Amudaryo nega o‘z o‘zanini o‘zgartirgan? Bu holat yana takrorlanadimi?

Markaziy Osiyo irrigatsiya va melioratsiya bo‘yicha uzoq tarixga ega. Bu sohalarda hududni dunyo beshigi deb atash ham mumkin. Quyi Amudaryo va Quyi Sirdaryo, Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryoning etaklarida sug‘orish qadimdan rivojlanganligi tufayli bu joylarda eng qadimgi kanallar hozirgacha saqlanib qolgan. Amudaryo deltasiga inson xo‘jalik faoliyati ta’siri o‘rtacha bundan 3,5 ming yil oldingi davrga to‘g‘ri keladi. Shu vaqt ichida inson bu yerda o‘n minglab kilometr sug‘orish tarmoqlarini barpo etdi, millionlab gektar yerlarni o‘zlashtirdi va ba’zan uni tashlab ketdi. Bu yerda odamlarning o‘zgaruvchan faoliyati shu qadar kuchli ediki, u Amudaryo oqimining yo‘nalishini o‘zgartirdi. "Tirik" deltadan janubda joylashgan uzoq muddatli sug‘oriladigan hududlarda tabiiy landshaftlar qishloq xo‘jaligi va fitodigressiya modifikatsiyalari bilan almashtirildi.
Amudaryo deltasi - bo‘sh yerlarning katta zahiralari mavjud bo‘lgan O‘rta Osiyoda sug‘orma dehqonchilikni yanada rivojlantirishning istiqbolli hududlaridan biri hisoblanadi. Deltaning agroiqlim sharoiti texnik, g‘alla ekinlari yetishtirish, chorvachilik uchun mustahkam ozuqa bazasini yaratishga xizmat qilmoqda. Amudaryo deltasi yerlarining tabiiy-meliorativ holati O‘zbekistonning boshqa hududlariga nisbatan juda murakkab va o‘ziga xos bo‘lib, bokira landshaftlarni o‘zlashtirishda, sug‘oriladigan maydonlarning holatini yaxshilashda tuproq-meliorativ ahvoli hisobga olinishi zarur, deb o‘ylayman.
Avvalo melioratsiya so‘ziga to‘xtalib o‘tsak, Melioratsiya so‘zi lotincha “melioraio — yaxshilash” degan ma’noni bildiradi. Qishloq xo‘jaligi melioratsiyasi — yerlarning unumdorligini tubdan yaxshilashga qaratilgan tashkiliy xo‘jalik, muhandislik va agrotexnik tadbirlar turkumi. Melioratsiya tabiiy sharoitlar (tuproq, gidrologik, iqlimiy va boshqalar) majmuini kerakli yo‘nalishda o‘zgartirish; tuproqda ekinlarni yetishtirish uchun qulay bo‘lgan suv, havo, harorat va oziq rejimini, atmosferaning yer yuzasiga yaqin qatlamida havoning harorati va harakatini o‘zgartirish imkoniyatini beradi. Men bu tadqiqot ishimning dastlabki bobini Amudaryo deltasi havzasining tabiiy geografik tavsifi deb nomlaganman.
Avvalo Amudaryo deltasiga to‘xtalib o‘tsak, Amudaryo deltasi janubiy Orol bo‘yidagi del’ta hisoblanadi. U g‘arbda Ustyurt platosi, shimolida Orol dengizining 1961-yil gacha bo‘lgan qirg‘oq chiziqlari, sharqda shimoli-g‘arbiy Qizilqum, Beltov balandligining g‘arbiy va janubi-g‘arbiy etaklari, Oqchadaryo deltasining shimoli-g‘arbiy chekkalari, janubi-sharqda Qizilqum, janubida Sariqamish bo‘yi deltasiga chegaradosh. Delta janubda Taxiatosh darasi yaqinida hozirgi Taxiatosh GESi hududidan boshlanib, shimolda Orol dengizining janubiy sohillari bilan chegaradosh. Taxiatosh tangligidan shimoli g‘arbga qarab Amudaryoning hozirgi zamon deltasi boshlanadi. Delta bu qismda kengayadi (140—150 km) va pasayib, mutlaq balandligi 60 — 95 m ga tushib qoladi. Amudaryo deltasining maydoni Orol suv sathining pasayishi hisobiga kengayib bormoqda. Amudaryo deltasi landshaft hosil qiluvchi tabiiy omillarning hozirgi holati, Tabiiy komplekslar strukturasi va deltada irrigatsiyaning rivojlanishi haqida yozilgan ilmiy ishlar, dissertatsiyalar, monografiyalar va boshqa qo‘shimcha adabiyotlar bilan tanishib, tahlil qilib ilmiy tadqiqot ishimda foydalanib kelmoqdaman.
