Samarqand davlat universitetiga Tambov viloyati rahbarining o‘rinbosari Nataliya Makarevich boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Martabali mehmonlar bilan Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov uchrashdi.

    Samarqand viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov delagatsiya aʼzolariga hamrohlik qildi.

    Muloqotda dastlab Samarqand va Tambov viloyatlari haqida taqdimot qilindi. Taʼlim, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida hamkorlik masalalari muhokama etildi. Tomonlar energetika, ekologiya, xalq xo‘jaligi sohalarida yangi loyihalarni ishlab chiqishga kelishib oldi.

    Delegatsiya rahbari tomonlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun Samarqandda Tambov savdo uyini ochish borasida taklif bildirdi. Tambovda chiqindilardan tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan korxona mavjudligini va O‘zbekistondan xomashyo sotib olish mumkinligini ham ilgari surdi.

    Tambov davlat universiteti rektori, professor Pavel Moisev SamDU faoliyatiga yuqori baho berib, kvant texnologiyalar, yadro fizikasi, agrobiotexnologiyalar sohasi bo‘yicha hamkorlikda bir qator loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga to‘xtaldi.

    Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov Tambov davlat universiteti olimlari bilan soya o‘simligini Samarqand tajriba maydonlarida yetishtirish yuzasidan fikrlashdi.

    Uchrashuv davomida mehmonlar tomonidan fotoko‘rgazma tashkil etildi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.