyiga kirib bormaguningcha, dardiga quloq solmaguningcha haqiqiy ahvolni bilib bo‘lmas ekan. Olimlar uyma-uy yurib, odamlar holidan xabar olib, Prezidentimiz bejiz bu masalada jon kuydirmayotganini anglayapti. Tan olish kerak, bu orqali mahalladagi haqiqiy manzara oydinlashdi. Kimga ish, kimga kredit kerak, kim davolanishga muhtoj, kimning uy-joy sharoiti og‘ir – barchasi aniq bo‘layapti.

Mahalla raisining ta’kidlashicha, ayni paytda universitet olimlari mahallada keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy ishlarni olib bormoqda. Bu orqali xonadonlarga ziyo kirib bormoqda. Yoshlar olimlar bilan uchrashib, o‘z qiziqishlari bo‘yicha savollariga javob olmoqda. Yoshlar uchun tashkil qilingan to‘garaklar, oliy o‘quv yurtlariga tayyorlash yuzasidan boshlangan sa’y-harakatlar ota-onalarni quvontirmoqda. Universitet fakultetlarining har biri alohida mahallalarga biriktirilgani “mahallabay” ishlash tizimining yanada keng joriy etilishida muhim omil bo‘lmoqda.

– Bog‘bonlar mahallasi bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik, – deydi SamDU maktabgacha ta’lim fakulteti dekani, professor Baxtiyor Haydarov. – Mahallada 17 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lsa, ular bilan ishlash davomida ijobiy siljishga erishildi. Jumladan, yoshlar uchun qator to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tikuvchilik, ingliz tili, matematika, duradgorlik, dizaynerlik to‘garaklari aynan mahalla yoshlarining qiziqishlariga ko‘ra tashkil etilgan. Quvonarli tomoni, to‘garak ishtirokchilari soni kundan-kunga oshib bormoqda.

2 yarim ming nafar aholi yashaydigan Bog‘bonlar mahallasida bitta sport maydoni mavjud edi. Hozir universitet sport zallari, ochiq sport maydonlari ham mahalla yoshlari uchun bepul xizmat qilishni boshladi.

Bog‘bonlar mahallasi raisi Vali Qodirovning ta’kidlashicha, SamDU maktabgacha ta’lim fakulteti ushbu mahallada joylashgan 122-bolalar bog‘chasi bilan amaliy, ilmiy, metodik ishlarni boshlagan.

– Professor-o‘qituvchilar biz bilan xonadonlarga kirib, bemorlar holidan xabar olmoqda. Oilalarga psixologik, pedagogik, huquqiy maslahat bermoqda, – deydi u. – Oila muqaddasligi, mahallaning jamiyatdagi o‘rni to‘g‘risida olib borilayotgan suhbatlar orqali tarbiyasi og‘ir oilalarning huquqiy savodxonligi oshirilmoqda. Xalqimiz har doim olimlarni qadrlagan, ularning suhbatiga intilgan, maslahatiga quloq tutgan. “Mahallabay” ishlash tizimi mahallalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash, oilalar mustahkamligini ta’minlashda o‘z samarasini bermoqda.

Otabek SA’DULLAEV,

SamDU axborot xizmati xodimi

Shavkat Akramov olgan surat