OLIMLAR VA DEHQONLAR HAMKORLIGI

Iqlim o‘zgarishlariga chidamli noan’anaviy ekinlar yetishtirish bo‘yicha dala seminari tashkil etildi...
Samarqand davlat universiteti va Yaponiyaning Tottori universiteti olimlari hamda O'zbekiston-Yaponiya BLUE SATREPS loyihasi tashabbusi bilan qurg‘oqchilik va sho‘rga chidamli noan’anaviy ekinlarni yetishtirish va ulardan kundalik ehtiyoj uchun foydalanish bo‘yicha fermer va tomorqa yer egalari uchun dala seminari tashkil etildi.
Mazkur dala seminari Tottori universitetining Qishloq xo‘jaligi fakulteti va SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti o‘rtasida olib borilayotgan hamkorlik doirasida amalga oshirildi.
Tadbir Tayloq tumanidagi “Turob bobo” fermer xo‘jaligida o‘tkazildi. Mazkur seminarda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid Xo‘jamurodov, tuman hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Haydarov, Tottori universitetining Qishloq xo‘jaligi fakulteti dekani prof. Akashi Kinya hamda Tottori universitetining SamDUdagi vakolatxonasi rahbari, professor Kristina Toderich ishtirok etdi. Shuningdek, ushbu seminarda tumandagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda mahalla raislarining xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchilari faol qatnashdi.
Seminarda noan’anaviy ekinlar hosilidan oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash usullari bilan tanishtirish uchun Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiya instituti dotsentlari Zulfiya Sultanova va Gulmira Abdiyeva ham ma’ruza qildilar. Asosiy etibor ekinlarning yangi noananaviy navlarini o’ziga xos iqlim moslashtirish jarayonida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, sho‘rlanish va qurg‘oqchilikka bardoshli noan’anaviy ekinlarni fermer xo‘jaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirish tajribasini ommalashtirishga asosiy qaratildi. Ishtirokchilarga noan’anaviy ekinlar, jumladan amarant, magar, kinoya, oq jo‘xori va boshqa ekinlarning afzalliklari va ularni yetishtirish agrotexnikasi bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Seminarda Tottori universiteti hamda Samarqand davlat universiteti talabalari noan’anaviy ekinlar ustida hamkorlikda olib borilayotgan tadqiqotlar yuzasidan ma’ruzalar bilan ishtirok etishdi.
Seminar davomida “Turob bobo” fermer xo‘jaligi raisi, dotsent Rustam Raximov noan’anaviy ekinlarni yetishtirish texnologiyasi, organik mahsulot yetishtirish tajribasi, zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash usullari va mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan ishtirokchilarni tanishtirdi. Tumandagi dehqon va tomorqa xo‘jaligi egalarini serdaromad, dorivor xususiyatga ega malina, smorodina, sarsabil kabi ekinlar ko‘chatlari bilan bepul ta’minlab berish imkoniyatlari mavjudligini ta’kidlab, ushbu ekinlarning ko‘chatlari bilan tanishtirdi.
Seminar yakunida Samarqand davlat universiteti olimlari tomonidan tayyorlangan “Fermer, dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida serdaromad sabzavot ekinlarini yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar” hamda “Fermer, dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida malina va smorodina yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar” nomli uslubiy qo‘llanmalar seminar ishtirokchilariga tarqatildi.