Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari, yosh dasturchilar, IT va kommunikatsiya kompaniyalarining rahbarlari va xodimlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muloqotda ishtirok etgan yosh dasturchilar orasida Samarqand davlat universiteti talabalari ham bor...

    Nilufar Omonova, Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakulteti talabasi, “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi, “MIT akademiya” o‘quv markazi rahbari:

    - Bugungi uchrashuv hayotimda muhim hodisa bo‘ldi. Muhtaram Prezidentimiz bilan muloqotda O‘zbekistonda IT, axborot texnologiyalari sohalarini rivojlantirish, yosh dasturchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusi rejalar menda juda katta taassurot qoldirdi. Jumladan, IT sohasida faoliyat yuritayotgan qizlarni rag‘batlantirish maqsadida endi ularga ham Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti berilishini juda quvonchli hodisa.

    Ko‘pchilik qizlarning  dasturchi bo‘lishi,  IT  ni o‘rganishi o‘g‘il bolalarga qaraganda qiyin, deb hisoblaydi. Bunga sabab, birinchidan atrof-muhit ta’siri bo‘lsa, ikkinchidan aksariyat qizlar o‘zining kuchiga ishonmasligi. Ko‘p maktab bitiruvchilari, tengdoshlarim bilan suhbatlashganimda, “Dasturlash qiyin, men qiz bola bo‘lsam, qo‘limdan kelarmikan?” degan gaplarni eshitaman. Lekin o‘zimning misolimda ularga tushuntiramanki, agar inson o‘z kuchiga ishonsa, astoydil harakat qilsa, albatta ko‘zlagan natijasiga erishadi.

    Uchrashuvda  qizlar o‘rtasida, ayniqsa maktab bitiruvchilari, talaba qizlar o‘rasida IT ni ommalashtirish uchun maxsus  IT oromgohlari, tanlov, forum va o‘quv seminarlari tashkil etish bo‘yicha taklif bildirdim.

    Mahbuba Salimova, Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakulteti talabasi, “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovi g‘olibi:

    -Bugun  IT mutaxassislari bilan birga o‘tkazilgan majlisda O‘zbekistonda IT sohasi bilan bog‘liq qator muammolar va takliflar ko‘rib chiqildi. Men  bunday katta yig‘ilishda birinchi marta qatnashishim. Juda samimiy ruhda ortiqcha rasmiyatchiliklarsiz bo‘lib o‘tdi. Prezidentimiz har bir viloyat vakillaridan takliflar qabul qilib, suhbat o‘tkazdi. Jumladan, Samarqand viloyatidan berilgan taklifga asosan, viloyatda dasturchi qizlar sonini ko‘paytirish va ularda IT sohasiga qiziqishni oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi va bu ishlarni amalga oshirishda Samarqand maktabiga tayanib ishlashni ta’kidlab o‘tdi. Ishonchim komilki, yaqin kunlar ichida yig‘ilishda aytib o‘tilgan barcha takliflar amalda bajarilib, O‘zbekistonning IT salohiyati yanada oshadi. Albatta bunda men ham o‘z hissamni munosib ravishda qo‘shishga harakat qilaman.

 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati