SamDU magistri Ustozlar Milliy forumida e’tirof etildi

Bugun Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida yangi o’quv yili oldidan viloyat xalq ta’limi xodimlarining an’anaviy Ustozlar Milliy forumi o’tkazildi. Unda viloyatimiz xalq ta’limi tizimining bugungi holati, istiqboldagi reja va vazifalar, yangi o’quv yiliga tayyorgarlik masalalari muhokama etildi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ham ishtirok etib, mamlakatimiz ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, pedagoglarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, o’qituvchilarning jamiyatdagi o’rnini mustahkamlash, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo’llab-quvvatlash haqida nutq so’zladi. Shuningdek, tizimdagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish usullari haqida o’z fikrini bayon etdi.
Forum doirasida o’tgan o’quv yilida o’z tashabbuskorligi bilan faol bo’lgan, o’quvchilari respublika, viloyatimiz miqyosidagi fan olimpiadalarida faxrli o’rinlarni egallagan o’qituvchilar taqdirlandi.
Xususan, ushbu forumda Samarqand davlat universiteti magistri, Pastdarg’om tumanidagi 83-maktabning oliy toifali tarix fani o’qituvchisi Oybek Ismatov xalq ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni hayotga tatbiq etishdagi faol ishtiroki va ta’lim sifatini oshirishga qo’shayotgan munosib hissasi uchun Samarqand viloyati hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg’alariga ega bo’ldi.
- Ustozlarim qatorida mening ham ushbu e’tirofga loyiq ko’rilishim, albatta, men uchun ham sharaf, ham ajoyib bir ruhlantirish bo’ldi, - deydi Oybek Ismatov. – O’tgan o’quv yili biz uchun omadli keldi. O’quvchilarimiz viloyatimizda o’tkazilgan fan olimpiadasida ikkinchi o’rinni, “Yangi O’zbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostidagi yoshlar festivali doirasida o’tkazilgan “Viloyat hokimi fan olimpiadasi” da esa faxrli 1-o’rinni qo’lga kiritdi. Yosh pedagog kadrlarning ham mehnatlarini munosib e’tirof etilishi bu yurtimizdagi ta’lim islohotlarining yorqin bir dalili bo’la oladi.
Otabek Sagdullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.