Samarqand qalbi...

Sochilgan sog‘inchlar
O‘zbekiston bo‘yicha sayyohlik yo‘riqnomalariga nazar solar ekanmiz, avvalo, muqaddas qadamjolar: masjidlar, maqbaralar, madrasalar, ko‘kka bo‘y cho‘zgan minoralar diqqatingizni o‘ziga tortadi.
Samarqand davlat universitetida AQShning “Fulbright” dasturi doirasida faoliyat olib bordim. Samarqand va Buxorodagi me’moriy obidalarni ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldim. Mening Samarqanddagi eng yaxshi ko‘rgan maskanlarim muzeylar edi.
Xotiralarim ro‘yxatidan bir nechta muzeylar o‘rin olgan. Eng mashhuri Ulug‘bek rasadxonasidir. U olti asr o‘tib Samarqand xalqaro aeroporti loyihasini yaratishga ilhom bag‘ishlagan.
Rasadxonaning asl holati saqlanmagan bo‘lsa-da, uning muzeyi noyob gavhar misoli kishini o‘ziga jalb qiladi. Tashrif buyuruvchi mehmonlarni koinot sirlarini tadqiq qilishda ishlatilgan ilmiy asboblar tarixi befarq qoldirmaydi.
Samarqanddagi O‘lkashunoslik muzeyida saqlanayotgan osori-atiqalar va fotosuratlar meni juda ilhomlantirdi. Mazkur muzeyning diniy xilma-xillikka oid qiziqarli fotosuratlar va hujjatlar to‘plamini o‘z ichiga olgan “Xalqlar do‘stligi va diniy bag‘rikenglik bo‘limi”da men mintaqadagi turli diniy guruhlar haqida ma’lumotga ega bo‘ldim. Bu ikki muzey Samarqandning madaniyatlar chorrahasi ekanligini ifodalaydi.
Muzeylar bilan bir qatorda san’at galereyalari ham men yaxshi ko‘radigan joylar qatoriga kiradi. Men bir necha marta borgan uchta joy: Mahmud Qoshg‘ariy ko‘chasida joylashgan Art rezidenturasi. U yerda yo‘qolib borayotgan Orol dengizi talqinlariga bag‘ishlangan ko‘rgazma meni chuqur o‘yga toldirdi. Chorsu galereyasi va Do‘smatboy madrasasidagi galereyada o‘zbek manzaralari va madaniyatiga oid son-sanoqsiz go‘zal asarlar mavjud. Ular Registon majmuasi yaqinida qulay joyda joylashgan.
Shaharda bo‘lgan vaqtimda Samarqand davlat universiteti hududidagi xorijliklar uchun mo‘ljallangan mehmonxonada yashadim. 100 yoshdan oshgan daraxtlar bilan o‘ralgan, gullar va butalarga to‘la bog‘ga o‘xshash mazkur xiyobon barcha uchun Samarqandning eng go‘zal ko‘chasi bo‘lsa ajab emas. U kunning istalgan vaqtida odamlarni tomosha qilish uchun ajoyib joy. Markaziy bog‘ bilan chegaradosh - har xil yoshdagi bolalari bilan muzqaymoq yeyayotgan ota-onalar, elektr skuterlarda sayr qilayotgan o‘smirlar, o‘rindiqlarda suhbatlashayotgan keksalar, bularning barchasi doimiy ravishda o‘zgarib turadigan hayot manzaralaridir. Shaharning ushbu qismida XX asrga oid binolarning me’moriy namunalari ham ko‘p.
Biroq Samarqand haqidagi eng yoqimli xotiralarim inson qo‘li bilan emas, balki inson qalbi bilan taqdim etilgan jihatlar bo‘ldi. Samarqandliklar bilan o‘rnatgan munosabatlarim, Samarqand haqida eng yaxshi xotiralarim bo‘lib qoldi. Shubhasiz, Samarqandning eng ulkan boyligi - bu avvalo, samarqandliklar ekanligiga ishonaman.
