Germaniyaning Bamberg universitetida tadqiqot olib borgan Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti o‘qituvchisi Sardor Umarov bilan suhbat

    -Ilm-fan yo‘lini tanlashingizga asosiy sabab nima bo‘lgan?

    -Maktab davrimdayoq  tarix va huquq faniga qiziqqanman. Ayniqsa eski tangalar va eski o‘zbek yozuvida yozilgan qo‘lyozmalarni tomosha qilishni yaxshi ko‘rardim.  SamDU qoshidagi 2-son akademik litseyini tamomladim. Samarqand davlat universiteti tarix fakultetida o‘qish davomida ustozim Mustafo Rahmatullayev bilan uchrashuv meni ilm yo‘liga olib kirdi.  Ustozim bilan bakalavriat va magistratura bosqichida ilmiy tadqiqot olib bordim. Hozirgi faoliyatimda ham bu insonning beminnat maslahati  menga yordam berib kelmoqda.

    -Germaniyaning Bamberg universitetida tadqiqot olib borgansiz. Umuman, u yerga borishingiz qanday bo‘lgan?

-2019-yildan beri Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakultetida dekan o‘rinbosari sifatida faoliyat olib boraman. Universitetimizga dars berish uchun kelgan xorijlik professor-o‘qituvchilar, mehmonlar va delegatsiya vakillari bilan ishlab,  fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldim. O‘zaro muloqotlar asnosida menda ham xorijda tadqiqot olib borish orzusi uyg‘ongan va harakatlarim samarasida bunga erishdim.

    -Ilmiy tadqiqotingiz qaysi mavzuda?

    -Ilmiy tadqiqot ishim “O‘zbekiston va Germaniya hamkorligining tarixi” mavzusida. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasining 1991-2021 yillarda Germaniya bilan hamkorligining tarixini yoritib berishdan iborat. Ushbu izlanish orqali ikki davlat aloqalari huquqiy asoslarining yaratilishi jarayoni, O‘zbekiston Respublikasining 1991-2021-yillarda Germaniya bilan savdo-iqtisodiy, ta’lim, ilm-fan sohalarida hamkorligining holati va istiqbollari bilan bog‘liq masalalar, O‘zbekiston va Germaniya xalqlarining madaniyat sohasidagi aloqalarini o‘rganmoqdaman.

    -Bamberg universitetida sizning sohangizda qanday yangicha tadqiqotlar olib borilmoqda? Ularning qaysilarini O‘zbekistonda ham joriy qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

    -Germaniyaning Bavariya yerida joylashgan Bamberg universiteti gumanitar fanlarga ixtisoslashgan bo‘lib o‘zining uzoq o‘tmishiga ega hisoblanadi. Bamberg universitetida tarix sohasida raqamli tarix bo‘yicha loyihalar, dasturlar va  laboratoriya jihozlari bilan ishlash amaliyoti kuchli rivojlangan. Hatto gumanitar fanlar fakulteti negizida raqamli tarix kafedrasi ham mavjud.

    SamDU da kelgusida matn tahliliga raqamli yondoshuv, Voyant Tools, WordHoard kabi dasturlar bilan tadqiqotlar olib borish ko‘nikmasini hosil qilish davr talabi, deb o‘ylayman. Tarixchilarimiz raqamli tarix to‘plamlarini va ko‘rgazmalarini yaratish uchun ochiq manbali veb-nashr platformalari bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lishlari  uchun  kurslar tashkil etish vaqti keldi. Shuningdek, raqamli tarix kafedrasi ham ochilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

    -Ushbu universitet ta’lim jarayonlari, tadqiqot yo‘nalishlari SamDU dan nimasi bilan farqlanadi? Qanday  farqlar mavjud?

    -Ta’lim va amaliyotning birga olib borilishi ta’lim oluvchilar tomonidan zarur bilim, malaka va ko‘nikmalarni olishga qaratilgan bo‘lib, ularning nazariy qismi ta’lim tashkiloti negizida, amaliy qismi esa ta’lim oluvchining ish joyida amalga oshiriladi. Ta’lim va amaliyotni birga olib borilishi sodda tilda aytganda dual ta’lim Germaniyada 1969-yildan, “Kasbiy ta’lim to‘g‘risida” qonun qabul qilingandan beri mavjud. Dual ta’limda bir mutaxassislikda o‘qish bilan birga boshqa bir kasbni ham egallash maqsad qilib olingan. Masalan: injenerlikda o‘qiyotgan talabaga korxonada ishlashi hisobiga texnik mutaxassislikda ham diplom beriladi. Bitiruvchi bir vaqtning o‘zida ikkita mutaxassislik bo‘yicha diplomga ega bo‘ladi.

