SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETIDA XITOYNING NUFUZLI ILMIY MUASSASALARI RAHBARLARI BILAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI
Samarqand davlat universitetining Biokimyo institutiga Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti vitse-prezidenti Fu Gao hamda Zhejiang universiteti vitse-prezidenti Xiaoming Li boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Nufuzli mehmonlarni Samarqand davlat universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Akmal Axatov hamda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Hakim Xushvaqtov kutib oldilar.
Tashrif davomida Samarqand davlat universiteti bilan Xitoyning yetakchi ilmiy va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuvda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, magistrantlar va doktorantlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy laboratoriyalarni rivojlantirish hamda xalqaro grantlar doirasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xitoy delegatsiyasi a’zolari Biokimyo instituti O‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlarga institutda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, zamonaviy laboratoriyalar hamda xalqaro hamkorlik loyihalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tashrifning muhim voqealaridan biri sifatida O‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasi laboratoriyasiga Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar sovg‘a qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda O‘zbekiston–Xitoy ilmiy aloqalarini yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.

