Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti 8 bakalavriat yo‘nalishida mutaxassislarni tayyorlab, 2+2 ta’lim dasturi bo‘yicha Rossiya, Isroil, Janubiy Koreya, Xitoy kabi davlatlardagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib kelmoqda.

    Ushbu fakultetning iqtisodiyot va raqamli iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishidagi ilk qardirg‘ochlari hisoblangan 20 nafar talaba xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishini  Tomsk davlat universitetida (Rossiya) davom ettiradi. O‘qishini muvaffaqiyatli tamomlagan talaba ikkala universitetning ham bakalavr diplomiga ega bo’ladi.

    - Samarqand iqtisodiyot kollejini iqtisod tarmoqlari yo‘nalishi bo‘yicha tamomlaganman, - deydi SamDU xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti talabasi Farangiz Boqiyeva. – Kelajagimni shu sohada ko‘rganligim bois ushbu yo‘nalish bo‘yicha Samarqand davlat universitetida o‘qishga qaror qildim va bunga erishdim. Ikki yil davomida yetarlicha bilim-malakaga ega bo‘ldim. Endilikda o‘qishimni qolgan ikki yilini Tomsk davlat universitetida davom ettiraman. Bizga bu imkoniyatni yaratib berganligi uchun Samarqand davlat universitetiga minnatdorligimni bildiraman…

    - 4 yil davomida ikkita universitetining diplomiga ega bo‘lish men uchun ulkan sharaf, - deydi talaba Jahongir Bobomurodov. – Ikki yil davomida zamonaviy ta’lim texnologiyalardan foydalangan holda bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lib, chet tillarini o‘rgandik. Bu bizning kelajak poydevorimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. SamDU da olgan bilimlarimizni mustahkamlash uchun yana o‘qishimizni ikki yilini Rossiyada davom ettiramiz. Nasib qilsa yana ikki yildan keyin yuqori malakali mutaxassis bo‘lishimga ishonaman…

    - Kun sayin yoshlarimizga berilayotgan imkoniyatlarni ko‘rib, insonning quvongisi keladi. Farzandim endi chet elda o’qiydi, deb bemalol g’ururlanib ayta olaman, - deydi talabaning otasi Azamat Tursunov. – Bugun farzandimning to‘g‘ri tanlov qabul qilganligiga yana bir karra amin bo’ldim. Ikkita universitetda o‘qib, malakali mutxassis hamda yurtimiz uchun munosib kadr bo’lishiga ishonaman…

Behruz SHAMSIDDINOV

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.