Samarqand davlat universiteti doktoranti O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi tomonidan tashkil etilgan yosh tarixchilarining birinchi yozgi maktabida ishtirok etmoqda

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix instituti va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan O‘zbekiston yosh tarixchilarining birinchi yozgi o‘quv kurslariga start berildi. 10 kunga mo‘ljallangan tadbir Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Chimyon qishlog‘idagi «Yoshlar» oromgohida bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu seminarda respublikamizning turli hududlaridan kelgan 100 ga yaqin yosh tarixchilar qatorida Samarqand davlat universiteti doktoranti Nodirbek Xushvaqtov ham ishtirok etmoqda.
Yozgi o‘qish davomida ularga Respublikaning yetuk tarixchi olimlari va xorijlik mutaxassislar mahorat darslarini o‘tishi, davra suhbatlari, «Zakovat» o‘yinlari va boshqa turli ma’rifiy, ko‘ngilochar va sport tadbirlari tashkillashtirilishi rejalashtirilgan.
- Yosh tarixchilar o‘rtasida hamjihatlikni yo‘lga qo‘yish, ularni ilm-fanning yangi yutuqlari bilan tanishtirish va malakasini oshirishga mo‘ljallangan ushbu tadbir ilk marotaba tashkil etilganligi bilan e’tiborga molik, - deydi Nodirbek Xushvaqtov. – Shuningdek, bu yerda bizga fanimizning faxriy ustozlari ham o‘zlarining faoliyatlaridan kelib chiqqan holda tariximizni o‘rganish, uni kelgusi avlodga xolis yetkazish kabi bir qator ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashmoqdalar.
Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.