Samarqand davlat universitetida adabiyotshunos olim Gʻafurjon Mahmudov xotirasiga bag‘ishlangan “Muallim va muharrirga ehtirom” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

    Unda Samarqand ilmiy-adabiy muhiti jamoatchiligi, SamDU professor-o‘qituvchilari hamda Gʻafurjon Mahmudovning oila a’zolari ishtirok etdi.

    Anjumanni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov kirish so‘z bilan ochdi. Shundan so‘ng, Tojikistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda ZOOM platformasi orqali ishtirok etib, konferensiya ishiga rivoj tiladi.

    -Bugungi kunda o‘tmish va yaqin hayotimizda o‘zining ilmiy, adabiy merosi bilan alohida mavqega ega bo‘lgan taniqli ijodkorlar, ilm-fan namoyandalarining hayoti, ijodi, ilmiy-adabiy merosini chuqur o‘rganish va mazmun mohiyatini, ibratli hayot sahifalarini keng jamoatchilikka yetkazish, yosh avlod vakillari orasida targ‘ib va tashviq etish hamda shu orqali yoshlarni ezgulik ruhida tarbiyalash bo‘yicha ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda, - deydi  Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov, - Bu borada Prezidentimiz ta’kidlaganidek, buyuk alloma va adiblarimiz, aziz avliyolarimizning bebaho merosi, yengilmas sarkarda va arboblarimizning jasoratini yoshlar ongiga singdirish ularda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kuchaytirishi ayni haqiqat. Gʻafurjon Mahmudov Samarqand davlat universitetidan yetishib chiqqan adabiyotshunos olim, publisist va muharrirdir. Aytish mumkinki, uning kamolotga yetishishi, filolog olim sifatida faoliyat olib borishida universitetning o‘rni katta. Gʻafurjon Mahmudov jadid adabiyotida o‘zbek va tojik adabiy aloqalari, ikki xalq adabiyotida ma’rifatparvarlik g‘oyalari mavzularida ilmiy tadqiqot olib borgan. Ta’kidlash joizki, ma’naviyat va ma’rifatning faol targ‘ibotchisi bo‘lgan, Samarqand filologlar maktabi rivojiga, xalqlar do‘stligi va adabiy aloqalar takomiliga ulkan hissa qo‘shgan yetuk adabiyotshunos olim Gʻafurjon Mahmudov ilmiy merosini keng o‘rganish, asarlarida ilgari surilgan ilmiy qarashlarning mazmun-mohiyatini targ‘ib etish bugun bizning oldimizda turgan muhim vazifadir. 

    Konferensiya davomida Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari Gʻafurjon Mahmudovning ilmiy-pedagogik va jurnalistik faoliyati haqida ma’ruzalar qildi.

    Shuningdek, anjumanda Jomboy tumani hokimi Qayum Sobirov Gʻafurjon Mahmudov xotirasiga bag‘ishlangan ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Shundan so‘ng, Qayum Sobirov Samarqand davlat universitetiga “Jomboy: Kecha - bugun – ertaga” kitobini sovg‘a qildi.

    Mazkur konferensiya adabiyotshunos olim Gʻafurjon Mahmudov xotirasini abadiylashtirish, olim ilmiy merosini yosh avlodga yetkazish va ustoz yodiga ehtirom ko‘rsatishning muhim ifodasi bo‘ldi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan suratlar.