Yaqindagina dunyoning nufuzli va top reytinglarida yuqori o‘rinlarda turuvchi AQSH ning Nyu-York hamda Garvard universiteti talabalariga dars berish maqsadida xizmat safarida bo‘lgan Samarqand davlat universiteti professori, Jahon fiziologlar jamiyati akademigi, Rim universiteti faxriy professori Bakriddin Zaripov safar taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

    - Garvard universiteti dunyoning yetakchi universitetlaridan biri hisoblanadi. Ushbu universitetning ajoyib bir shiori bor – haqiqat, - deydi Bakriddin Zaripov. - U yerda hamma narsa haqiqatga asoslangan. Deylik, bilimi bo‘lmagan talaba keyingi kursga o‘tmaydi. Men o‘zim shaxsan 4-5 yillab bitta imtihondan yiqilib, kursdan kursga qolgan talabalarni ko‘rdim. U yerda mana shunaqangi bilimsiz talabaga baho qo‘yilmaydi. Imkoniyat esa faqat bilimli odamga yaratiladi. Universitet talabalarning ilm maskani ekanligini hisobga olib, barcha imkoniyat va sharoitlar talabalar uchun bo‘lishi kerak, degan qarash Garvardda o‘z tasdig‘ini topgan.

    Fikrimcha, bu narsani biz ham qabul qilishimiz kerak. Muhtaram Prezidentimiz “Najot ilmda, najot ta’limda”, deyayotganlari ham bejiz emas.  Hozirgi kunda bizning oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biri yoshlarimizni bilimli qilib tarbiyalashdir.

    Samarqand davlat universitetining juda katta ilmiy salohiyati bor. SamDU da respublika oliy ta’lim muassasalari ichida birinchi bo‘lish uchun yetarli darajada o‘z sohasining professionallari jamlangan. Birgina SamDU vivariy laboratoriyasini olsangiz, u O‘rta Osiyodagi yagona laboratoriya hisoblanadi. Yana bir tomoni, ushbu laboratoriya Garvard universiteti vivariysi bilan raqobatlasha oladi.

    Biz yoshlarimizdan faqatgina o‘qishni, o‘qituvchilardan sifatli o‘qitishni talab qiladigan davrga keldik. Endi faqatgina buni amaliyot bilan ko‘rsatishimiz kerak.

    Keling, bir majoziy fikrlashamiz. O‘rtacha misol qilib oladigan bo‘lsak, bir yilda O‘zbekistonda bir million bola tug‘ilsa, ularning hammasi oltinga teng miyalar bilan tug‘iladi. Uning genida Amir Temur, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Al-Xorazmiy, Bibixonim, Nodirabegimlarning qoni mavjud. Endi esa biz shu bolalarni yaxshi tarbiya qilmaymiz, bilim bermaymiz, qo‘y o‘qima deymiz. Yoki ular boshqa sharoit va muammolar bilan mashg‘ul bo‘lib qoladi-da, bir million oltin miyalarning yarmidan mosuvo bo‘lamiz. Biz ana shu sharoit taqozosi va boshqa sabablar tufayli bilim ololmay qolganlarni ham o‘qitishimiz kerak.

    Bugungi kunda “Najot ta’limda” degan shiordan kelib chiqib, O‘zbekiston ta’lim tizimida katta o‘zgartirish qilish mumkin, deb o‘ylayman. Har bir kishi o‘z yuragida, o‘z ishida barchasi ilm uchun, bilim uchun deb harakat qilishi kerak. Yoshlarimizga Birinchi va Ikkinchi Renessansdagi ilmiy muhitni qaytarish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solishimiz lozim.

    Agar o‘zgarish insonlarning qalbida, yuragida bo‘lsa, ana shunda haqiqiy yangilanish bo‘ladi. Buning uchun O‘zbekistonda barcha sharoitlar bor.

    Endi bir tarixga nazar tashlaylik, o‘z davrining allomalari hisoblangan ajdodlarimizning barchasi qomusiy olim bo‘lgan. Ular faqat bir soha bilangina cheklanib qolmagan. Yana bir tarafi, ularning barchasi adabiyotga oshno, ijodkor olimlar bo‘lgan. Hozir bizdan faqatgina o‘z sohamizning mutaxassisi bo‘lish talab qilinayapti-ku. Shuni ham eplay olmasak, nazarimda, uyat bo‘ladi, deb o‘ylayman.

    Xulosa sifatida shuni aytishim mumkinki, jo‘shqinlik bilan, katta shijoat bilan, barchamiz bir maqsad – ta’limni rivojlantirish maqsadida jipslashib harakat qiladigan davrimiz keldi.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi

Otabek Sa’dullayev yozib oldi.