Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun izlanuvchilar faoliyati samaradorligining monitoringi quyidagi mezonlar bo‘yicha amalga oshiriladi:

    a) o‘qishning birinchi yilida:

    - dissertatsiya mavzusi bo‘yicha tasdiqlangan yakka tartibdagi rejaning mavjudligi va uning bajarilishi;

    - ixtisoslik bo‘yicha tasdiqlangan nazariy-metodologik dasturning mavjudligi va uning bajarilishi;

    - tegishli jurnallarida dissertatsiya mavzusi bo‘yicha kamida bitta ilmiy maqolaning chop etilganligi;

    - ilmiy konferensiyada dissertatsiya mavzusi bo‘yicha maʼruza bilan ishtirok etganligi;

    - dissertatsiya mavzusi bo‘yicha tahliliy umumlashtiruvchi qisqacha maʼlumotning mavjudligi;

    - ilmiy tashkilot yoki taʼlim muassasasi seminarida dissertatsiya mavzusiga doir tahliliy umumlashtiruvchi qisqacha maʼlumot natijalari bo‘yicha (ilmiy rahbar bilan birgalikda) maʼruza qilganligi; 

    b) o‘qishning ikkinchi yilida:

    - tegishli jurnallarida dissertatsiya mavzusi bo‘yicha hisobot davrida chop etilgan kamida bitta ilmiy maqolaning mavjudligi;

    - dissertatsiya mavzusi bo‘yicha hisobot davrida ilmiy konferensiya materiallarida kamida bitta chop etilgan maʼruza tezisining mavjudligi;

    - tegishli xorijiy jurnalda dissertatsiya mavzusi bo‘yicha kamida bitta chop etilgan ilmiy maqola mavjudligi;

    - ilmiy tashkilot yoki taʼlim muassasasi ilmiy-tashkiliy bo‘linmasi (kafedra, laboratoriya, bo‘lim, sektor) ilmiy seminarida dissertatsiya ishining dastlabki natijalari bo‘yicha (mustaqil) maʼruza bilan ishtirok etish;

    - dissertatsiya mavzusi bo‘yicha yakka tartibdagi rejasining bajarilishi bo‘yicha hisobot berish;

    v) o‘qishning uchinchi yilida:

    - jurnallarda, shu jumladan xorijiy jurnallarda soni belgilangan talablarga muvofiq chop etilgan ilmiy maqolalari mavjudligi;

    - OAK talablariga muvofiq tayyorlangan tugallangan dissertatsiya ishi, avtoreferatining mavjudligi;

    - ilmiy tashkilot yoki taʼlim muassasasi ilmiy-tashkiliy bo‘linmalari majlislarida dissertatsiya va avtoreferatining ko‘rib chiqilganligi va muhokama qilinganligi (VMQ-304, 2-ilova 6-bob 53-band).