Men Samarqand davlat universitetida dastlab universitet ma’muriyati va professor-o‘qituvchilar bilan muloqot qildim. Ularning ko‘plari ingliz tilini bilish darajasidan qat’iy nazar, salomlashish, bir piyola choyga taklif qilish, yo‘laklarda suhbatlashish shaklida bo‘lsin, men bilan iliq munosabatga kirishishga harakat qilishdi. Bir necha marta hamkasblarim meni o‘z uylarida o‘zbek taomlari bilan mehmon qilishgan. Men uchun tayyorlangan ushbu ajoyib ovqatlarni pishirishga bir necha soat vaqt sarflashgan bo‘lsa kerak. Men ko‘plab talabalarni uchratdim, ularning ba’zilari chet elliklar bilan ingliz tilini mashq qilishdan mamnun bo‘lsa, boshqalari juda uyatchan edi. Ammo o‘zaro muloqotga intilganlari samimiy va qiziquvchan bo‘lib, AQSh haqida savollar berishni xohlardi. O‘qituvchilar, talabalar, hamma o‘zimni yaxshi his qilishim uchun mezbonlik majburiyatini a’lo darajada uddalashardi.
Men duch kelgan do‘kon sotuvchilari va restoran xizmatchilarida ham xuddi shunday mentalitet yaqqol ko‘rindi. Ularning barchasi mehribon, sabr-toqatli va o‘zbek yoki rus tilini bilmasligimga qaramay, xarid qilish va ovqatlanish ehtiyojlarimni qondirishga tayyor edi. Nazarimda, samarqandliklar til va madaniy tafovutlarga qaramasdan o‘zaro muloqot qilishning ustasidek tuyuldi. Ular suhbatlashish uchun har qanday vositalardan foydalanadilar - inglizcha so‘zlar, rasmli taomnoma, tarjima ilovasi... O‘ylaymanki, turli millat vakillari bilan muloqot qilish qobiliyati Samarqandning ko‘p asrlik tarixi tufaylidir. Ming yildan beri Samarqand sayohatchilarni kutgan, kuzatgan. Bu samarqandliklar uchun dunyoning turli burchaklaridan kelgan odamlar bilan muloqot qilishni zarur va odatiy holga aylantirgan bo‘lsa ajab emas.
Urgut tumaniga qilgan safarim esda qolarli voqealarga boy bo‘ldi. Bu sayohatlar universitetning Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti magistrantlari tomonidan tashkillashtirildi. Ular mening vaqtimni shahardan uzoqda, qishloq joylarda tabiat qo‘ynida o‘tkazishga intilishdi. Men ular hamrohligida xonadonlariga borib, ajoyib o‘zbek milliy taomlaridan bahramand bo‘ldim. Samimiylik va mehmondo‘stlik, o‘ziga xos urf-odatlar mening qalbimda bir umrga muhrlanib qoldi. Teshiktosh yaqinida sayr qildim, mashhur va tarixiy ko‘pkari o‘yinlarini zavq bilan kuzatdim. Tashriflarimdan birida men mezbon oilaning qishloq xo‘jaligi korxonasi, ular loyihalashtirgan va qurgan issiqxona hamda unda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar haqida ma’lumotga ega bo‘ldim. Do‘st bo‘lib qolgan magistrantlarning sa’y-harakatlari tufayli Urgut tumanidagi tajribalarim men uchun yodda qolarli va eng qadrli bo‘lib qoldi.
Samarqand chet ellik sayohatchilarga ko‘pgina qulayliklarni taqdim etadi. Har bir qo‘llanmada tasvirlangan masjidlar, maqbaralar, madrasalar va bozorlar, albatta, tashrif buyurishga arziydi. Ammo mening nazarimda, Samarqandni doimo jonli va haqiqiy qilib ko‘rsatadigan bosh omil - bu uning samimiy insonlaridir. Umid qilamanki, har bir sayyoh samarqandliklar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Samarqand va uning atrofidagi aholi bilan o‘rnatilgan ijtimoiy aloqalar men uchun eng muhim voqea bo‘ldi. Bunda muhim o‘rin egallaganlar kimni nazarda tutayotganimni bilishadi: Rahmat, do‘stlarim. Rahmat va yana bir bor Rahmat!
Karin DEJONGE-KANNAN,
Logan, Yuta, AQSH.