Samarqand davlat universiteti optika kafedrasi mustaqil tadqiqotchisi, Vengriyaning Debresen universiteti doktoranti Otabek Umarov bilan suhbat

    -Ilm-fan yo‘lini tanlashingizga nima sabab  bo‘lgan? Nega aynan fizika sohasiga to‘xtalgansiz?

    -Bolaligimda fizika va kimyoga juda qiziqardim. Maktabni bitirgach, SamDU qoshidagi liseyga o‘qishga kirdim. Tahsil davomida fizika faniga bo‘lgan ishtiyoqim yanada kuchaydi. Shundan so‘ng Samarqand davlat universiteti fizika fakultetida o‘qishimni davom ettirdim. Bu dargohdan dunyoga mashhur fizik olimlar yetishib chiqqan...

    -Vengriyaning Debresen universitetida tadqiqot olib bormoqdasiz.  Umuman, u yerga borishingiz qanday yuz bergan?

    -Debrecen universitetiga kelishimdan maqsad xorijiy tajriba, bilim va ko‘nikmalar almashishdir. Samarqand davlat universiteti xalqaro bo‘limida ishlaganman. Bu meni xorijda ilmiy izlanish olib borishimga asosiy turtki hisoblanadi. Xalqaro bo‘limdagi faolyatim davomida universitetga kelgan xorijiy professor-o‘qituvchilar, mehmonlar va delegatsiya vakillari bilan ishlash,  muloqot qilish hamda fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘lganman. Ushbu jarayonda menda ham xorijda tadqiqot olib borish orzusi uyg‘ongan.

    -Qaysi mavzuda ilmiy ish qilyapsiz?

    -Ilmiy tadqiqot ishim “Yorug‘lik ta’siridagi no-adiabatik molekulalar dinamikasi” mavzusida. Ushbu izlanish orqali tashqi muhit (xususan, yorug‘lik ta’siri) bo‘lganida ba’zi molekulalarning geometrik va dinamik xossalari, molekulalardagi elektron strukturalar, o‘zaro ta’sirlanishlar kabi fizik xususiyatlarni o‘rganmoqdaman.

    -Debrecen universitetida fizika sohasida qanday yangi tadqiqotlar olib borilmoqda? Ularning qaysilarini O‘zbekistonda ham joriy qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

    -Bu yerda fizika sohasi asosan ikkita katta qismga bo‘lingan; nazariy fizika va eksperimental fizika. Lekin ayrim o‘rinlarda bu ikkita bo‘lim birlashib ketgandek tuyiladi. Ya’ni eksperimentchilar ham nazariy hisob-kitoblar olib boradi. Buning uchun universitetda barcha shart-sharoitlar yetarli. Misol uchun men fizikman lekin bu yerga kelib nazariy hisob-kitoblarni olib borish uchun bir nechta kompyuter programmalari (C, FORTRAN, GSL, MCTDH, MOLPRO) bilan ishlashni ham o‘rganmoqdaman. Bugungi kunda rivojlangan davlatlarda dunyo olimlari nafaqat fizika balki kimyo, biologiya, matematika, geografiya va kompyuter dasturlari asosida nazariy hisob-kitoblar olib bormoqda.

    Debrecen universitetida ham ushbu mezon qat’iy amal qiladi. Bizdagi universitetlarda ham kuchli kompyuterlar bilan jihozlangan laboratoriyalar tashkil qilish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ikkinchidan, aniq fanlar sohasida ingliz tilida o‘qitiladigan guruhlar ochish kerak, deb o‘ylayman. Universitetlarimizni dunyo tan oladigan oliygohlarga aylantirishni busiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Sababi ilm-fan, texnologiya yildan yilga yangilanib, zamonaviylashib borayotgan bir paytda, hali ham sho‘ro davrlarida yaratilib, tarjima qilingan kitoblardan darslik sifatida foydalanish zamon talablariga mutlaqo javob bermaydi.

    Dunyoning rivojlangan davlatlari va Top-1000 talik ro‘yxatga kiradigan universitetlarning deyarli barchasida ingliz tili o‘qitish dasturlari mavjud. Misol uchun Vengriyaning 9 ta OTM lari dunyo tan olgan tashkilotlarning dastlabki 1000 talik ro‘yxatiga kiradi va bularning hammasida ingliz tilida o‘qitish dasturlari mavjud, jumladan QS reytingi bo‘yicha 691-600 o‘rinlarda turuvchi Debrecen universitetida 70 dan ziyod ingliz tilidagi dasturlar mavjud bo‘lib, ularda 300 dan ziyod ingliz tili guruhlari yoki 7000 mingdan ziyod xorijdan kelgan talabalar tahsil olishmoqda. Bu umumiy talabalar tarkibining 24 foizi degani.

