Samarqand davlat universitetida "O'tmishni qadrlash, kelajakga tayyorgarlik: Bugungi kunda ingliz tilini o'rganish" mavzusida xalqaro konferensiya o’z ishini boshladi.

    Anjumanda Buyuk Britaniya, AQSH, Rossiya, Hindiston, Indoneziya, Tailand, Belarussiya, Qozog'iston, Tojikiston kabi davlatlardan 60 ga yaqin olimlar ishtirok etmoqda.

    Xalqaro konferensiya Samarqand davlat universiteti va Osiyo ingliz tili o’qituvchilar assosatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan.

    Anjumannni o’tkazishdan asosiy maqsad pedagoglar uchun innovatsion oʻqitish usullari va ingliz tilidagi dolzarb muammo hamda xalqaro tadqiqot natijalarini muhokama qilishdan iborat. Shuningdek, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, nufuzli xalqaro jurnallarda maqolalar e’lon qilish ko’zda tutilgan.

    Marosimni Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori, professor Akmal Axatov kirish so’z bilan ochdi.

    Suwarsih Madya, Indoneziyaning Sarjanawiyata Tamansiswa universiteti professori, Osiyo ingliz tili o’qituvchilar assosatsiyasi prezidenti:

    - Konferensiyaga yaxshi tayyorgarlik ko’rilgan. Anjumanning yuqori saviyada o’tishi buning yaqqol dalilidir. Markaziy Osiyo davlatlarida ingliz tiliga oid xalqaro konferensiyalar kam o’tkaziladi. Hamkasblarimiz bilan ingliz tilini chet tili sifatida o‘qitishdagi muammolar va ularni o‘rganish, tan olingan tadqiqotga asoslangan yondashuvlar haqida fikr almashyapmiz. Sohaga oid innovatsion dasturlar, platformalar va ilovalarni muhokama qilyapmiz. Samarqand davlat universiteti keng xalqaro hamkorlik aloqalariga ega bo’lib, ilmiy salohiyati yuqori bo’lgan professor-o’qituvchilar faoliyat ko’rsatadi. Aynan shuning uchun ham konferensiyani SamDU da o’tkazyapmiz.

    Karin de Jonge-Kannan, AQSH ning Yuta davlat universiteti professori:

    - Fulbrayt dasturi ishtirokchisiman. Shu sababdan Samarqand davlat universitetiga ikki yildan buyon tashrif buyuraman. Universitet professor-o’qituvchi va talabalarning ingliz tilini o’rganishga bo’lgan qiziqishi juda yuqori. Mazkur konferensiyaning SamDU da o’tkazilishi ayni muddao bo’ldi. Tadbirda “Til o’rgatishning aspektlari va sun’iy intellekt” nomli ma’ruzam bilan ishtirok etmoqdaman. Til o’rganishda sun’iy intellektning roli tobora ortib bormoqda. Ayni vaqtda SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi talabalari uchun ingliz tili maxsus o’quv dasturlarini ishlab chiqdik. Bu orqali talabalar mutaxassislik fanlari bo‘yicha ingliz tili bilimlarini bosqichma-bosqich egallash imkoniga ega bo‘ladilar.

    Ravender Gargesh, Samarqand davlat universiteti ingliz va roman-german tillari kafedrasi mudiri, professor:

    - Bugungi konferensiyada ishtirok etayotgan mutaxassislar dunyo tan olgan ingliz tili o’qituvchilari hisoblanadi. Kafedramiz a’zolari uchun bu yaxshi imkoniyat bo’ldi. O’qituvchilarimiz xorijlik olimlar bilan o’zaro muloqotga kirishib, o’z tajribalarini almashmoqda. Qator tavsiyalar olishmoqda. Hamkorlikda Scopus va Web of Science bazalarida ilmiy maqolalar e’lon qilish, darslik va o’quv qo’llanmalar nashr etish ishlarini reja qilmoqda. Xorijlik olimlar ham konferensiyada qatnashganligidan xursand. Bu tomonlar uchun manfaatli bo’lishiga ishonaman. Konferensiya ishtirokchilari bilan to’plangan ma’ruzlarni to’plam shaklida nashr etishga kelishdik.

    Dildora Boshmonova, Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi:

    - Bitiruvchi kurs talabasiman. Konferensiyada ishtirok etayotganimdan xursandman. Bir qator xorijlik olimlar bilan tanishdim. Magistraturada ilmiy ish qilish uchun tavsiyalar oldim. Ularning dolzarb mavzudagi ma’ruzalarini tingladim. Anjuman ishtirokchilari orasidan o’zimga ilmiy rahbar tanlamoqchiman. Agar rozi bo’lsa, AQSH ning Yuta davlat universiteti professori Karin de Jonge-Kannanga shogird tushmoqchiman.

Behruz Shamsiddinov,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.