Koinot, yulduzlar hamisha insonlarni o’ziga qiziqtirib kelgan. Biz osmonga qaraymiz va osmondagi yulduzlar koinot bo’ylab tarqalib ketganini ko'ramiz. Yulduz gravitatsiya bilan bogʻlangan yorqin plazma sharidir. Yerga eng yaqin yulduz Quyoshdir, u Yerdagi energiyaning asosiy manbai hisoblanadi. Boshqa yulduzlarni kuzatganimizda, Yer sirtidan qoʻzgʻalmas yorugʻ nuqtalardek boʻlib koʻrinadi. Yulduz yadrosidagi vodorod termoyadroviy reaksiya energiyasi nurlanishi hisobiga charaqlaydi. Geliydan ogʻir deyarli barcha tabiiy kimyoviy unsurlar yulduzlar nurlanishi yoki portlashidagi nukleosintez tufayli yuzaga kelgan. Astronomlar yulduz massasi, yoshi, kimyoviy tarkibi va boshqa xossalarini uning spektri, yorqinligi va fazodagi harakatini kuzatib aniqlay olishadi. 
    Bir qaraganimizda yulduzlar son sanoqsiz va bir xildek ko’rinadi. Biroq, Biz galaktikamizda 200 milliardga yaqin yulduzlar bor, deb tahmin qilinadi. Yulduzlar ham ma’lum turlarga bo’linadi. Men o’zgaruvchan yulduzlarni tadqiq etishga qiziqqanligim tufayli, shu sohada ilmiy izlanishlar olib bormoqdaman. 

Oʻzgaruvchan yulduzlar - vaqt oʻtgan sari  ravshanligini davriy oʻzgartiradigan yulduzlardir. Ravshanliklari oʻzgarishiga koʻra, tutiluvchi va fizik turlarga boʻlinadi. Tutiluvchi oʻzgaruvchan yulduzlar umumiy ogʻirlik markazi atrofida aylanuvchi ikki yulduzdan iborat tizim boʻlib, ularning orbita tekisliklari kuzatish chizigʻiga juda yaqin yotadi. Bunday yulduzlar bir-biridan juda kichik burchak masofada yotganidan ularni alohida-alohida koʻrib boʻlmaydi va ularning nurlanishi qoʻshilib, bitta yulduzdek koʻrinadi. Bir yulduz ikkinchisini toʻsishi natijasida bunday tizimning ravshanligi kamayadi. Tutiluvchi oʻzgaruvchan yulduzlarning ayrimlarida tutilishdan boshqa paytda umumiy ravshanliklari oʻzgarmay saqlanadi. Boshqa tur tutiluvchi oʻzgaruvchan yulduzlarda esa sistemaning umumiy ravshanligi faqat tutilish paytidagina emas, balki tutilish kuzatilmagan paytda ham oʻzgaradi. Galaktikamizda 3000 ga yaqin tutiluvchi oʻzgaruvchan yulduzlar aniqlangan.

    Fizik oʻzgaruvchan yulduzlar ravshanliklarining oʻzgarishi shu yulduzlar qaʼrida yuz beradigan fizik jarayonlar hisobiga boʻladi. Ular oʻz navbatida pulsatsiyalanuvchi va eruptiv yulduzlarga boʻlinadi. Pulsatsiyalanuvchi oʻzgaruvchan yulduzlar ravshanliklarining bir meʼyorda oʻzgarishi bilan ifodalanadi. Bu turdagi oʻzgaruvchan yulduzlarga davrlari uzunligi va ravshanliklari oʻzgarish darajasi turlicha boʻlgan sefeidalar, KK Lira turi, Savrning KU turi, Kitning Mira turidagi oʻzgaruvchi yulduzlar misoldir. Eruptiv oʻzgaruvchan yulduzlar oʻzgaruvchanligi vaqti-vaqti bilan qaytalanuvchi chaqnash koʻrinishida boʻladi. Bunday chaqnashlar ushbu yulduzlardan plazmaning uloqtirilishi bilan tushuntiriladi. Eruptiv oʻzgaruvchan yulduzlarning yarmidan koʻpi Aravakash yulduz turkumining KLU turidagi yulduzlardir. Oʻzgaruvchan yulduzlarni kuzatishdan turli yulduz tizimlarining yoshi va boshqa tafsilotlari ham aniqlanadi. Faqat sefeidalargagina mansub "davr-yorqinlik" bogʻliqlik ulargacha boʻlgan masofalarni juda aniq belgilash imkonini berdi. Galaktikaning uzoq joylarigacha boʻlgan masofalar ana shu usulda aniqlanadi. Hozirgi zamon kuzatishlari qoʻshaloq oʻzgaruvchan yulduzlardan baʼzilari rentgen nurlari manbalari ham ekanini koʻrsatdi.
    Tayanch doktorantura kirmasdan oldin ta’lim sohasidagi zamonaviy bilimlarni olish uchun Hindistonning Ahmedobod shahrida joylashgan Fizika tadqiqotlar laboratoriyasi va Birlashgan Millatlar tashkiloti bilan hamkorlikda “koinot va atmosfera fanlari”(Online CSSTEAP post-graduated course on “Space and Atmospheric Science”  kursida bir yil davomida o’qib o’z bilimimni oshirib kelgan edim.

