Samarqand davlat universiteti Kattaqo’rg’on filialida yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan bayram tadbiri o’tkazildi. Anjumanda Kattaqo’rg’on shahar hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Gavhar Alimova, filial direktori, dotsent Sherzod O’roqovlar ishtirok etdi.

    Tadbir Davlatimiz madhiyasi bilan boshlandi. Shundan so‘ng so‘z olgan shahar hokimi joriy o‘quv yilida talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan talabalarni tabriklab, kelgusidagi ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

    - SamDU Kattaqo’rg’on filiali o’z faoliyatini boshlaganiga bir yil bo’lgan bo’lsada, yuqori natijalarga erishmoqda, - deydi direktor Sherzod O’roqov. - O’tgan yilgi holat bilan taqqoslasak, bir qator qulaylik va afzalliklarga erishdik. Yangi va zamonaviy o’quv binolari qad rostladi, qabul kvotalari oshirildi. Ayni damda yangi talabalar turar joyi hamda o‘quv binosi qurilmoqda. O’qiyman deydigan talabalar uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, faqat o’qish talab etiladi…

    Ma’lumot uchun, filialda bugungi kunda 13 kunduzgi va 1 sirtqi ta’lim shaklida 1110 nafar talaba tahsil olmoqda.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.