Qozog‘istonning Chimkent shahrida  O‘zbekiston xalq shoiri, “El-yurt hurmati”,  “Do‘stlik” ordenlari sohibi Enaxon Siddiqova tavalludining 70 yilligi munosabati “Qo‘lingizda kitob bo‘lsin!” mavzusida xalqaro tanlov o‘tkazildi.

Mazkur tanlovda Samarqand davlat universiteti geografiya va ekologiya fakulteti talabasi Maʼmura Masharipova faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tanlov Qozog‘iston Respublikasi, Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy jamoat birlashmalari “Do‘stlik” hamjamiyati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

- Mazkur tanlovda AQSH, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya kabi davlatlardan 300 ga yaqin talaba va o‘quvchilar onlayn ishtirok etdi, - deydi Maʼmura Masharipova. – Tanlov ikki shartdan iborat bo‘ldi. Birinchi shartda shoirning sheʼriga videorolik tayyorlash. Men “Qutlov” sheʼrini tanladim. Ikkinchi shartda esa mazkur sheʼrga esse yozdik. Videorolikda har bir detallariga alohida eʼtibor berildi. Milliy liboslar, sahna madaniyati, sheʼrni ifodali o‘qishga alohida urg‘u qaratildi. Esseda esa yozma savodxonlik, erkin fikrlash, so‘zlarning bir-biriga mosligi inobatga olindi.

Maʼmura mazkur tanlovda g‘olib bo‘lganligi uchun Qozog‘istonning Jumabek Tashenev universiteti va Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy jamoat birlashmalari “Do‘stlik” hamjamiyati Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov va fakultet dekani, professor Subxon Abbosovlarni Tashakkurnoma bilan taqdirladi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar