Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi, badiiy gimnastika bo‘yicha 3 karra Osiyo chempioni, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Nuriniso Usmonova bilan suhbat

    -Nima uchun aynan badiiy gimnastikani tanlagansiz?

    -Badiiy gimnastika qizlar uchun eng mos, qulay va foydali. Bolaligimdan bu sport turiga qiziqishim kuchli bo‘lgan. To‘rt yoshligimdan boshlab badiiy gimnastika bilan shug‘ullanib kelaman. Bugun nimagaki erishgan bo‘lsam, unda avvalo, ota-onam, ustozim Yelena Aslanova, shuningdek, men tahsil oladigan Samarqand davlat universitetining o‘rni beqiyos.

    Bugungi muvaffaqiyatlarimda Samarqand davlat universitetining o‘rni nihoyatda katta. Trener sifatida faoliyat yuritganim uchun menga tajriba va nazariy bilimlar, bolalarga sportni o‘rgatish metodlarini qo‘llash, o‘rgatishda nimadan boshlash kerakligini bilish zarur. Qolaversa, fakultetimizdagi boshqa sportchilar, ular erishayotgan yutuqlar meni hamisha yangi muvaffaqiyatlar sari harakat qilishimda motivatsiya berib turadi.

    Yelena Aslanova murabbiyligi ostida bir qator yutuqlarga erishganman. Ketma-ket yetti yil viloyat chempionatida faxrli o‘rinlarni egallaganman. Yigirma marta O‘zbekiston chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim.

    -Eng esda qolarli  g‘alabangiz qaysi?

    -Aslida har bir g‘alabam men uchun esda qolarli va qadrli. Dastlab O‘zbekiston chempioni, keyingi yillarda Osiyo chempioni nomiga sazovor bo‘lganim, Islom birdamlik o‘yinlarida kumush medalini qo‘lga kiritganim hamma-hammasi men uchun unutilmas. 2020-yilda muhtaram Prezidentimiz qaroriga ko‘ra Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandim. Bu voqea hayotimda o‘ziga xos muhim g‘alaba sifatida muhrlangan.

    -Mag‘lubiyatni qanday qabul qilasiz?

    -Albatta bu alamli bo‘ladi, ammo tan olmasdan iloj yo‘q.

    -Sport siz uchun nima?

    -Sport – men uchun hayot! Va eng kuchlilar qatoriga olib chiqadigan muvaffaqiyatlarga erishish yo‘li. 

    -Sportni tark etish haqida o‘ylagan vaqtingiz bo‘lganmi?

    -13 yoshimda o‘smirlar musobaqasida ishtirok etdim. Ammo o‘zim kutgan muvaffaqiyatga erisha olmadim. O‘shanda o‘zimdan xafa bo‘lib, sportdan ketmoqchi bo‘lganman. Hammasini yig‘ishtirib, ikki hafta uyda yurganimdan keyin sportsiz hech narsa qilolmasligimni anglab yetdim. Keyin sabr bilan  tushkunlikni yengishga muvaffaq bo‘ldim.

    2019-yil Bolgariyada o‘tkazilgan jahon chempionatida ishtirok etib qaytganimdan keyin ham shunday vaziyatga tushib qoldim. Sportdan butkul sovudim. Hatto o‘zim shug‘ullanadigan zal ham ko‘zimga yomon ko‘rinib ketardi. Keyingi bir necha oy ichida deyarli shug‘ullanmadim. Ammo “Vaqt hamma narsaga davo,” deyishlari rost ekan, bir muddat o‘tib yana sevimli kasbimga qaytdim.

    -Sport ayol kishiga nima bera oladi?

    -Avvalo tartib-intizom, xulq va chiroyli qad-qomat.

    -Armoningiz bormi?

    -Sportda deyarli barcha orzularimga erishdim. Faqat Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishdan tashqari...

    -Sizningcha ayol kishi uchun taniqli bo‘lish muhimmi?

    -Men uchun “ha”. Chunki, har bir mashhurlik ortida o‘sha sohaning eng zo‘ri va kuchlisi bo‘lish yotadi.

    -Bugungi O‘zbekistonda badiiy gimnastika sporti qay darajada rivojlanyapti, deb o‘ylaysiz?

    -So‘nggi ikki-uch yil ichida mamlakatimizda badiiy gimnastika sport turini rivojlantirish bo‘yicha bir qator salmoqli ishlar amalga oshirildi. Har mavsumda yangidan-yangi sovrinli musobaqalar tashkil etilmoqda. Gimnastikachi qizlar shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar yetarli.

    Samarqand shahri sharoitidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, gimnastikachilar shug‘ullanishlari uchun qo‘shimcha mashg‘ulot zallari qurilsa yaxshi bo‘lardi. Chunki yildan-yilga gimnastika bilan shug‘ullanishni istovchilar soni ko‘payib bormoqda. Sababi, ushbu sport turi bolalar uchun bog‘cha yoshidan boshlab foydali va xavfsiz sport turidir. Ko‘plab ota-onalar farzandlarini kurash, boks va shunga o‘xshash sport turlariga berishdan ko‘ra gimnastikaga berishni afzal biladi.

    -Kelajakdagi rejalaringiz?

    -Endigi asosiy maqsadim o‘zimga o‘xshagan badiiy gimnastikachi qizlarni tarbiyalash. Shogirdlar o‘qituvchilarining izidan boradi. Shunday ekan, men hamisha shogirdlarim ishonchiga munosib trener bo‘lishga harakat qilaman. Ayni paytda yigirmadan ortiq shogirdlarim bor. Ular orasida viloyat va respublika chempionati g‘oliblari anchagina.

    -Faoliyatingiz uchun kerakli motivatsiyani kimdan olasiz?

    -Birinchi navbatda o‘zim, keyin onam va ustozim.

    -Bo‘lajak gimnastikachilarga qanday maslahat va tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

    -Eng birinchi o‘rinda maqsad sari to‘xtamasdan harakat qilish kerak. Yosh sportchilarda o‘ziga ishonch hissi yuqori bo‘ladi va shuning uchun ular musobaqalarda ishtirok etishayotganda albatta g‘alaba qozonishiga kuchli ishonishadi. Agar ko‘zlagan natijalariga erisholmay qolishsa, birdaniga tushkunlikka tushib qolishadi. Bunday vaziyatda tezda o‘nglanib, yana harakat qilish va o‘ziga ishonishda davom etish kerak.

    -Ota-onalar farzandlarini necha yoshdan boshlab badiiy gimnastikaga berishlari mumkin?

    -Yuqorida aytganimdek, gimnastika qizlar uchun nihoyatda foydali sport turi. Bolalar o‘rtacha 3-4 yoshdan boshlab shug‘ullansa bo‘ladi. 20-25 yoshga yetganlarida shug‘ullanishni to‘xtatganlari maqsadga muvofiq.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi

Iroda Bekmurodova suhbatlashdi