Bugungi kunda ijtimoiy-ma’naviy sohalardagi islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqimizning ma’naviy yuksalish yo‘lidagi imkoniyatlarini kengaytirish, jamiyatda ma’rifatparvar, ziyoli qatlamni shakllantirishga qaratilgan e‘tibor muhim  ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodini yuksaltirish maqsadida har yili o‘tkazib kelinayotgan respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy Zomin seminari  bu gal “Do‘rmon ijod uyi”da o‘tkazildi. Mening ham ushbu seminar ishtirokchisi bo‘lganim hayotimda unutilmas sahifa ochdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

    Yo‘lga chiqar ekanman avtobus meni Toshkentga, adabiyot yashayotgan manzil - Do‘rmon ijod uyi sari eltayotganidan quvonardim. Yosh ijodkorlar seminari haqida kitoblarda, jurnallarda o‘qib, har bir yosh ijodkor uchun adabiyotdagi mas’uliyatning boshlanishi shu seminar ekanligini anglagandim. Bu mas’uliyatning chekimga tushishi Do‘rmon sari yo‘lga chiqishimdan boshlandi.

    Ulug‘ dargohda adabiyotimizning yetuk namoyondalari bilan bir davrada bo‘lganim ham  menga cheksiz quvonch bag‘ishladi.  Aziz Said, Faxriyor, Sirojiddin Rauf, Muhiddin Abdusamad, Salim Ashur, Zebo Mirzo, Xosiyat Rustamova singari so‘z san’atkorlari, Ibrohim G‘ofurov, Suvon Meli, Odil Ikrom kabi tarjimon, munaqqidlar – ustozlarimiz hamda yosh ijodkor do‘stlarim bilan bir davrada bo‘lganimdan ham faxr, ham mas’uliyat hissini tuydim. Seminarda teran tafakkurli, bilim salohiyatga ega do‘stlar ortirganim hayotimda o‘chmas iz qoldirdi.

    Seminarning yuqori saviyada tashkil etilgani, ishtirokchilarning bir daqiqa vaqti ham mazmunsiz, ajoyib taasurotlarsiz o‘tmaganidan ham bilish mumkin. Bu o‘rinda tadbir tashkilotchilariga alohida minnatdorchiligimni izhor etaman. Seminar biz kabi yosh, umidli ijodkorlar uchun o‘z yo‘limizni topish uchun yo‘lchiroq vazifasini o‘taydi desam, xato bo‘lmaydi. Zero, u orqali adabiyotga umid bog‘lagan har bir yosh qalb ijodda o‘z o‘rnini topa olsa ajab emas.

Shahrizod Shodiyev

Samarqand davlat universiteti

Filologiya fakulteti talabasi.