Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti bitiruvchisi, Germaniyaning Marburg universiteti katta ilmiy xodimi Sharof Xudoyberdiyevga!

Samarqand davlat universiteti jamoasi nomidan Sizni tug‘ilgan kuningiz bilan samimiy tabriklayman. Biz Siz kabi SamDU da taʼlim olib, bugungi kunda jahonning nufuzli ilm-fan markazlarida faoliyat ko‘rsatayotgan olimlar bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Sizning ulug‘ allomalar sulolasiga mansub ekanligingizni alohida eʼtirof etishni istardim. Bobongiz Rahmonqul Orzibekov – filologiya fanlari doktori, professor, mumtoz adabiyotimizning haqiqiy bilimdoni edi. U kishidan o‘nlab monografiya va o‘quv qo‘llanma, darsliklar, yuzlab maqolalar meros qolganligini mamnuniyat bilan taʼkidlayman.
Bugungi kunda SamDU genetika va biotexnologiya kafedrasi doktorantlari Shahzod Axanbayev va Ixtiyor Akramovlarga ilmiy maslahatchilik qilayotganligingiz tahsinga sazovor. Shuningdek, magistrlarimizga doimiy ilmiy seminarlar o‘tayotganligingiz uchun alohida tashakkur bildirmoqchiman.
Samarqand davlat universiteti bilan aloqalaringiz yana-da mustahkamlanishiga ishonaman. Zamonaviy kadrlar tayyorlashda, yangi laboratoriyalar ochishda Siz kabi dunyo ko‘rgan olimlarimizning taklif va mulohazalari biz uchun qadrlidir.
Alloh umringizga, rizqingizga, kasbingizga baraka bersin...
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi.