Xalq tabobatida qadimdan qovun turli kasalliklarni davolashda keng qo‘llanib kelinadi. O‘z davrida Ibn Sino ham bemorlarni davolashda qovundan ko‘p foydalangan. Olim qovun etini bod, o‘pka sili, podagra kasalliklarini davolashda tavsiya etgan. Qovun qabziyat hollarda va bavosil kasalligida surgi hamda yo‘tal va yallig‘lanishga qarshi, organizmdan gijjalarni tushiruvchi vosita sifatida qo‘llaniladi. Qovunning yumshoq eti va sharbati chanqoqni yaxshi qondiradi va asabni tinchlantiradi.

    Qovunda yengil hazm bo‘ladigan qandlar ko‘p saqlanadi. Shuning uchun semirishga moyil bo‘lgan va qandli diabet kasalligi bilan og‘riydigan bemorlarga iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Shuningdek allergik kasalliklarga chalinganlar ham qovun iste’mol qilishdan o‘zini saqlashi lozim.

    Bundan tashqari, qovun tarkibida mavjud bo‘lgan yuqori miqdordagi karotinoidlar saraton kasalligi rivojlanishining oldini olish va to‘xtatishga yordam beradi. Qovun tarkibidagi adenozin antikoagulyanti qon parchalanishini faollashtirib, yurak va qon tomir kasalliklari, ya’ni insultning oldini oladi. Kaliy moddasi ham yurak va qon tomir faoliyati tizimini yaxshilab, gipertoniya kasalligi kelib chiqishini to‘xtatadi.

    Yuqoridagi faktlarni inobatga olib, ayni issiq kunlarda sog‘lom, oshqozon-ichak faoliyati kasalliklari bezovta qilmaydigan odamlar tez-tez qovun yeb turishi foydadan holi bo‘lmaydi. Shuni unutmangki, qovun og‘ir hazm bo‘ladigan mahsulot hisoblangani uchun, uni och qoringa yeyish tavsiya etiladi.

      Samarqand davlat universiteti
      Axborot xizmati.