Markaziy Xitoy Normal universiteti delegatsiyasi Samarqand davlat universitetida
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga Xitoy Xalq Respublikasining Markaziy Xitoy Normal universiteti professori Wang Dongshuang boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Markaziy Xitoy Normal universiteti dunyoning TOP–300 talik oliy ta'lim muassasalari qatoridan o‘rin olgan nufuzli universitetlardan biri hisoblanadi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki universitet o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish, shuningdek, madaniy almashinuvni rivojlantirish hamda ikki xalqning boy sport an'analarini namoyish etishdan iborat bo‘ldi.
Dastlab delegatsiya a'zolarini Samarqand davlat universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori A. Ahadov boshchiligidagi mas'ullar va universitet jamoasi tantanali ravishda kutib oldi.
Uchrashuv va muzokaralardan so‘ng Markaziy Xitoy Normal universiteti talabalari tomonidan an'anaviy Xitoy jang san'ati — ushu bo‘yicha mahorat namoyishlari tashkil etildi.
Shundan so‘ng hamkor universitetlar talabalari ishtirokida do‘stlik ruhidagi futbol uchrashuvi o‘tkazildi. Sport musobaqasi yakunida ishtirokchilar hamda mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

