Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining Deformatsiyalanuvchi qattiq jism mexanikasi, Aziz Sanjar nomidagi zamonaviy analiz usullari, Agrobiotexnologiyalar transferi hamda Vivariy (biofiziologik va biokimyoviy tadqiqotlar) ilmiy laboratoriyalari O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan "Ma’qullash to‘g‘risida guvohnoma" ga ega bo‘ldi hamda ularga ilmiy tadqiqot sinov laboratoriyasi maqomi berildi.
    Mazkur yuksak e’tirof laboratoriyalarda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning metodik jihatdan to‘g‘ri tashkil etilgani, analizatorlar va asbob-uskunalarning metrologik sezgirligi hamda o‘lchov talablariga to‘liq javob berishi, laboratoriya xonalarining belgilangan me’yorlarga mosligi, atrof-muhit sharoitlari talab darajasida ekanligi, shuningdek, laboratoriya xodimlarining yuqori malakaga egaligi tufayli qo‘lga kiritildi.
    Ushbu guvohnoma asosida mazkur laboratoriyalar qishloq xo‘jaligi sohasida ekin maydonlarining agrokimyoviy, agrofizikaviy va agroekologik holatini baholash, qurilish sohasida g‘isht, beton, metall va armaturalarning qattiqligi hamda zichligini aniqlash, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoatida kimyoviy (elementlar tarkibi) va biologik tahlillarni amalga oshirish, shuningdek, chorvachilik sohasida biofiziologik va biokimyoviy tadqiqotlar o‘tkazish huquqiga rasman ega bo‘ldi.