    Shu tadqiqot laboratoriyasi bilan doimo aloqadaman: turli xil onlyan kurslarida ishtirok etib turaman. Xususan, Online CSSTEAP Short Course on “Space and Atmospheric Science”(December 7-14,2020)) online kursida ishtirok etdim. Dunyoning nufuzli olimlari bizga onlayn vebinar o’tkazishdi va qilingan ishlar haqida aytib berishdi. 
     Olingan natijalar.

    Samarqand davlat universiteti astronomiya o‘quv-ilmiy observatoriyasi (uzunlamasi 39°40′27″ va kenglamadasi 66°57′51″ 785 metr dengiz sathidan balandlik) ko‘zgusining diametri 480 mm, fokus masofasi 9450 mm, reflektor bo‘lgan Cassegrain sistemasida ishlaydigan “Grubb Parsons” teleskopida kuzatuvlar olib borilmoqda.
    Biz tadqiqot mobaynida 2MASS 22472590+5407249 va 2MASS 22431277+5439408 yulduzlarini fotometrik tadqiq qilib, ba’zi fizik parametrlarni aniqladik. Ushbu har ikkala yulduz ham qisqa davrli pulsatsiyalanuvchi Delta Scuti tipidagi o‘zgaruvchilar ekanligi hamda yulduzlar vaqtga bog‘liq yorqinlik egri chizig‘idagi asosiy bosh minimum va maksimum orasidagi farq juda kichikligidan past amplitudali sinfiga tegishli yulduzlar ekanligi yana bir bor o‘z isbotini topdi. Asosiy obertondagi chastota tahlil qilinib shunga ko‘ra asosiy fizik ko‘rsatgichlar aniqlanadi. Yulduzning asosiy pulsatsiyalanish davri P=0.128616 (3,08 soat ya’ni 185 minut) va chastotasi 75081 ga teng bo‘lib yulduz kattaligi o‘zgarmasdan avvalgidek qolgani aniqlanib, vaqtga bog‘liqlik yorqinlik egri chizig‘i chizildi. Yuqoridagi har ikkala yulduzni tahlil natijalari 0.008 ga tengligi kuzatildi. WinEff dasturi asosida olingan bo‘lib aniqlikni oshirish maqsadida asosiy obertondagi chastotasi L-K period dasturi yordamida ham tahlil qilinib taqqoslandi. Har ikkala yulduzni taqqoslash natijalari shuni ko‘rsatdiki chastota va davrlari orasidagi xatolik ±0.008 ga tengligi kuzatildi. 


    Samarqand o’quv ilmiy observatoriyasida kuzatilgan V*V669 Cyg o’zgaruvchan yulduzining o’zgaruvchanlik davri P=1,4780649±0,000371 sutka ekanligi va yorqinlik egri chizig‘ining ikkala bosh minimumi bir-biridan o‘rtacha 0,04803m ga farq qilishi aniqlandi. V*V669 Cyg birlamchi normal B2V sistema bo'lsa, ikkilamchi tabiati unchalik aniq emas. Obyektning amplituda o'zgarishi yulduz atrofidagi katta va issiq boshlang'ich Rosh qobig'i sababi bo’lishi mumkin. Sistemaning ikkinchi komponentasi - qalin disk bilan o'ralgan, temperaturasi nisbatan pastroq yulduz bo’lishi mumkin. Ushbu umumiy sistemaning evolyutsiyasi davomida birlamchi kengayish jarayoni asta-sekin sekinlashadi va akretsiya tufayli diskning zichligi pasayishi bo’lishi mumkin degan umumiy xulosalar kelib chiqadi.
    Olib borilayotgan tadqiqotimizning asosiy obyekti 2MASS_00210190+5856508 obyektining kuztuvlar va fotometrik tahlillar natijasida o’zgaruvchanlik davri 1.79049 sutka ekanligi aniqlangan va UV tipga tegishli o’zgaruvchan yulduz ekanligi aniqlangan.  Bu yulduzning o’zgarish davri va tipi aniqlangan lekin boshqa teleskoplarda ham kuzatilib tahlil qilinmagani uchun to’liq tasdiqlanmagan. Rang ko’rsatgichlari va boshqa fizik parametrlari ma’lum emas. Biz bu masalada tadqiqotlar olib borayapmiz. Demak ayrim parametrlarini imkon qadar kuzatuvlar orqali aniqlash mumkin. Kuzatuvlar -250C haroratda, R (red) va filtrsiz 300 sekundlik ekspozitsiya vaqti bilan olinmoqda. Dissertatsiyamning dolzarbligi shundaki tanlangan obyektlarning kuzatuvlar asosida parametrlarini aniqlash. Yuqoridagi ob’yektni Rossiya olimlari bilan hamkorlikda Samarqand o’quv-ilmiy observatoriyasida kuzatmoqdamiz.  Bu o’zgaruvchan yulduz yaqinda aniqlangan bo’lib, parametrlari fanga ma’lum emas. Yulduzning o’zgarish davri va boshqa parametrlarini aniqlash uchun kuztuvlar olib borilib natijalar jamlanmoqda.  


    Bu rasmda obyekt chiziqcha bilan ko’rsatilgan.

 

Alisher Qulmurodov, 
Samarqand davlat universiteti doktoranti.