SamDU talabalari Finlandiyaga o‘qishga yuboriladimi?
Yaqinda Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurgan Finlandiyaning eng yosh rektori Yakko Xallila o‘z intervyusida Samarqanddan olgan taassurotlari, Samarqand davlat universiteti bilan kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan bir qancha loyihalar, ta’limni rivojlantirish bo‘yicha o‘zining shaxsiy qarashlari va boshqa fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Samarqanddan olgan taassurotlaringiz qanday?
- Samarqand juda ajoyib shahar. Ayniqsa, tarixiy binolari nihoyatda go‘zal. Odamlarining samimiy va mehmondo’stligi kishining dilini xushnud etadi. Chet ellik mehmonlar uchun barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilgan. Havo harorati yuqori bo’lishiga qaramasdan xizmat ko’rsatish sohalarining doimiy faoliyat olib borayotgan tahsinga sazovor. Universitetingiz kampusi joylashgan xiyobon ham nihoyatda go‘zalligini e’tirof etmay ilojim yo‘q. Ha aytgancha, milliy taomlaringiz ham menga juda ma’qul bo‘ldi. Palovning mazasini hech qachon unutmasam kerak. Bularning barchasi mening Samarqanddan olgan yorqin taassurotlarim.
- Samarqand davlat universiteti haqida nimalarni bilasiz?
- Men Samarqand davlat universiteti haqida ilk marta 2020-yilda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada eshitganman. Bu yerga kelib bildimki, universitet men o‘ylagandan ko’ra ancha salohiyatli va nufuzli ekan. Hozir Samarqand davlat universiteti bilan birgalikda ishlayotganimizdan juda ham xursandman.
- Samarqand davlat universiteti bilan kelgusida qanday hamkorlik aloqalari rejalashtirilyapti?
- Bugun biz Samarqand davlat universiteti rektori, janob Rustam Xolmurodov bilan hamkorlik to’g’risida shartnoma imzoladik. Unga ko‘ra, endilikda biz inson resurslarini boshqarish sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Shuningdek, magistratura bosqichi talabalari uchun qo’shma ta’lim dasturi tashkil etish masalasini muhokama qildik. Bunda talabalar 1 yil Samarqandda, 1 yil Finlandiyada ta’lim oladi. Asosan, iqtisodiyot va biznes, inson resurslarini boshqarish yo’nalishlarida o’qiydigan talabalar ushbu qo’shma ta’lim dasturiga taklif etiladi.
- Sizningcha ilm-fan va ta’limni rivojlantirish uchun nima qilish kerak?
- Biz ilm-fanni rivojlantirish masalasini janob Rustam Xolmurodov bilan inson resurslarini boshqarish misolida muhokama qildik. Misol uchun, O’zbekistonda aholining o’sishi o’z-o’zidan ishsizlik muammosini keltirib chiqaradi. Finlandiyada esa aholining asosiy qismini o’rta va katta yoshlilar tashkil etadi. Bizda ishga yoshlarni jalb etish muammo. Bu ikkalasini bir muammoning turli xil ko’rinishlari desak, xato bo’lmaydi. Men o’ylaymanki, agar biz birgalikda ishlab, muammo uchun yechimni ilmiy-amaliy jihatdan isbotlab bera olsak, buni tezlik bilan bartaraf eta olamiz.
- Rektorimiz bilan bo’lgan suhbatda Finlandiyaning eng yosh rektori ekanligingizni ta’kidladingiz, eng yosh bo’lib ishlash qiyin emasmi?
- Menimcha, har bir odam o‘zini qalban va jismonan yosh deb hisoblashi kerak. Finlandiyadagi eng yosh rektor ekanligimni aytganimda, SamDU rektori Rustam Xolmurodov ham o‘z davrida respublikaning eng yosh rektorlaridan biri bo’lganligini aytib, meni doimo qo‘llab-quvvatlashini, yangiliklar qilishdan to’xtamasligimni ta’kidladi. Bu men uchun ajoyib ruhlantirish bo‘ldi. Mendan oldingi universitetimiz rektori ham o’z faoliyatini boshlaganida Finlandiyaning eng yosh rektori bo’lgan. U universitetimizni 28 yildan ko’proq vaqt davomida boshqarib keldi. Yosh bo‘lib ishlash qiyin emas, qachonki hamma o‘z ishini bilib, vaqtida bajarsa. Siz faqat tizimni to‘g’ri yo’lga qo’ya olishingiz lozim.
- O‘zbekistonda so‘nggi 5-6 yilda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida fikringiz qanday?
- Men O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib boryapman. Mamlakat so‘nggi yillarda barcha sohalar qatori ilm-fan uchun ham o’zini dunyoga ocha boshladi. Iqtisodiyot sohasidagi o’sishni alohida qayd etish lozim. Birgina Samarqandni oladigan bo’lsak, bu yerning turistik salohiyati juda ham yuqori va men o’ylaymanki, bundan maksimal darajada foydalanish kerak. Shuningdek, mamlakatda yoshlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Agar ularga to‘g’ri yo’nalish va tarbiya berilsa, ular jamiyatda o’zining munosib o‘rnini topa olsa - bu eng katta yutuqlardan biri bo‘ladi. Shuningdek, O‘zbekiston yoshlarida men o‘rganishga bo’lgan qiziqish juda ham yuqori ekanligini ko‘rdim. Bu juda ham quvonarli holat.
Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.