Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti magistri Shodiyor Xoliqulov mustaqillik yillarida Qashqadaryo viloyatida demografik jarayonlarning tahlili mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda.

    - Mustaqillik yillarida O‘zbekistonning alohida viloyatlarida kechgan demografik jarayonlarni tarixiy tahlil qilish muhim ilmiy ahamiyatga ega, - deydi Shodiyor Xoliqulov. - Zero, bu mintaqalarning tarixiy rivojlanishi, o‘ziga xos tabiiy-geografik sharoiti, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik salohiyati, xududiy tarkibi, aholi joylashuvidagi turli shakllarning mavjudligi kabi xususiyatlarini aniqlashga imkon beradi. Shunday xududlardan biri Qashqadaryo viloyati hisoblanadi.

    1990-2020 yillar oralig‘ida Qashqadaryo viloyatidagi demografik jarayonlarni qisqacha tahlil qilish shuni ko‘rsatdiki, viloyatda kechgan ma’lum o‘zgarishlarda ijtimoiy-iqtisodiy, demografik omillar muhim o‘rin egallaydi. Xususan, ko‘zdan kechirilayotgan davrda voha demografiyasi respublikaning boshqa  hududlaridan aholining o‘sish sur’ati, tug‘ilish va o‘limning kamayishi, farzand ko‘rish ketma-ketligini qisqarishi, aholi zichligi va joylashuvidagi o‘zgarishlar, o‘rtacha umr ko‘rish darajasining ortishi, shahar aholisining o‘sishi qishloq aholisiga nisbatan sekinlashuvi, migratsiyaning faollashuvi bilan izohlanadi.

    Masalani aholining milliy tarkibi tahlilidan boshlaydigan bo‘lsak, 1989 yilda viloyatda aholining 85 foizini o‘zbeklar tashkil qilgan bo‘lsa, 1995 yilga kelib bu ko‘rsatkich 91 foizni tashkil etdi. 2013 yildagi ma’lumotga ko‘ra, viloyat aholisi milliy tarkibida o‘zbeklar keskin ajralib 92,3 foizni tashkil etdi. Ikkinchi o‘rinda, tojiklar 4,3 foizga ega. Qolgan millat vakillaridan turkman va ruslar ko‘proq. Bu o‘zgarish mustaqillikning dastlabki yillarida migratsiya jarayonlari bilan bog‘lanadi.

    Ta’kidlash joizki, aholi tabiiy o‘sish ko‘rsatkichlari shahar va qishloq joylarda farq qiladi hamda qishloq joylarda tug‘ilish shaharlarga nisbatan birmuncha yuqori. Buning ba’zi ob’ektiv va sub’ektiv sabablari mavjud. Jumladan, qishloqlarda ayollarning ijtimoiy hayotida bandligini past darajada bo‘lishi, qo‘l mehnati ko‘p talab qilinadigan qishloq xo‘jaligida ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojning mavjudligi, milliy an’analar davrlar davomida tug‘ilishning yuqori bo‘lishiga olib kelgan. Shahar aholisi tarkibida esa turli millat vakillarining ayollarning ijtimoiy hayotda faolligi, iqtisodiy-ijtimoiy omillarga bog‘liq holda uy-joy muammosi va boshqa sabablari tug‘ilish darajasining biroz past bo‘lishiga olib keladi.

    Keyingi yillar maboynida, ya’ni 1989-2014 yillar oralig‘ida aholi soni ancha tez ko‘payib boradi. Masalan, Muborak tumanida o‘rtacha yillik ko‘payish 5,70 foiz, Kosonda 4,75 foiz, Kitob va Nishon tumanlarida 4,10 foizni tashkil qilgan. Nisbatan pastroq demografik o‘sish Dehqonobodda 2,40 foiz, Qarshida 2,50 foiz va Kasbi tumanlarida 2,50 foiz kuzatiladi. Shu o‘rinda e’tirof etish lozimki, mazkur ko‘rsatkichlar bo‘yicha Muborak tumani respublikamizda eng oldingi o‘rinlarni egallaydi. Tuman aholisining bunday tez o‘sishi nafaqat tabiiy ko‘payish, balki aholi migratsiyasi bilan ham bog‘liq bo‘lib, tabiiy resurslarni o‘zlashtirish natijasida aholi bu yerga ko‘plab oilalar ko‘chib kelgan.

    Yuqori mintaqa Shahrisabz, Yakkabog‘ va Kitob tumanlari ko‘p jihatdan respublikamizning aholisi zich, xo‘jaligi intensiv rivoj topgan voha va vodiylariga o‘xshab ketadi. Shu bilan birga, aholi zichlik ko‘rsatkichlari quyi mintaqaning ayrim tumanlari, jumladan, Kasbi, Qarshida ham ancha yuqori. Aholining tabiiy harakat ko‘rsatkichlari boshqa hududlar, xususan, Surxondaryo viloyatidan tashqari sezilarli darajada farq qiladi. Chunonchi, bu yerda tug‘ilish koeffitsienti har 1000 kishi aholiga 25,1 kishini tashkil etadi. Eng yuqori daraja 2000 yilda Chiroqchi tumanida bo‘lib, u bu yerda yaqin 34 kishiga barobar. Yakkabog‘ tumanida ham tug‘ilish ancha yuqori – 26,7 foiz. Ayni vaqtda umumiy tug‘ilish koeffitsienti Mirishkor, Qarshi shahri va tumanida pastroq. 2013 yilda ham Chiroqchi tumani tug‘ilish koeffitsienti bo‘yicha ajralib turadi (30,0 foiz). Qolgan qishloq tumanlari orasida katta farq kuzatilmaydi, viloyat markazi Qarshi shahrida tug‘ilish 21,5 promilleni tashkil etadi...

    Mehnat resurslari tumanlar kesimida tahlil qilinganda, yuqori ko‘rsatkichlarda Chiroqchi, Koson, Qamashi va Shaxrisabz tumanlari, eng ko‘p iqtisodiy faol aholi soni Chiroqchi tumanida (146,0 ming kishi) va Qarshi shahrida (130,6 ming kishi) ga kuzatildi. Iqtisodiy faol aholi sonining eng kam ko‘rsatkichlari Mirishkor (54,7 ming kishi) va Muborak (46,2 ming kishi) tumanlariga to‘g‘ri keldi.

    Xulosa qilib aytganda, istiqlol yillarida Qashqadaryo viloyatidagi  demografik o‘zgarishlar bevosita ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga bog‘liq holda kechdi. Bunda, kishilarning shaharlarga intilishi natijasida shahar aholisi salmog‘ining ko‘payishi, shuningdek, aholining milliy tarkibida tub joy millat vakillarining salmog‘ining oshishiga asosiy sabab, tub joy aholisi bo‘lmagan millat vakillarining o‘z vatanlariga qaytishi va qishloq joylarida tug‘ilishning ko‘payishi bilan izohlash mumkin. Aholi bandligi muammosini hal qilishning eng asosiy yo‘llari, asosan, tumanlar miqyosida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni faollashtirish, ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi bilan mos ravishda mahalliy ehtiyoj asosida ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma tarmoqlarini jadal rivojlantirish bilan bog‘liq kechgan.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.