    SamDU ga ham Germaniya ta’lim tizimida mavjud bo‘lgan dual ta’limni tatbiq etish bakalavriat talabalariga bilim ko‘nikmalarini amaliyotga joriy qilish, jamiyat rivoji uchun yetishmayotgan mutaxassislarni tayyorlashga imkon beradi.

    Bamberg universitetida tarix sohasida ta’lim jarayonlari va tadqiqot yo‘nalishlari nafaqat SamDU dan balki, O‘zbekistonning barcha oliy ta’lim muassasalaridan farq qiladi. Bizda tarixni xronologik jihatdan davrlashtirib o‘qitiladi va tadqiqot ishlarida ham asosan xronologik davrlardan kelib chiqiladi. Bamberg universitetida esa boshqacha. Ularda tarix xronologik yondoshuv asosida emas, yo‘nalishlar va mintaqalar kesimida o‘qitiladi. Shundan kelib chiqib tadqiqotlar ham mintaqalar, yo‘nalishlar yoki alohida bir masala yuzasidan olib boriladi.

    Ilmiy tadqiqot sohasida xorijdan tashrif buyurgan olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularni Bamberg universitetida tadqiqot olib borishlarini muvofiqlashtirib turish uchun bugungi kunda universitetning xalqaro aloqalar bo‘limi qoshida “Welcome center” markazi mavjud. Mazkur markaz tomonidan bu yerda o‘qish va tadqiqot olib borish istagida bo‘lganlar uchun kerakli ko‘mak beriladi. Samarqand davlat universitetida ham shu kabi markaz ochilsa, jahon olimlari va tadqiqotchilarining SamDU ga kelib tadqiqot olib borishga qiziqishlari ortar edi.

    -Universitet kutubxonasi haqida ham aytib bersangiz.

    -Bamberg universitetida jami 6  kutubxona mavjud. Har bir kutubxona gumanitar fanlarning ma’lum bir sohasiga moslashgan. Tarix va arxeologiya sohasiga ixtisoslashgan kutubxona uch qavatdan iborat bo‘lib, u yerda arxeologiya va tarixning barcha davrlariga oid  bo‘lgan dunyoning ko‘plab tillarida chop etilgan adabiyotlarni topish mumkin. O‘zbek tilida chop etilgan adabiyotlar ham mazkur kutubxona fondida mavjud.

    Kutubxonalar ertalab soat 8 dan kechki 8 gacha talabalarga xizmat ko‘rsatadi. Kutubxonalarda adabiyotlarni izlash va buyurtma berish elektron shaklda amalga oshiriladi. Bu esa kitobxonlarga vaqtini tejash va kerakli kitobni tez topish imkonini beradi. Eng asosiysi universitet tomonidan berilgan kutubxona kartasi bilan shahardagi boshqa davlat kutubxonalariga ham kira olishingiz mumkin. Universitet kutubxonalaridan biri 7/24 formatda  faoliyat olib boradi. Har bir kutubxonada kitobxonlar dam olishi uchun maxsus joylar tashkil qilingan.

    Bamberg universitetining boy kutubxonasidan O‘zbekiston tarixi, madaniyati va ilm-faniga doir adabiyotlar (elektron shaklda) SamDU kutubxonasiga yetkazilgani Bamberg universitetiga tashrifimizning yaxshi natijalaridan biri bo‘ldi.

    -Kelgusidagi rejalaringiz qanday?

    -Ilmiy faoliyatni davom ettirib, tadqiqot mavzum doirasida PhD dissertasiyasini himoya qilish va kelgusida xorijiy oliy ta’lim muassasalarida “post dok” da faoliyat olib borish. Orzuim Samarqand davlat universitetining jahondagi nufuzi va jozibadorligini oshirishga xizmat qilish...

    -O‘z tadqiqotini xorijda davom ettirmoqchi bo‘lgan yoshlarga qanday maslahat va tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

    -Avvalo, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha kuchli bilimga ega bo‘lish, shu bilan birga xorijiy tillarni mukammal egallashlari lozim. Sababi dunyoning yetakchi davlatlari olimlari o‘z ona tili bilan birga ingliz tilida ham erkin muloqot qila oladilar.

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi