“Samarqand davlat universiteti Qirol Abdulla nomidagi Fan va texnologiya universiteti bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdordir”

-Samarqand azal-azaldan ilm-ma’rifat va dunyo tamaddunining beshigi bo‘lib kelgan, - deydi Qirol Abdulla nomidagi Fan va texnologiya universiteti prezidenti, professor Toni Chan, - Jahonda O‘rta Osiyo mutafakkirlaridan Abu Ali ibn Sino, Xorazmiy, Beruniy, Farg‘oniy kabi o‘z davrining dahosi darajasiga ko‘tarilgan zotlar hurmat bilan tilga olinadi. Ular qoldirgan ilmiy meros hamon olimlarimizning diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Saudiya Arabistoni fan va texnologiyalar universiteti (KAUST) xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali tegishli yo‘nalishlarni barqaror rivojlantirishni maqsad qilgan. Universitetimizda bugungi kunda dunyoning 20 ga yaqin davlatlaridan talabalar tahsil olmoqda. Samarqand davlat universitetiga tashrifimiz chog‘ida o‘zbekistonlik talabalar uchun ham KAUST da o‘qish bo‘yicha imkoniyat yaratish masalalarini ko‘rib chiqdik. O‘ylaymanki, Samarqand davlat universiteti bitiruvchilari hamda tadqiqotchilari Saudiya Arabistoni fan va texnologiyalar universitetida tahsil olish orqali o‘z sohasining haqiqiy mutaxassisi bo‘lish bilan bir qatorda, dunyo bo‘yicha dolzarb bo‘lgan mavzularda tadqiqotlar olib borib, ilm-fan olamida yangi ufqlar ochadi.
Samarqand davlat universitetiga Saudiya Arabistonidan tashrif buyurgan delegatsiya rahbari, Qirol Abdulla nomidagi Fan va texnologiya universiteti prezidenti Toni Chan o‘zaro muzokaralarda aynan ushbu masalalarga to‘xtaldi. Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov martabali mehmonlarni qabul qilib, tegishli sohalarda kengaytirilgan muzokara va kelishuvlar olib bordi.
-O‘zbek xalqi Saudiya Arabistonini Islom davlati va islom madaniyati markazi sifatida biladi, - deydi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov, - Har bir davlatda bo‘lgani kabi bu mamlakatda ham ilm-fan va ta’lim kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Sharq ilm-fani bundan ming yillar avval, dunyo ilm-fani taraqqiyotiga tamal toshi qo‘ygan “Baytul-hikma” ga borib taqaladi. O‘rta Osiyo va arab ulamolari azal-azaldan o‘zaro aloqalarda hamfikr va maslakdosh bo‘lib kelgan. Ayni davrda shunday tarixiy aloqalarni qayta yo‘lga qo‘yishda dastlabki qadamlarni qo‘yayotganimizdan mamnunmiz. Samarqand davlat universiteti fundamental fanlar bo‘yicha tadqiqotlar olib borish sohasida yetarlicha kuch va ilmiy asosga ega. Shu bilan birga energetika muammolari, suvdan unumli foydalanish, iqlim o‘zgarishini bartaraf qilish hamda cho‘llanishning oldini olish kabi yo‘nalishlarda xalqaro maydonda tajriba almashish muhim. Bu borada hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz dunyoni ilm-fan orqali barqaror rivojlanish asoslarini yaratadi. Bir so‘z bilan aytganda: Samarqand davlat universiteti Qirol Abdulla nomidagi Fan va texnologiya universiteti bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdordir.
Shuningdek, Rustam Xolmurodov bugungi kunda O‘zbekistonni barqaror rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan bir qator sohalar: energetika, oziq-ovqat xavfsizligi, atrof-muhit muhofazasi, qishloq va suv xo‘jaligi kabi sohalarda xalqaro hamkorlik aloqalarini ta’minlash, bu borada KAUST professor-o‘qituvchilarini Samarqand davlat universiteti ilmiy salohiyatini yanada ko‘tarish, fan nomzodlari, doktorlari tayyorlash borasida ishtirok etishi uchun sharoit yaratish, SamDU tadqiqotchilarini Saudiya Arabistoniga yuborish masalalari bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surdi. Kelishuvlarga ko‘ra, yaqin kunlarda Samarqand davlat universitetida Saudiya Arabistoni fan va texnologiya tadqiqot universiteti yo‘nalishlari va universitetda olib borilayotgan tadqiqotlar, tahsil jarayonlari yoritilgan ko‘rgazma tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.