    Bugungi kunda rivojlangan davlatlarning OTM larida korrupsiya holati deyarli uchramasligini ko‘rishimiz mumkin. Shu sababli o‘quv dargohlarini korrupsiyadan holi qilish muhimdir. Oliy ta’lim muassasasi bu shunday joyki, unda yoshlarimizga dars beradigan o‘qituvchilarni, betob bo‘lsak davolovchi shifokorlarni, davlat tashkilotlariga borsak bizga xizmat ko‘rsatuvchi hodimlarni, bir so‘z bilan aytganda mamlakat ertasini belgilab beradigan kadrlarni tayyorlaydigan dargoh. Shu sababli bu maskanda adolat va shaffoflik mezonlari qat’iy amal qilishi kerak. Transparensy International xalqaro tashkilotining yaqinda chiqargan hisobotiga ko‘ra, 2021 yilda korrupsiya ko‘rsatkichlari kamligi bo‘yicha O‘zbekiston o‘tgan yillarga nisbatan o‘z o‘rnini 6 pog‘ona yaxshilab 140-o‘rinni egalladi (2018 yilda 158-o‘rinda edi). Bu borada professor-o‘qituvchilarning dars o‘tish foliyatini baholab borish, korrupsiyaning oldini olish uchun har semestr tugaganida talabalardan elektron so‘rovnomalarni olishni yo‘lga qo‘yish ham o‘ta muhimdir.

    -Ushbu universitet ta’lim jarayonlari, tadqiqot yo‘nalishlari SamDU dan nimasi bilan farqlanadi? Qanday afzallik va farqlar mavjud?

    - Birinchidan, bu yerda talabalar xorijiy (ingliz, yapon, xitoy, rus, koreys, nemis, fransuz) tillarni universitet tashkil qilgan kurslardan o‘rganishlari mumkin. Ushbu til kurslari majburiy fan sifatida o‘tilmaydi, ya’ni kimning qiziqishi bo‘lsa biror tilni tanlab ro‘yxatdan o‘tadi va shu til bo‘yicha kurslarda qatnashishi mumkin bo‘ladi. Talabalar ikki semestr davomida xorijiy tillarni bepul o‘rganishlari mumkin. Qolaversa, o‘qituvchilarga ham qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Misol uchun, universitet professor-o‘qituvchilari uchun alohida binolar qurilgan bo‘lib, ularda har ikkita yoki uchta o‘qituvchi yo ilmiy izlanuvchiga dars qilish, o‘z ustida ishlash va ma’ruzalarga tayyorlanish uchun bitta xona ajratiladi.  Shuningdek, bizda doktorantura 3 yil, doktorantlarga dars bo‘lmaydi, bu yerda esa ushbu bosqich 4 (2+2) yilni tashkil etadi. Doktorantlar dastlabki 2 yilini dars va ilmiy tadqiqotda o‘tkazsa, qolgan 2 yilini esa faqat ilmiy izlanishga sarflaydi.

    -Universitet kutubxonasi haqida ham aytib bersangiz.

    -Debrecen universitetida jami 7 ta kutubxona mavjud bo‘lib, birgina Universitet milliy kutubxonasi Vengriyadagi ikkinchi katta kutubxona hisoblanadi. Kutubxonalar ertalab soat 8 dan kechki 6 gacha, ba’zilari esa 8 gacha talabalarga xizmat qiladi.

    -O‘z faoliyatini xorijda davom ettirmoqchi bo‘lgan yosh tadqiqotchilarga qanday maslahat va tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

    - Eng muhimi o‘z sohasini yaxshi bilish, yetuk mutaxassis bo‘lish. Ikkinchidan, xorijiy tillarni, xususan ingliz tilini o‘rganishlari zarur. Sababi hamma yangi bilim va kashfiyotlar birinchi ingliz tilida chiqadi.

    Yaqin yillar ichida Samarqand davlat universitetini Top-1000 talikdan  o‘rin olishiga ishonaman. SamDU jamoasini mustaqillik bayrami bilan tabriklayman...

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi

Iroda Bekmurodova suhbatlashdi.