Bozor rastalarimizda alohida o‘rin olgan bug‘da pishirilgan makkajo‘xorilar ko‘pchilikning sevimli mahsuloti hisoblanadi. Xo‘sh, makkajo‘xorining inson organizmiga ta’siri qanday, uni yeyish kimlarga man etilgan? Bu haqda olib borilgan tajriba va olingan ilmiy natijalar xususida quyida to‘xtalamiz.

    Makkajo‘xorining vatani Meksika hisoblanadi. Bugungi kunda oziq-ovqat sifatida makkajo‘xorining doni un,  yorma, konsеrvalar,  etil spirti,  dеkstrin,  pivo,  glyukoza,  qand,  qiyom, sharoblar,  asal,  moy,  vitamin  Е,  askorbin  va glutamin kislotalari, makkajo‘xori tayoqchalari, sut va boshqa ko‘plab mahsulotlar olish mumkin. Uning doni juda ham to‘yimli bo‘lib, tarkibida o‘rtacha 10,6% kletchatka, 4-8% yog‘ va 65-70% uglevodlar bor. Lekin makkajo‘xorining donida oqsil moddalari kam bo‘ladi, shu sababli makkajo‘xori unidan non tayorlashda 25-30% miqdorda bug‘doy uni qo‘shib, non yopiladi. Shunday bo‘lsa-da, makkajo‘xori doni juda to‘yimli hisoblanab, uy parrandalariga va mollariga ozuqa sifatida, butunligicha yoki yorma holida beriladi. Makkajo‘xori tarkibida 25-40% gacha moy moddasi bo‘lib, undan oziq-ovqatda ishlatiladigan yog‘ olish mumkin.

         Samarqand davlat universiteti biologiya fakultetida makkajo‘xorining bioekologik xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan bir qator tadqiqotlar olib borilgan bo‘lib, shulardan o‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasi dotsenti Burxon Avutxanov ilmiy rahbarligida magistr Iqlima O‘roqovaning “Bodroq makkajo‘xori duragaylarining qurg‘oqchilikka chidamlilik xususiyatlari” mavzusidagi tadqiqoti ahamiyatlidir.

    – Bodroq makkajo‘xorining oziq-ovqat sanoatida asosan donini ishlatiladi, - deydi tadqiqotchi Iqlima O‘roqova. - Shuningdek,  pivo achitqisi, kunjara holidagi chiqindilar ham mollarga ozuqa sifatida  beriladi. Makkajo‘xori nihoyat darajada ko‘p silos hamda ko‘p miqdorda xashak beradi. Mollarga berish uchun sut-mum pishiqligi davrida so‘talari bilan birga o‘rib olingan makkajo‘xori poyalaridan tayyorlangan silosdan ko‘p foydalaniladi. Makkajo‘xorining texnik ahamiyati shundan iboratki, uning donidagi kraxmal, spirt, glyukoza, sirka kislota, poyasidan esa qog‘oz, karton, yog‘och spirti, sun’iy kauchuk, sun’iy smola va boshqa har xil mahsulotlar olinadi. Makkajo‘xorining bargi, poyasi va so‘tasidan qog‘oz linoleum, viskoza, izolyasiya materiallari, aktivlashtirilgan ko‘mir, sun’iy po‘kak, plastmassa, og‘riqsizlantiruvchi vositalar va ko‘pgina boshqa narsalar tayyorlanadi. Makkajo‘xoridan hammasi bo‘lib, 200 dan ortiq oziq-ovqat, yem-xashak va texnikaviy mahsulotlar, xom-ashyolar tayyorlash mumkin.

    Makkajo‘xori tarkibida kalsiy, fosfor, temir, natriy minerallari mavjud. Haftasiga 1-2 dona qaynatilgan makkajo‘xori iste’mol qilish tomirlarda tromb hosil bo‘lishining oldini oladi va qondagi xolesterin miqdorini normallashtiradi. Muntazam ravishda makkajo‘xori iste’mol qiladigan insonlarni xotira susayishi umuman bezovta qilmaydi. Makkajo‘xori choy sifatida damlab ichilsa, buyrakdagi toshlarni parchalaydi. Makkajo‘xori kraxmali yuzdagi ajinlarni ketkazishda eng yaxshi vosita hisoblanadi. To‘kin dasturxon atrofida qilingan tanovuldan so‘ng yeyilgan makkajo‘xori yog‘larni tez parchalashga yordam beradi. Uni ovqatlanishdan oldin yeyish orqali taom hazmini yengillashtirishingiz mumkin.

    Makkajo‘xori oshqozon yarasi, gastrit, turli allergik kasalliklar va ortiqcha vazndan aziyat chekadigan bemorlarga tavsiya etilmaydi.

 

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.