Samarqand davlat universiteti ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi dotsenti Gulmira Keldiyorova rivojlanayotgan mamlakatlardagi ayol olimalarni qo‘llab-quvvatlovchi nufuzli tashkilot - xalqaro olima ayollar asotsiatsiyasi (OWSD) a’zoligiga qabul qilindi.

    Gulmira Keldiyorovaning OWSDga a’zoligi uning ilmiy faoliyatida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim imkoniyat sanaladi. U sanoat ekologiyasi, atrof-muhit muhofazasi, texnogen xavflarni baholash, ekologik xavfsizlik, atmosfera havosining ifloslanishini modellashtirish, sanoat chiqindilarini qayta ishlash va aylanma iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.

    Mazkur yo‘nalishlar bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, ekologik xavfsizlik, barqaror sanoat rivoji, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va inson salomatligi uchun xavfsiz muhit yaratish kabi global masalalar bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu sababli olimaning ilmiy izlanishlarini xalqaro ilmiy hamkorlik va qo‘shma tadqiqotlar doirasida rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ushbu tashkilot asnosida ketadi.

    OWSD a’zoligi Gulmira Keldiyorovaga xalqaro ilmiy hamjamiyat vakillari bilan professional aloqalar o‘rnatish, o‘z ilmiy tadqiqotlarini xalqaro hamkorlik loyihalariga olib chiqish, xorijiy olimalar bilan qo‘shma ilmiy ishlar va grant loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, xalqaro konferensiya, ilmiy forum, trening va fellowship dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlarini beradi.

    Kelgusida olima tomonidan O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, texnogen xavfli hududlarni baholash va GIS texnologiyalari asosida xaritalash, sanoat chiqindilarini rekuperatsiya qilish, atmosfera havosining ifloslanishini modellashtirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan ilmiy loyihalarni xalqaro hamkorlar bilan amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

    Shuningdek, OWSDning xalqaro ilmiy tarmog‘idan foydalanish orqali O‘zbekistondagi ekologik muammolarni boshqa mamlakatlar tajribasi bilan qiyosiy o‘rganish, xalqaro ilmiy grantlar uchun qo‘shma loyihalar shakllantirish va ilmiy natijalarni nufuzli xalqaro konferensiyalar hamda ilmiy nashrlarda keng targ‘ib qilish imkoniyatlari yanada kengayadi. Bu esa nafaqat olimaning shaxsiy ilmiy faoliyati, balki Samarqand davlat universitetining xalqaro ilmiy aloqalari va ekologiya sohasidagi ilmiy salohiyatini xalqaro miqyosda namoyon etishga ham xizmat qiladi.

    Gulmira Keldiyorovaning OWSDning Full Member maqomiga ega bo‘lishi uning ilmiy izlanishlari xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan yanada kengroq integratsiyalashuvi yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.