Samarqand davlat universiteti organik sintez va bioorganik kimyo kafedrasida respublikamizdagi “UzKorGas Chemical” qo‘shma korxonasi kimyoviy chiqindilari asosida yuqori spirtlar olish texnologiyasini ishlab chiqish borasida tadqiqotlar olib borilmoqda. Ushbu tadqiqotlar kimyoviy chiqindilar tarkibida mavjud oktan, dekan hamda boshqa yuqori alkanlarni havo kislorodi ishtirokida katalitik oksidlashni o‘z ichiga oladi. Tadqiqotda katalizatorlarning olinish sharoiti va ularni turli usullar bilan qayta ishlash, immobillash usulining havo kislorodi bilan katalitik oksidlash orqali maqsadli spirtlar olish jarayoniga ta’siri baholanadi.

    Kimyo fakulteti magistri Feruza Fayziyeva “Gaz kimyoviy komplekslarning ikkilamchi mahsulotlariga asoslangan dekanol sintezi” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Mazkur mavzuga oid 10 ga yaqin maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan. Ilmiy rahbari organik sintez va bioorganik kimyo kafedrasi mudiri, dotsenti Sanjar Tillayev.

    – So‘nggi yillarda dunyo bo‘yicha tabiiy va sintetik va yuqori zanjirli yog‘ spirtlari ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga oshib bormoqda, - deydi Feruza Fayziyeva. - Uning yarmi tabiiy xomashyolar asosida, qolgan yarmi esa neft-kimyoviy sintez asosida ishlab chiqarilmoqda. Usulning afzalligi shundaki, texnologik sxemaning oddiyligi, ko‘p tonnali ishlab chiqarish uchun xomashyoning arzonligi sanoat uchun qulay. Shuningdek, spirtlarning borat efirlari gidrolizi va tozalash jarayonida ko‘p miqdorda suv sarflanishi asosiy kamchiliklardan hisoblanadi.

    Tadqiqotdan maqsad dunyoda dekanol sintezi bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishlarini o‘rganish hamda mahalliy xomashyolar - tabiiy gaz va uni qayta ishlashdan olingan sintez gazdan dekanol olish usullarini tadqiq etishdir. Bunda dekanol olish uchun optimal sharoitlarni tanlash, dekanol olishning texnologik sxemasi, texnologik rejimi va reglamentini ishlab chiqish, ishlab chiqilgan texnologiyani laboratoriya sharoitida sinovlardan o‘tkazish muhim hisoblanadi.

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.