Biz ustoz deganda, umrini ilmga bag‘ishlagan, hayot tajribasi katta insonlarni nazarda tutamiz. Har doim dars berishga ishqiboz, olimlikga da’vogarlar uchrab turadi. Men bugun tavallud ayyomi bilan qutlamoqchi bo‘lgan ustoz - otamday ulug‘vor, onamday aziz bo‘lgan inson Samarqand davlat universiteti istiqlol davri adabiyoti va adabiyot nazariyasi kafedrasi dotsenti Dilafro‘z Jabborovadir. Ustoz sizning ismingizni eshitgan, tanigan inson borki, ko‘ngliga iliqlik enib, yuziga tabassum keladi. Bizga - shogirdlaringizga, o‘zimizga bo‘lgan ishonchimiz so‘nganda ham ishonch bildirib, yuksak marralar sari ruhlantira oldingiz. Siz iste’dodni qadrlab, shogirdlarining kamoli uchun o‘z joni-yu molini ayamaydigan, joyi kelganda sodiq do‘st, chinakam inson bo‘ldingiz. Biz qay sohada bo‘lmaylik bildirilgan yuksak ishonchni oqlamoqlik niyati bilan olg‘a intilib, yonib, yondirib yashaymiz! Tavallud ayyomingiz bilan barcha shogirdlaringiz nomidan chin qalbimdan tabriklayman, ustoz!

    ADABIYOT MUALLIMI

    Ustozim Dilafro‘z Jabborovaga

 

Qodiriy otildi, Cho‘lpon chalajon,

Fitratning qonini yuvadi osmon.

Vujudin o‘tindek yoqdi, hechqachon

Ruhin o‘ldirolmas, yuribdi sarson

Ona xalqim deya, Turkiston deya…

 

Yov o‘q saslari tinganda oxir,

O‘lim changalini etmadi pisand.

Ajalga ro‘baro‘ kelganda, og‘ir,

Jilmayib so‘rashdi: O‘lim senmisan?!

Kuymas halqum deya, og‘rir jon deya…

 

Adabiyot “Adab” darsi deb bilmang,

Bu millat yuziga tutilgan ko‘zgu.

O‘z so‘zingiz ayting, jimgina o‘lmang!

Ko‘zingiz o‘tidan hayiqsin quzg‘un.

Yoning Vatan deya, yuksak shon deya!

 

Darsimiz yakuni: Ko‘ngildan saboq,

Qo‘l soling ijodga yurak darvoza.

O‘quvchim, ko‘zingga uyqu kelsa boq:

Har bir dars shahidlar uchun janoza.

Parvozga shaylaning ilmiston deya!

Shahrizod Shodiyev,

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti bitiruvchisi.