O‘zbekistondagi talaba-yoshlar kelajakda taraqqiyot va o‘sish uchun ko‘proq nimalarga e’tibor berishlari lozim?

Hindistonning Hisoblash fanlari va muhandislik maktabi, Galgotias universiteti professori Munish Sabharval bilan suhbat
- Samarqand davlat universiteti haqida nimalarni bilasiz? Nega aynan bizning universitetimizni tanladingiz?
- SamDU professori Muxtor Nosirovning Hindistonga tashrifi chog‘ida Samarqand davlat universiteti haqida eshitdim va u meni 2018-yilda SamDUga sun’iy intellekt bo‘yicha ikki haftalik professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish dasturida ishtirok etish uchun taklif qildi. Ana o‘sha vaqtdan buyon Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakulteti professor-o‘qituvchilari menga qadrdon bo‘lib qoldi.
- Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakulteti bilan hamkorlik qanday davom etmoqda?
- Biz fakultet professor-o’qituvchilari bilan birgalikda “Hindiston-Oʻzbekiston taʼlim boʻyicha hamkorlik guruhi”ni tashkil qildik. Fakultet bilan aloqalarim shu guruh yordamida shakllandi, xususan, professor Muxtor Nosirov, professor Akmal Axatov, Shahzod Suvonov, Ibodulla Ximmatov, Fayzulla Nazarov bilan aloqalarim mustahkamlandi. Tashrifdan keyingi davr mobaynida men Samarqand davlat universitetining raqamli texnologiyalar fakultetiga tashrif buyuruvchi professor etib tayinlandim. Shuningdek, Shahzod Suvonov va Ibodulla Ximmatovga xorijiy ilmiy maslahatchi bo’ldim.
O‘zaro hamkorlikdagi tadqiqot yo‘nalishida professor Akmal Axatov, Shahzod Suvonov, Ibodulla Ximmatov, Fayzulla Nazarov bilan bir qatorda ilmiy maqolalar, kitoblar, konferensiya ma’ruzalari chop etilgan.
Masalan, biz Shahzod Suvonov bilan IET (Institutions of Engineering and Technology) tomonidan nashr etilgan “Elektron sog‘liqni saqlash tizimlarida sun’iy intellektning qo‘llash” kitobini yakunladik, u Amazon’da 2022-yil 15-iyuldan 115 funt sterling narxida sotuvga chiqadi.
Yoki Buyuk Britaniyaning IOP Publishers nashriyoti tomonidan professor Akmal Axatov va Fayzulla Nazarov ishtirokida chop etilayotgan “Masofaviy ta’lim texnologiyalari” kitobini yakunlash arafasidamiz.
Shuningdek Shahzod Suvonov bilan ikkita SCOPUS indeksli maqola chop etdik va bitta SCI indeksli “Neyron tarmoqlar yordamida yurak xastaliklarini bashorat qilish” nomli maqolamiz tahrir ostida turibdi.
Men Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilarini Hindistondagi universitetimga ishga taklif qilgan edim. Shahzod Suvanov va Ibodulla Ximmatov 4 hafta davomida u yerda faoliyat olib bordi. Samarqand davlat universitetining Shahboz Savriyev kabi bir qancha talabalarga tavsiya maktublari berib, dunyoning bir necha universitetlariga, xususan, Yaponiya, Germaniya, AQSH oliy ta’lim muassasalarida taʼlim olish uchun maslahat berdim.
Bunyod Eshtemirovga esa 8 haftalik amaliyot uchun Hindistonga tashrif buyurishni taklif qildim.
Xususan, tashrifim davomida Samarqand davlat universiteti olimlari uchun magistrlik va nomzodlik dissertatsiyasini baholashda ham qatnashdim.
- O‘zbekistonning hozirgi yoshlarida qanday o’zgarishlarni ko’ryapsiz?
- Men Samarqandda ham, Toshkentda ham o‘zbek yoshlari bilan uchrashganimda ijobiy o‘zgarishlarni ko‘raman. Ularda, ayniqsa, shu jamiyat uchun, mamlakat uchun biror narsaga erishish va uni amalga oshirish istagini ko‘raman.
- O‘zbekistondagi talaba-yoshlarning kelajakdagi taraqqiyoti va o‘sishi uchun qanday tavsiyalar bera olasiz?
- O‘zbekistonda yoshlar global miqyosda raqobatlasha olishlari va texnologiya nuqtai nazaridan yaxshi bilimga ega bo’lishlari uchun mening kuzatuvlarim asosida quyidagicha tavsiyalarni bergan bo’lardim:
Birinchidan, Oʻzbekiston talabalari ingliz tili boʻyicha bilimlari ustida ishlashlari zarur va ular IELTS imtihonidan kamida 7.0 ballga ega boʻlishlari kerak.
Ikkinchidan, ular sun'iy intellekt, mashinali o'rganish, kiberxavfsizlik, grafika va o'yinlar, bulutli hisoblash, kengaytirilgan va virtual haqiqat, yuqori unumdorlikdagi hisoblashlar kabi ilg'or texnologiyalarda ishlayotgan IT ko'nikmalarini oshirishlari kerak.
Uchinchidan, ular sanoat jarayonlarini avtomatlashtirishni o'rganishlari kerak.
Xususan, universitet va umuman hukumat keyingi uch-besh yil davomida yuqoridagi uchta kuzatish ustida ishlasa, yaqin kelajakda biz ajoyib o'zgarishlarni ko'rishimiz mumkin. Chunki yoshlar muvaffaqiyatga ishtiyoqli va chanqoq. Bu aslida asosiy harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi.
- Bu safargi tashrifingiz davomida nimalar qilmoqchisiz?
- Joriy tashrifim davomida men AI va IoT boʻyicha Hindiston-Oʻzbekiston qoʻshma malaka oshirish markazini (Galgotias universiteti, Hindiston va Samarqand davlat universiteti, Oʻzbekiston) ochish va amaliyotga joriy etish niyatidaman.
Shuningdek, Hindistonning Buyuk Noida shahridagi Galgotias universitetidan yetti nafar professor va Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakultetidan yetti nafar professor-o‘qituvchilardan iborat bo‘lgan professorlar konsorsiumini tuzish niyatidaman. Ular ilg'or texnologiyalar sohalari va konferensiya ma’ruzalari, ilmiy maqolalar, kitoblar hamda kitob bo'limlari va boshqalarni nashr etadi.
Men raqamli texnologiyalar fakulteti professor-o'qituvchilari uchun sun'iy intellekt bo'yicha ma’ruzalar olib boraman.
Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakultetining barcha professor-o‘qituvchilarini IEEE, ACM, SPIDER va boshqalar kabi professional tashkilotlarga a’zo qilishlari, ularga SCIE, SCI, ESCI tadqiqot indekslari haqida bilim olishlariga yordam beraman. Ularga SCOPUS, Research Gate, Publons, Orcid ID va boshqalar kabi platformalar orqali dunyo tadqiqot jamoatchiligi bilan bog'lanish bo'yicha maslahatlar beraman.
- O‘zbekiston uchun kelajakdagi rejalaringiz qanday?
- Men Hindistondagi universitetim Galgotias universiteti bilan hamkorlikda professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi dasturlarini boshlash va ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikdagi tadqiqotlarni yanada mustahkamlash niyatidaman. Bundan tashqari, men ta’kidlagan tavsiyalarni, universitet qaysi yo‘l bilan qilishni afzal ko‘rsa, uni amalga oshirishga o’zimning hissani qo‘shishim mumkin.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.