Kun tartibi

Subhidam uyg‘onar shoshilib,
Ibodatda uzoq cho‘kar tiz.
Mashriqning ko‘zlari ochilib,
Endi yorug‘ mo‘ralagan kez.
U o‘zini ovutar ishda,
Mashg‘ulotlar o‘tadi - quvnoq.
Qayerdandir, ehtimol, tushdan
Jim kuzatar uni bir nigoh.
Hamma uni quvvatmakon der,
Kulgu desa, shu qizni anglar.
Bilmaslarki, ko‘nglida ko‘p sir,
Kuragida ne paykon zanglar...
U tabassum qiladi mayin,
Ko‘zlariga qalqisa jola.
Baxtli, yolg‘izlangani sayin,
Taqdir ishi - Haqqa havola.
Dars beradi - tarqaydi g‘ashlik,
Va'z o‘qiydi Abadiy Ishq deb.
Xonasida kutar bekaslik,
Sukunatlar - tunlariga zeb.
Nolimaydi, eslatmas o‘zin,
Hech kimsaga saqlamaydi kek.
Unga hamroh matonat, to‘zim,
O‘sha qizning ismi - YOLG‘IZLIK...
Sitorabonu Shomurodova
Samarqand davlat universiteti doktoranti.