Uning nolalarini, hayqiriqlarini, iltijolarini faqat insoniyat eshitmaydi, his etmaydi...

    -Insoniyat hayoti tabiat, hayvonot olami bilan  bevosita bog‘liqdir.  Biz tug‘ilganimizdan boshlab umrimizning oxirigacha tabiat bilan  aloqada bo‘lamiz-, deydi Samarqand davlat universiteti zoologiya kafedrasi dotsenti, biologiya fanlari nomzodi Fazliddin Halimov. -Tabiatimizning barqarorligini ko‘p jihatdan hayvonot olamining xilma-xilligi belgilaydi. Undagi noyob, kamayib borayotgan hayvon turlarini muhofaza qilishga oid bilimlar eng avvalo, zoologiya fani orqali o‘zlashtiriladi.

    Uy hayvonlari haqidagi ma’lumotlarni ham bolalar ushbu fan orqali o‘zlashtiradi. Qolaversa, bizning ozuqa ratsionimizning asosiy qismi hayvonlar mahsulotiga to‘g‘ri keladi. Hayvonlarning inson hayotidagi o‘rni beqiyos.

    Insoniyatni oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan ta'minlash, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish bevosita hayvonot dunyosi bilan bog‘liq.

    Hayvonlar inson hayoti va faoliyatida katta ahamiyatiga ega. Masalan o‘txo‘r hayvonlar o‘simliklar va ularning qoldiqlarini maydalab, chirishini tezlashtiradi. Ular tufayli o‘simliklar uchun zarur bo‘lgan mineral moddalar to‘planadi, tuproq unumdorligi oshadi.

    Ayrim tur hayvonlar yer yuzining va suv havzalarining ifloslanishidan saqlashga katta hissa qo‘shadi...

    Hayvonlar orasida ayrim turlari ham borki, ular inson organizmiga u yoki bu darajada zararli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. 

    Parazitlar bolalarda va kattalarda kasalliklar keltirib chiqaradi. Ular  ko‘plab sodda hayvonlar: parazit amyobalar, bezgak paraziti, triponosoma va leyshmaniyalar, parazit chuvalchanglar (gijjalar), bitlar va burgalar, qon so‘ruvchi chivinlar va kanalar...

    Ko‘plab zaharli hayvonlar: chayonlar, o‘rgimchaksimonlar, ilonlar va boshqalar ham inson hayotiga xavf soladi. Unutmaslik kerakki, bunday kasalliklardan va zaharli hayvonlardan saqlanish yo‘llarini bolalarga, albatta, zoologiya fani o‘rgatadi.

    Odamzot tabiatning bir qismi hisoblanar ekan, doimiy ravishda u bilan aloqada yashaydi. Shunday ekan, tabiatni o‘rganadigan har bir fan inson uchun foydadan holi bo‘lmaydi. Ushbu fikrlar zoologiya fanining maktablarda o‘qitilishi hayotiy zaruriyat ekanligidan dalolat beradi. 

    Maktablar uchun chiqariladigan darsliklarni hamisha tahlil qilib boraman. Umumta’lim maktablarining 7-sinflariga mo‘ljallangan biologiya (zoologiya) darsligi bugungi  talablarga mos ravishda ishlab chiqilgan. Ammo, zamonaviy bilimlarning to‘liq yoritilishi bo‘yicha ba’zi kamchiliklari bor. Aytish joizki, keyingi yillarda, umumta’lim maktablarida biologiya fanlarini (botanika, zoologiya, odam va uning salomatligi) birlashtirish va qisqartirish takliflari bo‘layapti. Bunday asossiz, noilmiy fikrlarga umuman qarshiman.

    Biz har yili maktab o‘qituvchilariga zoologiya fanini o‘qitishda qo‘llanilayotgan zamonaviy uslublar asosida  dars o‘tamiz. Umumta’lim maktablarida zoologiya darslarini o‘qitishda amaliy mashg‘ulotlarga, hayvonlarni bevosita kuzatish va tajribalar o‘tkazish masalalariga ko‘proq e’tibor berish zarur. Bu borada dala kuzatuv darslari, shuningdek, zoologiya muzeylariga ekskursiyalar tashkil qilish muhim o‘rin tutadi.

    Bugungi kunda Samarqand davlat universiteti zoologiya kafedrasi qoshida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Zoologiya muzeyi faoliyat ko‘rsatadi. Ushbu muzeyda  5000 dan ziyod turli xildagi noyob eksponatlar, 3000 dan ziyod qush tulumlari saqlanadi.  Kafedramizda 10000 tur hasharotlarni o‘z ichiga olgan, 100000 dona eksponatdan iborat bo‘lgan entomologik kolleksiya mavjud.

    Ba’zan ijtimoiy tarmoqlarda bolalarni hayvonlarga ozor berayotganini ko‘raman. Miyamga bir fikr chaqmoqday uriladi. Hayvonga rahm qilmagan bola, ertaga insonlarga ham ozor beradi. Insonlarga ham rahm qilmaydi. Mana yovuzlik qayerdan boshlanmoqda.

    Eng avvalo, oilada farzandlarimizga hayvonlarga shafqatli bo‘lishni o‘rgatishimiz kerak. Qahraton qishda, jazirama issiqda hayvonlarga oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlarini, suv taqchil joylarda suv berish ko‘nikmalarini shakllantirishimiz kerak.

    Tabiat tilsiz emas. Uning nolalarini, hayqiriqlarini faqat insoniyat eshitmaydi. Insoniyat his etmaydi...

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi

Iroda BEKMURODOVA tayyorladi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar