Samarqand davlat universiteti tadqiqotchisi Fransiyada til malakalarini oshirish bo‘yicha stajirovka dasturida ishtirok etmoqda...

Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘limi uslubchisi Zarifa Eshmurodova ayni vaqtda Fransiyaning Klermong Overn universitetidagi CAVILAM – Ommaviy axborot vositalari va tilni amaliy yondashuv asosida o‘rganish markazida tashkil etilgan stajirovka dasturida ishtirok etmoqda. Mazkur dasturning maqsadi chet elliklarga fransuz tilini o‘rgatishga qaratilgan bo‘lib, har yili 120 mamlakatdan kelgan 4 mingdan ortiq tadqiqotchilarni qabul qiladi. Biz tadqiqotchi bilan bog‘lanib, ushbu dasturdagi ishtiroki bilan qiziqdik.
- Klermong Overn universiteti qoshida har yili muntazam ravishda xorijliklarning fransuz tilidagi bilimini chuqurlashtirish maqsadida mana shunday dasturlar amalga oshiriladi, - deydi Zarifa Eshmurodova. - Ushbu dastur xorijiy tillarni o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan fransuz tili o‘qituvchilariga pedagogik stajirovka o‘tash uchun tashkil qilingan. Unda til kurslari darslari bilan birgalikda Fransiya gastronomiyasi, vino sanoati, madaniyati, Fransiya shaharlari, tarixiy obidalar bo’ylab sayohatlar tashkil qilinadi. Har bir til kursi boshlanishidan avval, stajyorlardan 4 ta kompetensiya bo’yicha fransuz tilidan test sinovlari olinadi. Natijalarga qarab, stajyorlar A1, A2, B1, B2 va C1 darajali guruhlarga bo’linadi va darslar shu darajalar asosida tashkil qilinadi. Men ushbu dasturning C1 darajali guruhida malaka oshirmoqdaman.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati