Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 24-yanvardagi Parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida jadidlar merosini chuqur o‘rganish haqida: “2020-yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, marifat mashalini baland kotarib chiqqan alloma va adib Mahmudxoja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasi keng nishonlanadi. Umuman, biz jadidchilik harakati, marifatparvar bobolarimiz merosini chuqur organishimiz kerak. Bu manaviy xazinani qancha kop organsak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda kop savollarga togri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi – deya ta’kidladi.

    Darhaqiqat, jadid bobolarimiz asarlari mazmuniga tobora chuqur kirib borar ekanmiz, bu asarlarning dunyoga kelganiga qariyb yuz ellik yildan oshgan bo‘lsa-da, ularda ko‘tarilgan muammolar bugungi kunda ham dolzarbligicha qolayotganini ko‘ramiz. Jadidlar yechimini izlagan millat uquvsizligi, ayollar ta’limi bilan bog‘liq muammolar hanuzgacha jamiyat rivojiga soya solmoqda. XIX asr oxiri XX asr boshlariga kelib, Turkistonda millat taqdiriga rahna soluvchi, og‘ir va o‘ta qaltis tarixiy muhit paydo bo‘ldi. Bunga sabablar, birinchidan, Rossiya imperiyasi Turkistonni mahv etib, u yerda o‘z mustamlakachiligini mustahkamlash maqsadida, aholini ruslashtirish, oddiy xalqni erkidan ayirish, g‘ururini sindirishdek o‘ta shovinistik siyosat olib borganligi, ikkinchi tomondan musulmon mutaassibligida dunyoviy bilim va taraqqiyotga qarshilik ruhi avj olgani bo‘lsa, yana bir tomondan xalqimiz o‘z ma’naviyati, huquqi hamda, eng avvalo, erkini qo‘ldan boy bergani bo‘ldi. Insoniyat tarixida mustamlakachi davlatlar tomonidan istilo qilingan xalqining milliy g‘ururi, ona tili, adabiyoti, asriy an’analaridan judo etib, birato‘la mahv etish tendensiyasi ustuvor sanaladi. Ezilgan xalq bora-bora yovning bunday qarashlariga ko‘nikadi. Mana shunday siyosiy qaltis vaziyatda xalqning bir guruh ziyolilari, millatning asl o‘g‘lonlari, taraqqiyparvarlar harakati paydo bo‘ldi. Xalqning fidoiy lochinlari o‘zlarining qanotlari kuysa-da ona xalqini uyg‘otish, uning kelajagi uchun qayg‘urish borasida harakat qildi. Ular “jadid” deb atalmish ulug‘ nom ostida birlashib, bir yoqadan bosh chiqarib holda ma’naviyat uchun, g‘urur va erk uchun uzun va mashaqqatli bir yo‘lni bosib o‘tishdi.

    XX asr boshlarida ana shunday murakkab vaziyatni aks ettirgan adabiyot boshqa barcha davrlar adabiyotidan keng ommani uyg‘otish, xalqning o‘rganib qolgan past turmush darajasidan chiqarish, millat, xalq manfaatlarini o‘ylash, o‘zbek xalqining ilmiy salohiyatli xalqlar qatorida ko‘rishni istash kabi g‘oyalari ilgari surilganligi bilan farq qiladi. Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon kabi ijodkorlarimizning barcha asarlarida xalqni ma’rifatli qilish uning tamadduniga yo‘l ochishi g‘oyasi yotadi. Avloniy, Hamza kabi ijodkorlar esa nafaqat o‘zlari yaratgan asarlari orqali, balki bu borada ko‘zga tashlanarli amaliy harakatlari (teatr, gazeta, jurnallar tashkil qilish, maktablar ochish v.h.) orqali xalqni ma’rifatli qilishga uringanlar. Ularning har bir asarlarini o‘qir ekanmiz, o‘tmishning qora dog‘lari, o‘sha davr fojialarining bo‘yi dimog‘imizni achitadi. Shu jumladan, Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” asarida Yusufbek hojining o‘z-o‘ziga so‘zlanib ketganiga e’tibor qaratsak: ”O‘ttuz ikki tangadan soliq yig‘ emish… Bir haftadan keyinga qolmasin emish… Soliq yig‘ishda qarshiliq qilg‘anni darraga yotqizish, muvofiq ko‘rilganda osdirish haqqi ham menga berilgan emish… Men qonxo‘rliq uchun xudoning farz qilg‘an hajini ado qilmadim; oldimda o‘g‘lum bor, menda boshqalarning o‘glini darraga yotqizish chog‘ida ko‘ndalang keladirgan vijdon bor, din bor, diyonat bor. Bizning xalqni yer yutsin. Azizbekning tulkiligiga uchdida, uning kechagi zulmlarini unutdi…” - yoki bo‘lmasa,”- Men ko‘b umrimni shu yurtning tinchligi uchun sarf qilib, o‘zimga azobdan boshqa hech bir qanoat hosil qilolmadim. Ittifoqni ne el ekaning bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyati yo‘lida bir-birini yeb, ichkan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston yuprog‘idan yo‘qolmay turib, bizning odam bo‘lishimizg‘a aqlim yetmay qoldi. Biz shu holda ketadirgan, bir-birimizning tegimizga suv quyadirg‘an bo‘lsaq yaqindir-ki, o‘rus istibdodi o‘zining iflos oyog‘i bilan Turkistonimizni bulg‘atar va biz o‘z qo‘limiz bilan kelgusi naslimizning bo‘ynig‘a o‘rus bo‘yindirig‘ini kiydirgan bo‘larmiz. O‘z naslini o‘z qo‘li bilan kofir qo‘lig‘a tutqin qilib topshirquchi- biz ko‘r va aqlsiz otalarg‘a xudoning lan’ati, albatta, tushar, o‘g‘lim! Bobolarning muqaddas gavdasi madfun Turkistonimizni to‘ng‘izxona qilishg‘a hozirlang‘an biz itlar yaratguchining qahriga albatta yo‘liqarmiz!..”[Qodiriy,2019,296-bet] Yusufbek hoji obrazi va uning yuqoridagilar kabi nutqlari orqali Qodiriyning o‘sha davrdagi kechinmalari, dil tug‘yonlari-yu sassiz alamlari bo‘g‘zimizga zahar kabi tiqiladi.

    Professor Naim Karimov o‘sha davr zaqqumlari haqida o‘z mulohazalarini bayon qilar ekan fojiaviy nuqtaga to‘xtalib o‘tadi:“Mustabid tuzum bu davrda xalqning bir farzandini ikkinchisiga gijgijladi, uning ustidan chaqiruvnomalar yozishga, uning har bir qadamidan ko‘z-quloq bo‘lib turishga, lozim bo‘lganda esa tubsiz jar yoqasiga eltishga majbur etdi.

    “Divide et impera”.”Parchalab tashla va hukmronlik qil”- barcha davrlarda mustamlakachilarning shiori shu bo’lgan.

    Chor va Sho‘ro hokimiyatlari ham shu ma’noda istisno bo‘lmadi. Aksincha, ular, boshqa mustamlakachi davlatlardan farqli o‘laroq, xalq o‘rtasiga muttasil ravishda nizo urug‘ini sepib, uning aqli, vijdoni, or-nomusi va kelajagi bo‘lgan kishilarni uzluksiz suratda mahv etib keldi”.

    Nabijon Boqiy esa jadid davri fojeasini shunday tasvirlaydi: “Qatli om davrida madaniyatimiz, san’atimiz, adabiyotimiz, ilm-fanimiz yoppasiga qirg‘in qilingan edi: ko‘zga ko‘ringan davlat va jamoat arboblari, o‘zbek xalqining asl farzandlari terib-terib, saralab-saralab olingan edi. Qurbonlarning adog‘i yo‘qdek!.. Ular kim edi?... Ular kim edi, bilasizmi?..Abdulla Qodiriy o‘shalarning bittasi edi, xolos”

    Yuqorida keltirilgan fikr va mulohazalarga e’tibor qaratsak, o‘z jonini o‘rtaga tikib xalqini bu jirkanch botqoqlikdan olib chiqishga harakat qilgan millatparvarlarni har qanday yo‘llar orqali jahannam oloviga otgan, dushman kishanlariga tap tortmay qo‘lini bog‘lab bergan, birovning joni evaziga o‘z jonini asrashga uringan, iymoniga pand bergan xalqning abadiy fojiasi dushmanining o‘z qo‘li bilan ziyolilariga bolta urdirtirganidadir. Biz kimlarga ishonib yashadik?!

    Haqiqatan ham, xon zamonlari va mustabid sho‘rolar hukmronligi davrida xalq butunlay qoloq va achinarli ahvolga kelib qolganligi, mal’unlar kasriga oddiy xalq azob chekayotganligi, mansab, mol-mulk ilinjida hali uquvi bo‘lmagan zurriyodning podshoh lavozimiga ko‘tarilaverishi, xalqning deyarli ko‘pchiligining savodsizligi, savodlilar ham sho‘ro hukumatiga og‘ib ketganligi, bir yoqadan bosh chiqarmayotgani, o‘z tomiriga o‘zi bolta urishi, o‘z-o‘zni talashi, chegarasi yo‘q boshboshdoqliklar-u g‘aflat uyqusida tamshanayotgan o‘sha davr ayanchiga guvoh bo‘lamiz.

    “O‘tgan kunlar”da Otabek obrazi orqali xalqning dilidagi ilinjlari-yu og‘riqlari qalbimizni nogoh tirnab o‘tadi. Otabek, qutidor va boshqalarga nisbatan bo‘hton toshlarining otilishi, fitna botqog‘iga botirilishi, aybsiz aybdorga aylantirilib, hatto eng og‘ir, o‘lim jazosiga hukm qilinishi, albatta, o‘sha davrda uquvsizlik, mansabga berilish, mamlakatda zulm va zo‘ravonlik ustunligidandir. Abdulla Qodiriyning asosiy maqsadi ham bu jirkanch tuzumni tag-tomiri bilan o‘zgartirish edi. Asarda O‘zbekoyim obrazi ham alohida ahamiyatga ega. Uning manmanlikka, haddan tashqari kibr-havoga berilganligi, dabdaba, mol-mulkka o‘chligi orqasidan aziz dilbandini baxtsiz qilib qo‘yganligi, nafaqat Otabekni , balki oilasining halovatini ham jar yoqasiga olib borishgacha yetganligi orqali millat ayollarning uvuqsizligi, ularning diniy va dunyoviy ilmlari kamligidan dalolat. Mana qariyb yuz yildan oshiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, oiladagi o‘rnini erinikidan yuqori tutuvchi, latta-puttalarga mukkasidan ketgan, farzandining hayotini havoyi orzu-havaslari ortidan ostin-ustun bo‘lish darajasiga olib borgan, risoladagidek hayotni orzu qiladigan O‘zbekoyim hozirgi davr qaynonalarining yuziga tarsaki bo‘lib tegmayaptimikin?!

    Mahmudxo‘ja Behbudiyning:Sizlarg‘a vasiyat qilaman. Maorif yo‘lida ishlaydurg‘on muallimlarning boshini silangizlar! O‘rtadan nifoqni ko‘taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymangizlar” jumlasi jadidlar g‘oyasining yaqqol dalilidir. Ular chinakamiga millat muallimlari edilar. Ular millatni halokat va falokatdan asrab, asriy saodatga olib chiquvchi ma’rifati va tarbiyasi bilan xalqni ma’naviy tubanlikdan olib chiquvchi bir ko‘prik bo‘lishdi.

    Muxtasar qilib aytganda, Cho‘lponning “Kecha va Kunduz” asaridagi Zebi obrazi, Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari” asaridagi Mirzo Hamdamboy, Abduqodirboy, Mahmudxon, Sora, Eshon, Zaynab, Maryam obrazlari, Fitratning “Advokatlik osonmi?” asaridagi turli obrazlar orqali jamiyatning har tomonlama ravnaq topishida ana shu jamiyatda yashayotgan insonlarning  ma’rifatli bo‘lishi naqadar katta rol o‘ynashi aks ettirilgan. Umuman olganda, jadidlar uchun xalqni, ayniqsa, millatni tarbiyalovchi ayollarni bilimli qilish bosh maqsad bo‘lgan.

    Jadidlar yo‘qotilgan erkning qaytarilishi, yosh avlodni ilm-salohiyatli qilish, mavjud tuzumga ko‘r-ko‘rona bo‘ysunmaslik va yuqorida keltirilgan milliy mafkurasining asoslarini nafaqat xalq ongiga g‘oyaviy jihatdan yoyishdi, balki xalqning qalbiga asarlari orqali kirib borib, chuqur o‘rin egallashdi.

    Ma’lumki, insoniyat tarixida mustamlakachi davlatlar uchun , avvalo, xalqning milliy g‘ururi, ona tili, adabiyoti mahv etish tendensiyasi ustuvor sanaladi. Chunki xalqning dunyoqarashini aynan shu vositalar bilan o‘zgartirish mumkin.

    Xulosa qilib aytganda, jadidchilik davri adabiyoti davr muammolarini, millat fojiasini yorqin aks ettirish orqali, ma’lum ma’noda, millatni zulmatdan asrab qoldi. Jadidchilik harakati namoyondalari yaratgan asarlar xalqimiz qalbiga chuqur kirib bordi. Ahamiyatlisi, bu davr adabiyotida aks etgan muammolar bugungi kun uchun ham dolzarbligicha qolmoqdaki, jadid davri adabiyotini qancha keng targ‘ib qilsak, o‘rgansak, yoshlar ongini o‘stirishda shuncha foydalidir.

 

Mohigul Abruyeva,

Samarqand davlat universiteti talabasi,

Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi.