Samarqand davlat universitetida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

    Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Senator, Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi Rustam Xolmurodov SamDU professor-o‘qituvchilari va olimlari bilan mazkur mavzuga oid takliflarni muhokama qildi.

    Qonun loyihasi muhokamasida har bir ziyoli faol ishtirok etishi zarurligi alohida ta’kidlanib, keyingi yillarda ta’lim tizimida yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha fikr bildirildi.

    - So‘nggi yillarda mamlakatning taraqqiyoti vektori shu qadar o‘zgardiki, davrning o‘zi 30 yil avval, qabul qilingan Konstitutsiyaga tuzatishlar va o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etmoqda, - deydi SamDU rektori Rustam Xolmurodov. - Qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgan kundan boshlab, bir qator masalalar, jumladan, inson qadrini ulug‘lash, sud-huquq tizimini isloh qilish, ta’lim sifatini nazorat qilish va tomonlarning huquq va erkinliklarini mustahkamlash masalasiga doir takliflar kelib tushgan. Taklif va murojaatlardan kelib chiqib, Qomusimizning tegishli moddalariga o‘zgartirish kiritish fikri ilgari surilmoqda. Birgina 41-moddaning o‘ziga o‘nga yaqin bandlar qo‘shilishi belgilangan. Pedagog xodimlarning huquqlari, sha’ni va obro‘-e’tibori davlat tomonidan himoya qilinishi, ularning kasbiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek, xizmat majburiyatlarini bajarishga monelik qilishga yo‘l qo‘yilmasligi alohida belgilab qo‘yildi. O‘zbekistonning Yangi Konstitutsiyasi mamlakatda harakatda bo‘lishi lozim bo‘lgan milliy g‘oya tamoyillirini ta’minlaydigan hamjihatlik namunasiga aylanmoqda.

    Qayd etish joizki, Konstitutsiyada mavjud 128 moddaning 66 tasiga jami 200 dan ortiq o‘zgartirish kiritilishi taklif etilgan. Mazkur o‘zgartirishlar sud-huquq tizimi, saylov qonunchiligi, prezidentlik lavozimi vakolatlari, Oliy Majlis qonunchiligi, siyosiy huquqlar bo‘yicha boblarga tuzatishlar kiritilishini ko‘zda tutadi.

    - Amaldagi Konstitutsiyamiz 30 yil davomida xalqimizga xizmat qildi, - deydi filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimov. - Qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgan kundan boshlab, 66 mingdan ziyod taklif va murojaatlar kelib tushgan. Bu xalqimizning Vatan taqdiri va kelajagiga befarq emasligining o‘ziga xos dalilidir. Bu o‘zgarishlarga ziyolilar albatta, munosabat bildirishi kerak. Bizning vazifamiz mazkur yangiliklarni xalqqa yetkazishimiz. Bu borada har bir ziyoli, ilm ahllari faollik ko‘rsatishi lozim.

    - Qonun loyihasining muhokamaga qo‘yigan yangi ko‘rinishida ayollar va xotin-qizlar masalasiga bo‘lgan e’tibor meni juda quvontirdi, - deydi professor Mahkamoy Tursunova. - Taklif qilinayotgan o‘zgartirishlarda xotin-qizlarga beriladigan qo‘shimcha imtiyozlar, yangidan-yangi imkoniyatlar o‘z aksini topgan. Bu islohot jamiyatda ayollarning o‘rnini mustahkamlashda muhim qadam bo‘lishi, shubhasiz.

Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.