Facebook tarmog‘ida “Samarqandlik” (Я – Самаркандец) guruhida eʼlon qilingan Universitet xiyobonida qurilgan ko‘p qavatli uy bo‘yicha murojaat yuzasidan

    Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati quyidagilarni maʼlum qiladi: 

    Avvalo, Laziz Rahmatov nomli kimsaga quyidagilarni aytmoqchimiz: Siz Bulvar haqida qayg‘uryapsizmi yoki bir guruh shaxslarning manfaatlarini himoya qilyapsizmi? Biz esa sizdan farqli ravishda Bulvarda Samarqand davlat universitetining yangi kampusi qurilishi tarafdorimiz. Farqimiz shundaki, biz xalq manfaatlarini ifoda etyapmiz, sizga o‘xshab maʼrifatga, maʼnaviyatga, kelajakka, taraqqiyotga qarshi borib, bu yo‘lda hammani aybdor qilganimiz yo‘q. sizdan  farqli ravishda o‘zimizni vatanparvar qilib ko‘rsatishga ham urinayotganimiz yo‘q. Alamingizni siz na Samarqand viloyati hokimidan, na universitet rahbariyatidan olishga urinmang.

    Biz ham Samarqandlikmiz. Lekin sizdan farqli ravishda biz Samarqandning kelajagi haqida o‘ylayapmiz. Samarqandning ertasi uchun harakat qilyapmiz. Ochig‘i sizning adolatingizga borgan sari shubhalanyapmiz. Buncha jazavaga tushasiz. Hatto kimligingiz maʼlum emas. O‘zingiz umringizda Samarqand zaminiga bir dona ko‘chat ekkanmisiz? Samarqandning kelajagini ayni vaqtda Samarqandda yashayotganlarga qo‘yib bering. O‘zimiz uddalaymiz. sizga o‘xshagan o‘zidan soxta vatanparvar yasab olganlarni ko‘p ko‘rganmiz. Hammaga tashlanishingizga qaraganda buyurtmachilar yaxshigina haq to‘laganga o‘xshaydi. Bizning nazarimizda, eng avvalo, to‘g‘ri yozishni o‘rganib oling. Qo‘ygan postlaringizni o‘qib, har bir so‘zni imlo xato bilan yozganingizga qaraganda savod ham g‘ovlab ketgan ekan. Agar bugun universitet qurmasak, bolalarimizni o‘qitmasak, ertaga sizga o‘xshagan savodsizlar yana-da ko‘payib ketadi...

    Samarqand shahridagi Universitet xiyobonida amalga oshirilayotgan har bir o‘zgarish, olib borilayotgan har bitta qurilish va taʼmirlash ishlari bevosita viloyat hokimligi, Vazirlar Mahkamasi tomonidan nazorat qilinadi. Universitet xiyobonida hech bir inshoot muayyan shaxs manfaatlari uchun buzilmaydi, oldi-sotdi qilinmaydi, hatto qurilmaydi.

    Endi Laziz Rahmatov ayyuhannos solayotgan ko‘p qavatli uy haqida quyidagilarni maʼlum qilamiz: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17-18-mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari bo‘yicha kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayonining 18-bandiga muvofiq Samarqand viloyati hokimligining Samarqand shahrining Universitet xiyobonidagi Samarqand davlat universiteti hududida shahar ko‘rkini buzib turgan hamda avariya holatidagi eski omborxona binosini Samarqand shahar hokimligi balansiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi maʼqullangan hamda shu hududda yashovchi fuqarolarning takliflarini inobatga olib, ko‘p qavatli turar-joy binosi qurilgan.

    Barcha davrda xalq manfaatlari  ustun hisoblanib, shaxs manfaatlari xalq manfaati uchun bo‘ysundirilgan. Bu o‘rinda viloyat hokimligi va universitetni ayblash noto‘g‘ri. Taʼlimga bo‘lgan talablarning oshishi, har yili oliy taʼlim muassasalarida o‘qish istagida bo‘lgan yoshlarning  ortib borishi hisobiga universitetlarga bo‘lgan ehtiyoj ham kundan-kunga oshib bormoqda. Bu 1-2 yil ichida o‘tib ketadigan holat emas. Bugun taʼlim uchun qulay shart-sharoit yaratilmas ekan, kun kelib, albatta, u o‘z asoratini ko‘rsatmasdan qolmaydi.

     Avval ham aytib o‘tganimizdek, buzilishi rejalashtirilayotgan turar va noturar joy obyektlari hech qanday tarixiy ahamiyatga ega emas. Bugun siz xavotir olayotgan turistlar nigohidagi Samarqandning tarixiy qiyofasi shu imoratlar buzilishi bilan yo‘qolib qolmaydi. Vaziyatga xolis baho berish lozim: buzilishi rejalashtirilayotgan obyektlarning hozirgi holati qaysi turistni o‘ziga jalb qiladi?

    Bugun Samarqand davlat universiteti magistr, kunduzgi bakalavr, sirtqi va kechki taʼlim shakllarida 25 mingdan ziyod talaba tahsil oladi. Holbuki, bu ko‘rsatkich 2016-yil universitetda tahsil olayotgan talabalar soniga nisbatan 3 barobar ko‘p degani. Ayni paytda foydalanilayotgan 13 ta o‘quv binosi 11358 o‘ringa ega. Mavjud o‘quv binolari 1 smenada talabalar 45,5 foizining o‘qishini taʼminlaydi, yaʼni qamrab olish ko‘rsatkichi 2,2 koeffitsiyentni tashkil qiladi.

    O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov tomonidan tasdiqlangan 2022-yil 28-aprel sanasida Samarqand viloyatida o‘tkazilgan sayyor yig‘ilish 106-sonli bayonining 16-bandi, 5-xatboshisi bilan Samarqand davlat universiteti hududini bosqichma-bosqich kengaytirib, yagona universitet kampusini yaratish hamda universitet xiyobonini istiqbolli rivojlantirish dasturiga muvofiq Samarqand davlat universiteti uchun 1000 va 1500 o‘rinli ikkita o‘quv binosi qurish rejalashtirilgan.

    Tarixiy haqiqatlariga murojaat qiladigan bo‘lsak, aslida Termiz ko‘chasi kesishmasidagi 7-9-uy manzilda joylashgan, Mustaqillik ko‘chasi kesishmasida joylashgan turar joylar ancha yillar avval Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari uchun qurib berilgan xizmat uylari bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan ushbu xizmat uylari xususiylashtirib olingan. Qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan.

    Bugun jahon nigohida Samarqandning o‘ziga xos qiyofasi bor. Uni saqlab qolish degani har bir o‘zgarishni inkor qilish, yangilikka intilmaslik degani emas.

    Buyuk ajdodimiz Sohibqiron Amir Temur bejizga: “Bizning qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurgan imoratlarga boqing”, ­­­­­­– demagan. Zero, kelgusi avlodga pala-partish qurilgan uylar, tushunarsiz qurilishlar, Universitet xiyoboni ko‘rkiga xalal beradigan imoratlar emas, qudratli xalqimizning kuch va salohiyatini ko‘rsatib turadigan ko‘rkam binolar qolsin.

 

Samarqand davlat universiteti

 Axborot xizmati