Ishimning keyingi bobida Amudaryo deltasi tabiiy komplekslarini inson xo‘jalik faoliyati ta’sirida o‘zgarishini o‘rganib tahlil qilayapmiz va buni 3 ta guruhga bo‘lib o‘rganayapmiz. Bular: XX asrning 1960-1990 yillar, 1990-2020 yillar hamda 2020 yil va undan keyingi davrda tabiiy komplekslarning holati va meliorativ ahvoli haqida ma’lumotlarni olib tahlil qilib chiqayapman. Tahlil qilib chiqqanimizdan so‘ng esa Amudaryo deltasi tabiiy komplekslarining meliorativ ahvolini yaxshilash masalalari bo‘yicha taklif va tavfsiyalar ishlab chiqiladi.
O‘zbekistonda, shu jumladan, Amudaryo deltasida yerlarni melioratsiyalashning asosiy vazifalari - tuproq sho‘rlanishi va botqoqlanishini oldini olish va bu jarayonlarga qarshi kurashish, quruq yerlarni o‘zlashtirish, suv va shamol eroziyasiga qarshi kurashish, yerlarni rekultivatsiyalash, tuproqning zichlanishi va gumus miqdorining kamayishini (degumifikatsiyasini) oldini olish, tuproq ifloslanishiga, sahrolanishiga va boshqa salbiy jarayonlarga qarshi kurashish bosh maqsad hisoblanadi. Meliorativ chora-tadbirlar tizimlari har hil tabiiy sharoitdagi mintaqalar uchun turlicha bo‘lib, bu tadbirlarni ishlab chiqish tuproqlarning paydo bo‘lishi (genezisi) va ularning xossalari to‘g‘risidagi chuqur bilimga ega bo‘lishni taqozo etadi. Irrigatsion tizimlardan foydalanish me’yorlarining buzilishiga, ularni foydali ish koeffitsientlarining pasayishiga, hamda behuda suv sarflanishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda sizot suvlari sathining ko‘tarilishi va mineralizatsiya darajasining ortishi oqibatida fasliy sho‘rlanish asta-sekin «doimiy dog‘li» ko‘rinishga o‘ta boshlaydi. Doimiy dog‘li ikkilamchi sho‘rlanish esa ekinlarda olachiporlik sodir etib, madaniy ekinlarni normal o‘sish va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani xolda olinadigan hosilning miqdor va sifatini keskin pasayishiga olib keladi. Albatta dissertatsiyamning keyingi bobi shu masalalar asosida olib boriladi. Bunda biz so‘g‘oriladigan yerlarning landshaft meliorativ holatini yaxshilashning geografik asoslariga, so‘g‘orma yerlarni tiplarga bo‘lish, tabiiy komplekslarning kadastirini tuzish va amalda qo‘llash ishlari hamda Amudaryo deltasidagi tabiiy meliorativ jihatdan yerlarni yaxshilash maqsadida rayonlashtirishga e’tibor qaratamiz.
Ilmiy tadqiqot ob’ektimni borib ko‘rish va qo‘shimcha ma’lumotlar to‘plash maqsadida O‘zR FA Seysmologiya ilmiy tadqiqot instituti hamda O‘zR FA Qoraqalpoq tabiiy fanlar bo‘limi bilan hamkorlikda 2022 yil 22 maydan 30 maygacha dala tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun Orol dengizi qurigan qismi va Amudaryo deltasiga ekspeditsiyaga chiqib keldik. Ekspeditsiya davomida bizlar Mo‘ynoq tumanida yashab kelayotgan mahalliy aholi vakillari bilan Orol dengizining qurigan joylaridan uchib kelayotgan qum, tuz va chang bo‘ronlari, qancha vaqtda takrorlanib turishi hamda ularnig mahalliy aholi salomatligiga ta’siri mavzularida suhbatlar o‘tkazilib, o‘zimizga kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Orol dengizining qurigan joylaridan hamda Amudaryo deltasi yerlaridan 50-80 sm chuqurlikda chuqurchalar qazib tuproq qatlamlaridan namunalar olib keldik. Olingan na’munalarni tekshirish uchun Seysmologiya tadqiqot institutiga yubordik. Olib borilgan tadqiqot natijalaridan ilmiy ishlarimizda foydalanamiz.
Bugungi kungacha ilmiy tadqiqot ishim bo‘yicha Respublika va xorijiy ilmiy jurnallar va konferensiyalarda 10 dan ortiq maqolalar chop etganmiz.
Elyor Fayziev,
Samarqand davlat universiteti doktoranti.
Ilmiy rahbari - O‘z FA Seysmologiya ilmiy tadqiqot instituti direktori, professor Vahob Rafiqov.