Facebook tarmog‘ida “Samarqandlik” (Я – Самаркандец)  guruhida Universitet xiyobonida joylashgan turar va noturar-joy obyektlarini buzish bo‘yicha Lazizbek Rahmatov nomli foydalanuvchining murojaati eʼlon qilindi.

    Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati ushbu murojaat bo‘yicha quyidagilarni maʼlum qiladi:   

    Samarqand shahridagi Universitet xiyoboni nafaqat viloyat hokimligi, balki Vazirlar Mahkamasi, muhtaram Prezidentimiz eʼtibor markazidagi manzil hisoblanadi. Bu joyga qo‘yiladigan har bir g‘isht butun mamlakat jamoatchiligining eʼtibor markazida turadi. Nomidan ham maʼlumki, bu manzil Universitet xiyoboni bo‘lganligi uchun ham bu yerdagi bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari birinchi navbatda universitet manfaatlariga bo‘ysundiriladi. Universitet manfaati bu - millat va mamlakat manfaatidir.

    Bu haqida fikr yuritganda Samarqand maʼrifati, maʼnaviyati tamoyilini ham unutmaslik kerak, albatta. Hamma zamonlarda ham millat manfaati, shaxslar manfaatidan ustun turgan.

    Xavotirga o‘rin yo‘q. Odamlarning xotirjamligiga putur yetkazishga ham urinish kerak emas. Samarqand viloyati hokimini va boshqa mutasaddilarni noo‘rin ayblashdan tiyiling. Bu masalada SamDU maʼmuriyatiga, Samarqand viloyati hokimligiga murojaat qilsangiz kifoya. Barcha tegishli hujjatlar bilan tanishasiz...

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvardagi  qarori bilan 2022-2025-yillarda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetini kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlangan. Mazkur dastur asosida Samarqand shahar universitet xiyobonida SamDU uchun zarur o‘quv va boshqa binolarni qurish ishlari bir nechta huquqiy-meʼyoriy hujjatlar asosida amalga oshirilmoqda. 

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yilning 15-16-aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish  bayonining 122-bandida “Samarqand shahar Universitet xiyoboni 13-15-uy manzilda hamda Termiz ko‘chasi kesishmasidagi 7-9-uy manzilda joylashgan, Mustaqillik ko‘chasi kesishmasida joylashgan aholi va yuridik shaxslarning turar joy va boshqa binolari o‘rnida Samarqand davlat universiteti uchun 1000 va 1500 o‘rinli ikkita o‘quv binosi qurish taklifiga rozilik berilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripovning 2022-yil 28-aprel sanasida Samarqand viloyatida o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishi 106-sonli bayonining 16-bandi, 5-xatboshisi bilan Samarqand davlat universiteti hududini bosqichma-bosqich kengaytirib, yagona universitet kampusini yaratish hamda universitet xiyobonini istiqbolli rivojlantirish dasturi tasdiqlangan.

    Yuqorida keltirilgan huquqiy-meʼyoriy hujjatlar ijrosini taʼminlash bo‘yicha Samarqand viloyati hokimligining 2022-yil 15-avgust sanasida qaroriga ko‘ra Samarqand shahar Universitet xiyoboni 13-15-uy manzilda hamda Termiz ko‘chasi kesishmasidagi 7-9-uy manzilda joylashgan, Mustaqillik ko‘chasi kesishmasida joylashgan jami 33 ta (turar va noturar-joy) obyektlari mavjud bo‘lib, ushbu 33 ta mulk egalari Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari asosida ogohlantirilgan.

    Shu munosabat bilan Samarqand shahar universitet xiyobonida Samarqand davlat universiteti uchun 1000 va 1500 o‘rinli ikkita o‘quv binosi qurish uchun yer maydonini bo‘shatish maqsadida tarixiy ahamiyatga ega bo‘lmagan, foydalanishga yaroqsiz turar va noturar-joy obyektlarini buzish ishlari huquqiy-meʼyoriy hujjatlar asosida, belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda.

    Facebook tarmog‘idagi “Samarqandlik” (Я – Самаркандец) guruhida eʼlon qilingan Lazizbek Rahmatov nomli foydalanuvchining Universitet xiyobonida joylashgan turar va noturar-joy obyektlarini buzish bo‘yicha murojaatida keltirilgan tarixiy binolarning buzilayotgani haqidagi iddao mutlaqo asossiz.

    Samarqand shahar Universitet xiyoboni 13-15-uy, Termiz ko‘chasi kesishmasidagi 7-9-uy, Mustaqillik ko‘chasi kesishmasida joylashgan jami 33 ta turar va noturar-joy obyektlari tarixiy ahamiyatga ega emas. Ko‘pchiligi foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan. Maʼnan eskirgan. Aksariyati yangilanayotgan, zamonaviy shahar uslubiga mos kelmaydi...

    Bugun “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” da taʼlimni rivojlantirish, yosh avlodning bilim olishi, muayyan kasb egasi bo‘lishi uchun qilinayotgan bu kabi ishlarga bir tomonlama nazar bilan qarash mumkin emas. Taʼlim uchun qilinayotgan har bir islohotning ortida ziyoli millat kelajagi turibdi. Qurilishi rejalashtirilayotgan universitet binosida siz-u biz, kelgusi avlodlar tahsil oladi. Bugun bir nechtagina kishiga xizmat qilib turgan maskanlar, ertaga bir necha minglab insonlarga xizmat qiladi. Ortida millat farzandlari taʼlimi, turgan har bir ish, eng avvalo, xalq manfaatlari uchun, inson va uning porloq kelajagi uchundir.

    Tarixga nazar tashlasak, qanchadan-qancha jadid bobolarimiz yosh avlodning ilmli, ziyoli bo‘lib yetishishi uchun  o‘z uyidan maktablar, kutubxonalar ochganiga guvoh bo‘lamiz. Isʼhoqxon Ibrat, Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Hamza Hakimzoda Niyoziy kabi ulug‘ maʼrifatparvar ajdodlarimiz o‘z uyida maktablar tashkil qilib, borini shu xalqni ilm-maʼrifatli qilishga bag‘ishlagan. O‘tmish davrlaridan beri taʼlimga eʼtibor bu darajada yuksak bo‘lishiga sabab, hech bir mamlakatni ilm-fan va taʼlimchalik dunyoga tanitadigan, porloq kelajagini taʼminlaydigan tarmoq yo‘q. Shunday ekan, taʼlim uchun amalga oshirilgan har bir islohotni chuqur fikr qilgan holda tahlil qilish lozim.

    Samarqand davlat universiteti hududini bosqichma-bosqich kengaytirib, yagona universitet kampusini yaratish hamda universitet xiyobonini istiqbolli rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan har bir qadam Samarqandning o‘ziga xos yangi qiyofasini shakllantirishga hissa qo‘shadi.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.